Turkmanistonda 1000 dan ortiq mahbus avf etildi

Image copyright STR AFP Getty Images
Image caption Gazga boy Turkmaniston dunyoning eng yopiq davlatlaridan biri sanaladi

Turkmaniston prezidenti Qurbanguli Berdimuhamedov mamlakat qamoqxonalaridagi 1200 nafar mahbusni avf etishga buyruq bergan.

Davlat televideniyesining xabar berishicha, Turkmaniston mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan e‘lon etilgan avf haqidagi qonunni janob Berdimuhamedov Vazirlar Mahkamasi va Xavfsizlik Kengashining qo‘shma yig‘ilishi chog‘ida imzolagan.

"Rahmdillik an‘analarimizdan kelib chiqqan holda, men Turkmaniston mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan 1200 nafar fuqarolarimizni avf etish haqidagi farmonga imzo chekdim", - deb aytgan turkman rahbari.

Turkmanistonda mamlakat mustaqilligining navbatdagi sanasi munosabati bilan minglab mahbuslarni avf etish an‘anasi marhum prezident Niyozov davrida qaror topgan edi.

Ayni paytda bu kabi avfi umumiy, xuddi O‘zbekistonda bo‘lgani kabi, mamlakat qamoqxonalaridagi siyosiy mahbuslarni chetlab o‘tishi aytiladi.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari Turkmanistonni sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Shixmurodov va qamoqdagi boshqa faollarni ozod etishga chaqirib keladilar.

Turkmaniston rahbariyati 2002 yilda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib, mahkum etilgan Shixmurodovning taqdiriga aniqlik kiritish haqidagi murojaatlarni javobsiz qoldirgan.

Human Rights Watch tashkiloti o‘tgan yili e‘lon qilgan hisobotga ko‘ra, so‘nggi o‘n yildan ortiqroq vaqt davomida Turkmanistonda o‘nlab insonlar noixtiyoriy tarzda bedarak ketgan.

Tashkilot Turkmaniston hukumatini bu "yo‘qolgan" insonlarning yaqinlarini ularning taqdiridan ogoh etish va tutqunlar bilan ko‘rishishlariga ruxsat berishga chaqirgan.

Bedarak ketganlarning aksariyati 2002 yil, 25 noyabrda sobiq prezident Saparmurod Niyozovning joniga qasd qilish ayblovlari bilan uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etilganlardir.

"Bu sukunat va qatag‘on 12 yildan beri davom etmoqda, Turkmaniston hukumati bedarak ketgan mahkumlarning taqdiri, qolaversa, ularning tirik-o‘likligini ochiq aytadigan vaqt keldi", - deb aytgan tashkilotning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘limi direktori Reychel Denber.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio