Xorijdagilar uchun pasport olishda yengilliklar

Image copyright bbcuzbek

Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan yangi qarorga ko‘ra, xorijda vaqtinchalik konsullik ro‘yxatida turgan fuqarolar O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasalarida yangi pasport va chiqish vizasi olishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan "O‘zbekiston fuqarolarining O‘zbekiston hududidan chiqish va kirish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritilgan.

301 chi sonli qaroridan anglashilishicha, shu vaqtgacha pasport almashtirish uchun O‘zbekistonga borishiga to‘g‘ri kelgan fuqarolar endi bu tashvishdan qutiladi.

Qarorning 2 - modda 5 - bandiga kiritilgan o‘zgartirishda shunday deyiladi:

"Chet elga vaqtincha yashashga ketgan (xizmat safariga, o‘qish, davolanish va shartnoma bo‘yicha ishlash) hamda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasalarida vaqtinchalik konsullik ro‘yxatida turgan O‘zbekiston fuqarolarining pasport muddati tugaganligi munosabati bilan va pasportda viza, muhr bosish uchun sahifalar bitib qolganida, pasport yo‘qolgan va yaroqsiz holga kelganda, shuningdek, stiker rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasi va konsullik xizmatlariga pasport berish va xorijga chiqish uchun stiker rasmiylashtirish uchun belgilangan shaklda ariza bilan murojaat qilishi mumkin".

Chet elga chiqish tartibiga 2011 yil 7 iyulda kiritilgan o‘zgartirishlarda vaqtinchalik konsullik ro‘yxatida turgan fuqarolar haqida qo‘shimcha yo‘q.

BBC ushbu o‘zgartirishlarga izoh berishni so‘rab O‘zbekistonning G‘arbiy Ovro‘po davlatlaridagi konsullaridan biriga murojaat qildi.

Konsulning aytishicha, Vazirlar mahkamasi tamonidan qabul qilingan qarorning ishlash mexanizmi hali konsulliklarga taqdim qilinmagan.

Biroq unga ko‘ra, ushbu o‘zgartirish katta ehtimol bilan chet elda vaqtincha ro‘yxatda turuvchi O‘zbekistonnning barcha fuqarolarini qamrab olmaydi.

"Tushunishimcha, ushbu o‘zgartirish qavs ichida kelgan kategoriya vakillariga tegishli, ularning ichida vaqtinchalik ro‘yxatda turganlar ushbu imtiyozlardan foydalanadi. Lekin vazirlikdan aniq yo‘riqnoma kelmaguncha biror aniq fikr bildirish qiyin", - deydi u.

Chet elga olti oydan ko‘proq muddatga kelgan O‘zbekiston fuqarolari konsullik yoki diplomatik vakolatxonalarda vaqtinchalik ro‘yxatda turishlari kerak.

Shu vaqtgacha konsullikda vaqtincha ro‘yxatda turgan talabalar, Mehnat vazirligidan shartnoma asosida va xizmat safari bilan kelganlargina pasport almashtirish va chiqish vizasi olish uchun konsullik xizmatidan foydalanib kelishgan. Doimiy ro‘yxatda turuvchi fuqarolar pasportni konsullikdan olishgan, ularning chiqish vizasi olishi shart emas.

O‘z ishlari bilan kelgan va konsullikda vaqtinchalik ro‘yxatda turuvchi boshqa fuqarolar bunday imtiyozlardan foydalana olishmagan. Ular pasport va stiker olish uchun O‘zbekistonda doimiy propiskada turuvchi manziliga borishiga to‘g‘ri keladi.

Lekin yangi qarorda yozilishi bo‘yicha, ushbu tartib o‘zgaradi va qolgan toifalar ham kosunllikdan pasport hamda stiker olishlari mumkin bo‘ladi.

Biroq kuzatuvchilar O‘zbekistonda qaror va qonunlarni yozilganidek tushunmaslik kerakligini, asosan qonun osti aktlar va boshqa oshkor qilinmaydigan yo‘riqnomalar amal qilishini aytishadi.

22 oktyabrda qabul qilingan qarorda O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqish tartibi ham o‘zgartirilgan. Endi chiqish vizasiz O‘zbekistondan yoki viza talab etilmaydigan boshqa davlatlardan chet elga chiqqan fuqarolar eng kam ish haqining 200 dan 400 barobarigacha jarima to‘laydi.

Hujjatda shuningdek, xorijdagi O‘zbekiston fuqarosining chiqish vizasi muddati tugagan bo‘lsa javobgarlikka tortilmasligi aytilgan.

Norma.uz sayti huquqshunosi ushbu o‘zgartirishlarga shunday izoh bildirgan:

"Fuqaro O‘zbekistondan, misol uchun, biz bilan viza tartibi yo‘q Qozog‘istonga chiqish vizasiz ketdi, deylik. Bu holatda qonun buzilgani yo‘q. Lekin u borish uchun viza talab qiladigan Olmoniyaga tegishli stikersiz O‘zbekiston yoki Qozog‘iston orqali ketsa bu qonun buzilishi hisoblanadi va javobgarlikka tortiladi. Jinoiy kodeksning 1 chi qism 223 moddasi bo‘yicha eng kam ish haqining 200 dan tortib 400 barobarigacha jarima to‘laydi", - deb yoziladi web sahifada.

Ikkinchi o‘zgartirish stiker muddatining fuqaro xorijda vaqti tugab qolishi javobgarlikka tortmasligi haqida.

Norma.uz saytining huquqshunosiga ko‘ra, O‘zbekiston bilan viza tartibi o‘rnatilgan AQShda yurgan vaqti fuqaro stikerining muddati tugab qolsa u viza aloqasi bor boshqa davlatlarga ham chiqa oladi va bu bilan javobgarlikka tortilmaydi. Biroq fuqaro O‘zbekiston bilan viza tartibi yo‘q Rossiyaga kelsa va u yerdan istalgan davlat, masalan, Qirg‘izistonga uchsa, bu qonun buzilishi hisoblanadi va javobgarlikka tortiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq