"Dollar, 10 mingga kirib o‘lib ketgin"

Image copyright Getty

O‘tgan hafta ko‘pchilikning og‘zida shov-shuv bo‘lib 6 minglik dovonni zabt etgan dollarning bu hafta sal hovuri bosilgandek. Shu kecha-kunduzda 1 AQSh dollari erkin bozorda 5700 so‘mdan sotilmoqda.

Dollar narxi 6000 so‘m marrasini zabt etishini qarshi olgan o‘zbekistonliklar bu safargi "dollar bozori o‘yinlari"ni ham tanqid bilan qarshi olishdi.

Keyingi paytlarda o‘zbekistonlik orasida tanilib qolgan dollaruz.com sayti foydalanuvchilar ko‘pligidan ma‘lum muddatga ishdan chiqib qolib faoliyatini yuritmoqda. Ushbu saytda bir qancha izohlar qoldirilgan. Ayrim izohlar tahrirsiz berilmoqda.

hard_1 nomi ostida quyidagi izoh qoldirilgan: "Bu ketishi yaxshi emas, narx-navo osmon bo‘ladi".

Dss shunday degan: "Nafas omasdan oshyaptimi? E o‘sha oshirganni ...".

Stalin nomi bilan izoh qoldirgan faol yilning oxirigacha dollar narxi 6,000 so‘mdan oshishini ta‘kidlagan. "Dollar 32 rubl bo‘lganida, bizda 3,000 so‘m edi... Endi hisoblab ko‘ring. Bilib qo‘ying, u vaqtda bizning gastarbayterlar u yerda (Rossiyada) ancha-muncha edi".

Boss original shunday qo‘shimcha qilgan: "ikki barobar, judayam farqi katta davlat kursi bilan ko‘chada".

Faollar orasida sabrga chaqirganlar bor. boymurod - "Hammelaga sabr tiliman. Dollarni o‘ylab siqilmanglar, yashashda davom etinglar".

Bu vaziyatda tushinchasi yo‘qlardan birining izohi: "Xech tushunmayapman, valyutchiklar qanaqa qilib foyda topadi, dollar oshishidan. Bir ikkita valyutchiklar bilan gaplashsam vobshcheye ezvordi, dollar oshishi, ishlab bo‘mayapti deyishadi. Kimga ishonish kerak. Tushunadiganlar tushintirib berilar".

Muhammad81 shikoyat haqida so‘z ochgan: "Hamma bir bo‘lib elektron portalga shikoyat yozsa yoki prezident nomiga xat tashalsa, o‘zgarish bo‘larmikin".

botya00 nomlik foydalanuvchi dollar oshishi bois savdoda baraka uchganidan noligan. "Kurs tez o‘zgarishi xisobiga savdoda baraka bo‘lmayapti", deb aytgan ushbu faol.

Hazil aralash, Mufazzalsho - "DOLLARjon seni ham baribir bir kun o‘ladigan kuning bordir..." deb qo‘shimcha qilgan.

"Amerikaga borib kamaz kamaz dollar olib kelish kerak", deb aytgan 4000.

antidollar dollarning "qora bozor" narxini kim belgilashini savol ostiga olgan. "Ko‘chadi narx qayerdan olishadi kim biladi... Va nima sabab bo‘ladi ko‘tarilishga...".

"Dollar oshib ketgani tengeni devalvatsiya bo‘lgani uchun bo‘layapti, menimcha yangi yilgacha 7,000ga borib to‘xtaydi, agar yuqoridagilar chora ko‘rishmasa", deya ogohlantirgan maston.

AQSh dollar narxi dushanbu kuni paslay boshlagan. Bu saytda o‘zbeklar dollar tushayotganini muxokama qilishgan.

Jumladan, Anvar3 shunday degan: "Xali tushadi yana, shunchaki kecha vaximada hamma dollar sotib oldi. Bugun endi 'ex adashibman' deb o‘tirishadi".

Umid bilan o‘z fikrini bildirgan Obid6793 mana buni qo‘shimcha qilgan: "Man ishonaman chto bizani o‘zbeklar shu dollariyam sindirishadi. Bu vaqtincha inshaollox, hammasi iziga tushadi xali, yuqoridagilar bunga bir narsalar o‘ylab qo‘yishgandir, davlatimiz bun ham xisobga olgan".

"Hamma yerda inqiroz, bizda esa o‘sish"

Qolaversa, o‘tgan hafta e‘lon qilingan to‘qqiz oylik davlat hisoboti ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ancha achchig‘ini keltirgan ko‘rinadi. Hisobotda Ichki Yalpi Mahsulot (IYaM)ning 8 foizga oshganligi kinoyalar bilan kinoyalar bilan kutib olingan.

Gazeta.uz websaytida e‘lon qilingan davlat xisobotiga quyidagi izohlar qoldirilgan. Rustam Normuradov - "Xo‘p yaxshi.. Qarshilik ko‘rsata olmaysan.. Mana savol. Nimaga biz dollarga bunchalik tobe‘miz? Dollar xamirturush solinganga o‘xshab oshmoqda. Import qilinayotgan tovarlar narxi oshdi. Biz o‘z tovarlarimizni eksport qilmaymizmi. Unda ular qayerga ketyapti".

Yalpi ichki maxsulotni to‘qqiz oyda sakkiz foiz oshganiga nisbatan, "Potrebitel plyus" Facebook guruhida Sergey Chernitsky shunday degan: "Shu ahamiyatga molikki... Hamma biladi buni yolg‘onligini...".

Mukhammadjon Yunusov shuni qo‘shimcha qilgan: "Hammayoqda bo‘xron, bizda esa o‘siiiiiish!!!! Bu biz yer sayyorasida emas, balki qanaqadir virtual dunyoda yashayotganimiz tufayli. U yerda esa xisobchilar fantaziyasiga qarab o‘z foydalariga hamma narsa qilishlari mumkin".

O‘tgan xafta yuqorilashni boshlagan AQSh dollarining hozirgi erkin bozordagi narxi 5,700 so‘mdan bo‘lib turibdi. O‘tgan haftada 6, 000 so‘mgacha chiqqan dollar kursi O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foylanuvchilari orasida quyidagi "tabrik"ning keng tarqalishiga sabab bo‘ldi.

"Dollar, men seni 6,000 yoshing bilan chin qalbimdan tabriklayman. Bunaqa yoshlarni ko‘pini ko‘rish nasib etsin. 10,000 ga kirib o‘lib ketgin".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq