Zilzila: Qutqaruv ishlari kengaytirildi

Image copyright AP

Dushanba kuni 7,5 ballik yer silkinishidan so‘ng katta talafot ko‘rgan Afg‘oniston va Pokistonda qutqaruv ishlari kuchaytirilgan.

Ko‘pchilik qismi pokistonlik bo‘lgan 360 dan ortiq odam halok bo‘lgani aytilmoqda, 2000 dan oshiq kishi jarohatlangan.

Zilzila qanday ta‘sir qilgani hamon mavhum qolayotgan olis tog‘ hududlariga qutqaruv guruhlari yuborilgan.

Yer qimirlashidan aziyat chekkan ayrim hududlarni nazorat qilayotgan Tolibon harakati, ko‘mak tashkilotlarini "insonparvarlik yordamini ushlab qolmaslik"ka chaqirgan.

Harakat voizining aytishicha, Tolibon jangarilari qurbonlarga yordam berish buyrug‘ini olgan.

Image copyright Reuters

Pokiston rasmiylarining aytishicha, zilzila zarbidan Qoraqo‘ram tog‘i cho‘qqilarida kamida ikki muzlik qulagan va bir nechtasi darz ketgan. Suv toshqini xavfi yuzaga kelgan.

Mintaqadagi ko‘p odamlar zilzilaning yangi to‘lqinidan qo‘rqqan holda tunni ochiq havoda o‘tkazgan. Tunda harorat minus darajaga tushib ketgan.

"Bizga oziq-ovqat va boshqa yordamlar yetishmayapti. To‘rt kun tinimsiz yomg‘ir yoqqanidan so‘ng havo harorati sovuq", - degan Afg‘onistonning Kunar viloyati politsiya boshlig‘i Adbul Habib Sayid Hil.

Seshanba kuni Afg‘oniston prezidenti ma‘muriyati twitter orqali nobud bo‘lganlar soni 115 va jarohat olganlar 538 kishiga yetganini yozdi. 7630 uy, 12 maktab va 17 masjid vayron bo‘lgan yoki jiddiy zararlangan.

Image copyright AP

Prezident Ashraf G‘ani televideniye orqali zilzila bo‘lgan hududlarda yashovchi aholini qutqaruv ishlariga yordam berishga chaqirgan.

Tohar viloyati markazi Toliqon shahrida zilzila vaqti maktabdan qochib chiqishga harakat qilgan qizlar o‘rtasida izdihom yuzaga kelgan. Taloto‘pda 12 o‘quvchi qiz nobud bo‘lgan.

Pokistonda kamida 248 kishi halok bo‘lgan va 1665 odam jarohat olgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq