Bolqon davlatlari qochqinlarga eshik yopish bilan tahdid qildi

Image copyright Reuters

Bolqon mamlakatlari muhojirlar uchun o‘z chegaralarini yopishlari ehtimoli haqida aytishgan.

Bulg‘oristonga ko‘ra, qochqinlar ko‘zlagan manzil - shimol davlatlari o‘z eshiklarini yopadigan bo‘lsa, uning davlati, Ruminiya va Serbiya kerakli choralarga qo‘l urishga majbur bo‘ladi.

Bosh vazir Boyko Borisov: "Biz tayyor turibmiz, agar Olmoniya va Avstriya chegaralarini yopadigan bo‘lsa, biz o‘z mamlakatimizning bufer hududiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz chegaralarni yopishga shaymiz", deb aytgan.

Mazkur tahdid Bolqon davlatlari va Ovro‘po Ittifoqi a‘zolari o‘rtasidagi muzokaralar ortidan kuzatilmoqda.

Sloveniya Prezidentiga ko‘ra, agar muammoga yechim topilmasa, uning mamlakati o‘zicha qaror olishiga to‘g‘ri keladi.

Borut Paxorganing so‘zlari ham janob Borisovning izohlariga o‘xshash yangragan. Unga ko‘ra, agar Olmoniya va Avstriya qochqinlarni qabul qilishni istamasa, Sloveniya "qochqinlar qolib ketishlari mumkin bo‘lgan cho‘ntakka aylanishni" istamaydi.

Bosh vazir Miro Tserar bundan oldinroq Xorvatiya bilan chegarasini panjara bilan o‘rash qaroridan qaytishni istamagandi.

Xalqaro Muhojirlik Tashkilotiga ko‘ra, o‘tgan hafta davomida Yunonistonga kuniga 9,000dan ortiq qochqin bosh urgan. Bu joriy yilgi eng yuqori raqamdir.

Aksar muhojirlar, jumladan, Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi ixtiloflardan qochgan insonlar Olmoniyaga yetib olish va boshpana so‘rashni xohlaydilar.

Olmoniya joriy yil 800,000 qochqin qabul qilishi kutilmoqda. Muhojirlarning shimol tomoni oqimiga Ovro‘po janubi va sharqidan o‘tish mushkul kechmoqda. Sharqiy Ovro‘po davlatlari ko‘plari yangi kelayotganlarni qabul qilish uchun zaharalari yo‘qligini aytishadi.

Ayniqsa, Serbiya va Xorvatiya bilan chegarasini yopayotgan Vengriyaga kelganda mushkulotlar yana ortgan. Muhojirlar shimolga yetib olish uchun o‘zga yo‘llarni tanlashlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Bir hafta ichida Sloveniyaga 58,000 kishi kelgan. Ko‘plar yo‘llarini davom ettish uchun sovuqda va yomg‘ir ostida kutib qolishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq