Turkiya o‘z zaminida "ID jangarilari" bilan to‘qnashdi

Image copyright AP

Turkiya janubi-sharqidagi otishmada ikki politsiyachi va Islomiy Davlat guruhiga a‘zoligi gumon qilinayotgan yetti jangari halok bo‘lishgan. Bu haqida Turkiya xavfsizlik kuchlari ma‘lumot tarqatdi.

Politsiya tongda Diyorbakir shahrida jangarilar yashiringani ishonilgan uylarda reyd o‘tkazayotgan edi.

Bu oy poytaxt Anqarada 100dan oshiq kishini o‘ldirgan ikki portlashda ID ayblanar ekan, Turkiya hukumati IDga qarshi amaliyotlarni kuchaytirgan.

Xabarlarga ko‘ra, asosan kurdlar yashovchi Diyorbakirdagi to‘qnashuvlar davom etmoqda.

AFP xabar agentligiga ko‘ra, Turkiya qo‘shni Suriyadagi ID nuqtalarini o‘tgan iyul oyida nishonga olishni boshlaganidan beri bu Turkiya zaminidagi ID bilan ilk to‘qnashuvdir.

Image copyright AFP

Diyobakirdagi reyd chog‘ida jangarilar politsiyaga qarshi birinchi bo‘lib o‘t ochishgani aytiladi.

Davlatga tegishli Anado‘lu xabar agentligi yozishicha, jangarilar uy atrofiga o‘rnatgan bomba portlab ikki politsiyachini o‘ldirgan. To‘rt politsiyachi jarohat olishgan.

Do‘g‘an agentligi yetti jangari o‘ldirilgani va uch nafari hibsga olinganini xabar qilmoqda.

Turkiyada umumxalq saylovlarga olti kun qolar ekan, asablar taranglashgan.

Bosh Vazir Ahmat Dovuto‘g‘lu 10 oktyabrda poytaxtda yuz bergan portlashlarda IDni ayblab, bu hujum 1 noyabrda bo‘ladigan saylovlarni izdan chiqarishni maqsad qilganini aytgan.

Ammo, tanqidchilar turk hukumati IDni aybdor deb ko‘rsatib, portlash uchun ma‘sul bo‘lgan hukumat ichidagi unsurlarni yashirayotganini aytadilar.

Portlashlarda halok bo‘lganlarning aksari kurdparast HDP partiyasining faollari edilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio