"Zilziladan jabr ko‘rganlar hayoti tahdid ostida"

Image copyright AFP

Ko‘mak tashkilotlari ogohlantirishicha, 26 oktyabr kunidagi zilzila oqibatida uysiz qolgan afg‘onistonlik va pokistonliklarga zudlik bilan yordam berilmasa, sovuq va ocharchilikdan nobud bo‘lishlari mumkin.

Ikki ayozli tunni tashqarida o‘tkazishga majbur bo‘lgan insonlar chodirlar va ko‘rpalarga muhtojlar, ayniqsa, bolalar hayoti xavf ostida, demoqdalar yordam tashkilotlari xodimlari.

Pokiston matbuoti xabar qilishicha, yer silkinishlari yana takrorlanishi mumkin deya uylariga qaytishdan qo‘rqib turgan minglab insonlar havo harorati borgan sari pasayib borayotgan vaqtda tunni ko‘chada o‘tkazmoqdalar.

Afg‘oniston va Pokiston rasmiylari xabarlariga ko‘ra, 7,5 balli zilzila oqibatida kamida 370 inson hayotdan ko‘z yumgan.

Ammo yetib borish qiyin bo‘lgan mintaqalardagi vaziyat hali aniq emas, shu bois qurbonlar soni yanada ortishi mumkinligini aytishadi rasmiylar.

BMT bolalar tashkiloti UNICEF tog‘li uzoq mintaqalarda ikki kun davomida qattiq yomg‘ir yog‘ib qorga aylanganidan ogohlantirgan.

Image copyright AFP

UNICEF zilziladan jabr ko‘rgan insonlar bilan aloqa yo‘qligi, aksar hududlarning tog‘li bo‘lgani va xafsizlik vaziyati sabab u joylarga yordamlarni yetkazish qiyinligini aytgan.

Afg‘on rasmiylari yer qimirlashidan zarar ko‘rgan Tahor viloyatining Darqand tumani ustidan nazoratni Tolibon qo‘lga kiritgani haqida xabar tarqatganlar, bu esa zilzila qurbonlariga ko‘maklarni yetazishni yanada mushkullashtirishini aytganlar.

Biroq Tolibon o‘z bayonotida qutqaruv ishlariga o‘z jangarilari yordam berishini aytgan.

Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani ma‘muriyati ma‘lumotlariga ko‘ra, yer qimirlashi oqibatida 7600 dan ortiq uy vayron bo‘lgan.

Zilzila kuchi butun Markaziy Osiyo, Rossiya janubiy mintaqalarida ham sezilgan.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi yer silkinishidan keyin O‘zbekiston hududida qurbonlar va qulashlar aniqlanmagani haqida bayonot tarqatgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq