Shved prokurori: "Jukovskiyga qarshi qat‘iy dalillarimiz bor"

Image copyright none

Shvetsiyada taniqli o‘zbek imomi Obidxon Qori Nazarov joniga suiqasd urinishi yuzasidan olib borilayotgan tergov jarayoni oxiriga yetmoqda.

Prokuror Krister Petersonning aytishicha, mahkama noyabr oyi oxirlarida boshlanishi mumkin.

Suiqasd urinishini amlaga oshirishda gumon qilinayotgan shaxs, O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiy shu yil avgust oyi oxirida Rossiyadan ekstraditsiya qilingandi.

Suiqasd urinishi 2012 yil 22 fevral kuni Obidxon qori Nazarov o‘z uyi yo‘lagida peshin namoziga ketayotgan vaqti amalga oshirilgan.

Prokuror Krister Peterson BBC O‘zbek xizmati bilan tergov tafsilotlarini o‘rtoqlashdi.

Krister Peterson: Bugun Jukovskiy ishi bo‘yicha navbatdagi mahkama tinglovida uni hibs ostida ushlab turish va tergov ishini yakunlash uchun yana 2 hafta muxlat berildi. Biz tergov jarayonining oxiriga yetib qoldik. Jukovskiy bilan yana ba‘zi suhbatlarni o‘tkazgandan so‘ng men unga qarshi ayblovlarni ilgari surib, ishni mahkamga oshirishga tayyor bo‘laman. Umidim shuki, uning ustidan mahkama jarayoni noyabr oxiri, dekabr boshlarida boshlanadi.

BBC: Jukovskiyning Shvetsiyaga ekstraditsiya qilingan vaqtdan beri ikki oydan oshiqroq vaqtda tergov qanday ma‘lumotlarga ega bo‘ldi?

Krister Peterson: Mening fikrimcha tergov tomonida anchayin qat‘iy dalillar bor. Qo‘limizda texnik dalillar, uning kimlar bilan gaplashgani ro‘yxati, jinoyat yeridan topilgan ryukzak va quroldagi DNK ma‘lumotlarini tekshirib ko‘rdik. Bu dalillar anchayin qat‘iy deb hisoblayman.

BBC: DNK tekshiruvlari qanday natija berdi, uning DNKsi jinoyat yeridan topilgan ryukzak va quroldagi DNKga to‘g‘ri kelganmi?

Krister Peterson: Biz avval ham bilgan edikki, jinoyat sodir etilgan shaharchadagi ijarga olingan xonada yashagan shaxs qoldirgan DNK ma‘lumotlari jinoyat yerida qoldirilgan ryukzakdagi DNKga mos edi. Jukovskiy Shvetsiyaga yetib kelganidan keyin undan DNKsi olib tekshirilganda o‘sha ijardagi xona va ryukzakda qoldirilgan DNKga mos tushdi. Obid qoriga suiqasd urunishida ishlatilgan quroldan DNK ma‘lumoti topilmagan, lekin bu qurol o‘sha ryukzak ichida edi.

BBC: Jukovskiy telefon orqali bog‘langan shaxslarni ham aniqladik dedingiz, ular kimlar ekan?

Krister Peterson: Ular bu ish bilan bog‘liq mahkamaga tortilgan, lekin oqlangan ikki shaxs va Shvetsiyadagi yana bir shaxs bilan bog‘langan. Biz uni ham so‘roq qildik. U shuningdek Moskvadagi bir raqam va O‘zbekistondagi 2-3 kishi bilan ham bog‘langan. Lekin ular kimlar, turmush o‘rtog‘imi yoki boshqasi, biz bilmaymiz. Chunki O‘zbekiston tomoniga bu borada yuborgan qator so‘rovnomalarimizning hammasi javobsiz qolgan. Dastlabki so‘rovni 2013 yilning fevral oyida jo‘natgandim. 2013 yil iyun oyida O‘zbekiston tomonidan bu so‘rovlarni qaysi qonunuiy asosda yuborayotganim haqida maktub keldi. Bu maktubni Olmoniyadagi elchixonaga yuborishgan, elchixona Shvetsiya Tashqi Ishlar vazirligiga oshirgan va vazirlik menga. Ishonishimcha, maktub O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan yuborilgandi. Men hamma qonuniy asoslarni ochiqlab, ularga javob yozdim. Shundan so‘ng qayta-qayta yuborgan so‘rovnomalarimga umuman hech qanday javob bo‘lmadi.

BBC: Demak O‘zbekiston tomoni tergov jarayoni ochilgani haqida bilishgan, ilk savollarni berib buni aniqlashtirishgan va shundan so‘ng yo qiziqishni yo‘qotishgan, yo o‘zlarini uzoq tutishga qaror berishgan?

Krister Peterson: Men hatto O‘zbekiston uchun mas‘ul Shvetsiya elchisidan ikki marotaba bu masalani ko‘tarishni so‘radim, u mening iltimosimni bajargan, lekin baribir biron javob olmagan. Mana shu holat menda suiqasd urunishini amalga oshirgan shaxs O‘zbekiston tomonidan yuborilganligi haqidagi shubha-gumonlarga yetaklamoqda.

BBC: Jukovskiyning o‘zi DNK va boshqa dalillarni qanday tushintiryapti? Voqealarning o‘z talqini bormi unda?

Krister Peterson: Qisqa javob shuki, u hech qanday izoh berayotgani yo‘q. Faqatgina aybini rad etmoqda. Lekin mening fikrimcha, unga qarshi dalillar anchayin qat‘iy.

BBC: Tergov jarayonida muttasil ravishda uning himoyachisi bormi?

Krister Peterson: Ha, Shvetsiya qonunlariga muvofiq birovga nisbatan jinoiy ish ochilishi bilan mahkama tomonidan unga himoyachi tayinlanadi. Jukovskiyning o‘zi boshqa biron himoyachini yollash istagini bildirmagan. Noyabr oyi boshlarida men tergov jarayonini oxiriga yetkazib, mahkamaga topshiraman, keyin Jukovskiy va uning himoyachisiga tergov xulosasi bilan tanishib chiqish uchun vaqt beriladi va ular mahkamaga tayyor ekanliklarini ma‘lum qilishlari bilan mahkama jarayoni boshlanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio