Turkiya "Gazprom"ni mahkamaga berdi

Image copyright Reuters
Image caption Gaz quvuri Qora dengiz tubidan o‘tadi

Turkiyaning tabiiy gaz importi bilan shug‘ullanuvchi davlat BOTAS shirkati Xalqaro Savdo palatasining arbitraj mahkamasiga "Gazprom" ustidan shikoyat arizasi bilan murojaat etgan.

Avvalroq Anqara va Moskva o‘rtasida gaz narxi yuzasidan muzokaralar natijasiz tugagandi.

Rossiya va Turkiya 2014 yilda "Turk oqimi"ni qurish haqidagi kelishuv imzolangan payt Rossiya gazi narxini tushirishga kelishgandi.

2015 yil 1 yanvaridan Turkiya uchun gaz narxi 6 foizga tushirilgan, ammo keyinroq Anqara 15 foizgacha chegirma berilishini talab qilgandi.

Fevral oyida Turkiyaning energetika va tabiiy zahiralar vaziri Taner Yildiz 28-30 milliard kubometr gaz uchun 10.25 foiz miqdorida chegirma berilishiga erishganliklarini aytgan, ammo bu borada qo‘shimcha kelishuv imzolanmay qolib ketgan.

Mart oyida tomonlar yana kelishuvga erishishga harakat qilganlar, biroq chegirma faqat xususiy shirkatlarga berilgan.

Rossiya gazi importining uchdan bir qismi xususiy shirkatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning birinchi choragida chegirma 25 foizni tashkil qilgan, ikkinchi chorakda esa yana 15 foiz qo‘shilgan.

"Turk oqimi" Rossiyaning Ovro‘po bilan munosabatlari keskinlashishi manzarasida "Janubiy oqim" loyihasining o‘rnini egallagandi.

Unga muvofiq, gaz quvuri Turkiyaga qadar Qora dengiz tubidan o‘tadi va u yerdan Yunonistonga uzanadi.

Anqara va Moskva avvaliga "Turk oqimi"ni 2016 yil dekabrida ishga tushirishni rejalagandi, ammo keyinroq bu muddat orqaga surilgan.

Shu oy boshida "Gazprom" rahbari Aleksey Miller davlat shirkati "Turk oqimi"ning yarim quvvatidan voz kechganini ma‘lum qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio