Muhojirlarga qo‘shimcha 100 ming o‘rin

Yunonistonga o‘tgan hafta har kuni 9 ming muhojir kirib kelgan Image copyright AP
Image caption Yunonistonga o‘tgan hafta har kuni 9 ming muhojir kirib kelgan

Ovro‘po yetakchilari Bryusselda o‘tgan favqulotda yig‘ilish davomida qochqinlarni qabul qiluvchi markazlarda qo‘shimcha 100 ming o‘rin yaratishga kelishib olgan. Rasmiylar muhojirlarning shimolga intilishiga barham bermoqchi.

Ovro‘po Ittifoqining 11 a‘zosi va ittifoqqa a‘zo bo‘lmagan yana 3 davlat rahbarlari ko‘payib borayotgan muhojirlar oqimini qanday uddalash borasida muzokaralar olib borgan.

Yunonistonga o‘tgan haftada har kuni 9 ming muhojir kirib kelgan. Bu yil davomida eng yuqori ko‘rsatgich bo‘lib turibdi.

Kelishuvga ko‘ra Yunoniston yil oxiriga qadar 30 ming muhojirga mo‘ljallangan qabul qilish markazlari barpo qilishi kerak.

BMTning Qochqinlar bilan ishlash oliy komissarligi bu vaqt davomida yana 20 ming kishini boshpana bilan ta‘minlaydi.

Ko‘plab muhojirlar uchun Olmoniya va Skandinaviya davlatlariga o‘tish yo‘li bo‘lib qolgan Bolqon davlatlarida 50 ming kishiga mo‘ljallangan qo‘shimcha markazlar ochiladi.

Bundan tashqari davlat rahbarlari:

qochib kelayotganlar bilan yuzma yuz qolayotgan Sloveniyaga ko‘mak uchun 400 politsiya xodimi yuborishga

qo‘shni davlatni ogohlantirmasdan uning chegaralariga yo‘nalayotgan muhojirlarni qaytarish

boshqa davlat va vakolatli organlarga muhojirlarning soni borasida ma‘lumot yetkazib turuvchi mas‘ul shaxsni tayinlashga kelishib olgan.

"Bu Ovro‘po duch kelgan eng jiddiy sinovdir", - degan Olmoniya kantsleri Angela Merkel.

Muhojirlar yo‘li ustida joylashgan Bolqondagi kichik davlatlar odamlarning ko‘pligidan zahiralari tugab borayotganini aytishgan.

Vengriya Serbiya va Xorvatiya bilan chegaralarini yopganidan so‘ng, shimolga muqobil yo‘llarni izlayotgan muhojirlar bir joyga to‘planib qolgan.

Hukumat ularni jamloqlarga yuborishga yoki keyingi chegaragacha yetkazib qo‘yishda ko‘maklashgan.

Muzokaralardan oldin Xorvatiya Bosh vaziri Zoran Milanovich muhojirlar harakatini to‘xtatish talabini inkor qilib chiqqan.

"Bu mumkin emas, uni yozgan odam nimaning qanday ishlashini tushunmaydigan va oylab uxlab endi turgan odamga o‘xshaydi", - degan u.

"Odamlarning mamlakatlarni oralab o‘tib ketishi to‘xtatilishi kerak va bu narsa endi barham topadi", - degan sammitdan so‘ng Ovro‘po Komissiyasi prezidenti Jan Klaud Junker.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq