Plan to‘ldi, terimchilar hamon dalada

Terimchilar dalada ochilmagan ko‘saklarni terib yurganini aytishmoqda Image copyright bbcuzbek
Image caption Terimchilar dalada ochilmagan ko‘saklarni terib yurganini aytishmoqda

O‘zbekistonda paxta plani to‘lgani haqida rasmiy xabar berilgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik viloyatlarda terim davom etmoqda. BBC O‘zbek xizmati olib borgan tadqiqotga ko‘ra, ayrim viloyatlarda paxta terimiga talabalar va byudjet tashkiloti ishchilari qaytadan jalb qilingan.

Boshqa viloyatlarda esa faqat byudjet tashkiloti xodimlari paxtaga chiqarilmoqda.

Namangan, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Sirdaryo va Jizzax viloyatidagi manbalarimiz bilan gaplashilganda paxta terish kampaniyasi hamon davom etayotgani ma‘lum bo‘ldi. Bu qolgan viloyatlarda paxta terish mavsumi tugaganligini anglatmaydi.

Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida 20 oktyabr kuni ortga qaytarilgan talabalar prezident tabrigini eshitib bo‘lgach, 28 oktyabrdan boshlab yana paxtaga chiqarilgan.

Guliston Davlat Universiteti ma‘muriyati talabalarning paxta dalasida ekanligini ma‘lum qildi. Jizzax shahridagi oliygoh talabalari o‘tgan safargidan farqli ravishda qatnab paxta termoqda.

Image copyright Malohat Eshonqulova

Andijon viloyati birinchilardan bo‘lib paxta rejasini bajargan bo‘lsa-da, byudjet tashkiloti xodimlari hamon dalada. Huddi shunday holat Buxoro viloyatida ham ro‘y bermoqda.

Prezident Islom Karimovning tabrigida bu ikki viloyat birinchilardan bo‘lib rejani bajargani aytilgan. Biroq shunday bo‘lsa-da, odamlar o‘z ishlari qolib dalada paxta terishmoqda.

Vodiydan suhbatdoshlarimiz dalada paxta borligi uchun chiqayotganini aytishdi. Ammo Sirdaryo, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida paxta umumuman qolmagani va odamlar ko‘sak terib yurishganini ma‘lum qilishdi.

Bundan tashqari BBC izlanish olib borgan viloyatlarning ichida faqatgina Andijon va Buxoroda reja bajarilgani va qolgan viloyatlarda reja hali to‘lmaganini bildirishdi.

Aksar viloyatlarda reja 70 va 80 foiz o‘rtasida turibdi.

Image copyright none
Image caption Majburiy paxta terimiga qarshi hukumat rasman "kurash" olib borayotgan bo‘lsa-da, daladagilarning aksariyati byudjet ishchilaridir

Ushbu ma‘lumotlarni rasman tasdiqlatishning imkoni bo‘lmadi. Surxondaryo viloyati hokimiyatiga bog‘langanimizda, bundan ma‘lumot berilmasligini aytildi.

Izlanishlardan respublikadagi viloyatlarning deyarli yarmidan ko‘pida hali rejani bajarmagani ma‘lum bo‘lmoqda. Shunday bo‘ladigan bo‘lsa, respublikada rejaning bajarilgani ham savol ostiga olinadi.

Biroq O‘zbekistonda Sovet davridan qolgan qo‘shib yozish odati hamon saqlanib qolgani va viloyatlar tepaga tezroq mujda yetkazish uchun qo‘shib yozgan holda rejani bajargan bo‘lishi aytilmoqda.

Ushbu qo‘shib yozishlarning o‘rnini to‘ldirish uchun odamlar yana dalaga haydalgan bo‘lishi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq