OVIR: javobdan ko‘p savol

Image copyright none

O‘zbekiston fuqarolarining chetga chiqish tartibiga kiritilgan o‘zgartirishlar ko‘proq savol va anglashmovchiliklarni paydo qilgan. Qarorga sharh yozilmaganligi va mavhumligi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.

Qaror tilining murakkabligi, fuqarolarga tushunarsizligi va qarorda ko‘rsatilmagan boshqa qonun osti hujjatlarga tayanishi Twitter foydalanuvchilari orasida anglashmovchilik keltirib chiqardi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 22 oktyabrda kiritilgan o‘zgartirishlarda viza talab etiluvchi davlatlarga OVIR (chiqish vizasi) stikerisiz chiqqan fuqarolar qonunga muvofiq jazolanishi aytilgan. Biroq qaysi qonunga asoslanib, qanday jazo berilishi ko‘rsatilmagan.

‏@yoshulli_ nomi ostida izoh qoldiruvchi shaxs, ushbu qaror O‘zbekiston bilan vizasiz aloqalarga ega davlatlarga chiqish vizasiz borib kelish imkonini tug‘dirgani haqida yozdi.

"Yana bir marta aniqlashtiramiz, O‘zbekiston bilan vizasiz rejimga ega davlatlarga borish uchun bundan buyon OVIRni ruxsati va stikeri shart emas. O‘zbekiston bilan vizasiz rejimga ega davlatlar: Ozarbayjon, Bangladesh, Barbados, Gaiti, Grenada, Malayziya, Maldiv orollari, Nepal, Turkiya", - deya o‘nlab davlatlarning ro‘yxatini keltirdi.

"Aaa, ochiq degan lyuboy davlatlarga bemalol borilovradimi", - deb so‘radi Andijanets.

"Malayziyaga borish uchun OVIR shartmas uje. Biletti olib, uchib ketuvras", deydi Abror Qodirov.

O‘zbekiston futbol klublariga aloqador shaxs ham xursandchiligini yashirmadi.

"Klublarimizga zo‘r bo‘libtida, qishda Turkiyaga chiqish uchun rosa qiynalar edi.. Qanchasi qolib ketardi".

Biroq Twitterdagi boshqa foydalanuvchi ushbu davlatlar vizasiz davlat emasligini yozdi va foydalanuvchilarning hafsalasini pir qildi.

"Viza aeroportda beriladigan davlatlar vizasiz davlat hisoblanmaydi. Xususan, Turkiya, Malayziya vizali davlat erur. Qolaversa, mazkur tartibda juda ko‘plab savollar mavjudki, bunga aniqlik kiritmoq joiz", - deydi @new_bakiroo.

U O‘zbekistonga kirish-chiqish tartibini qonun darajasida belgilash tarafdori ekanligi yozdi. Biroq ular to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan qonun bo‘lishi kerak.

"Qonunki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonun bo‘lsin, turli qarorlar, tartiblar, biz bilmaydigan talqin va xatlarga imkon qoldirmasin. Masalan, chetga chiqayotgan ayollarga nisbatan qo‘shimcha spravka va suhbatlar bo‘yicha talablar ham qonunda o‘z aksini topsin. Qonun bilan ishlagan va yashagan afzal va arzon".

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi fuqarolarning mamlakatdan chiqish va kirish borasidagi huquqini kafolatlaydi. Lekin o‘sha huquq keyingi jumla bilan cheklovga uchraydi. Konstitutsiyaning 28-moddasida shunday yozilgan:

"O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir".

Qonunlardagi cheklashlar esa ko‘p hollarda fuqarolarga oshkor qilinmaydigan qonun osti hujjatlariga tayaniladi.

Kuzatuvchilar bunday holatda fuqarolarni boshqarish va istalgan shaxsni nazoratda ushlab turish osonlashishini aytishadi.

So‘nggi vaqtlarda fuqarolarning chiqish tartibi va oshkor qilinmaydigan qonun osti hujjatlar asosida ko‘plab fuqarolar O‘zbekistondan xorijga chiqish huquqidan mahrum qilinmoqda.

Qarorda fuqarolarning maxsus xizmat yoki militsiya suhbatidan o‘tishi ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, amalda chiqish vizasini olishga harakat qilayotgan aksar fuqarolar militsiya yoki maxsus xizmatlarning suhbatidan o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

BBC bunday suhbatlarda fuqarolarning josuslik qilishga majburlanishi haqida yozgan edi.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston dunyoda chiqish vizasi talab qilinadigan 3 davlat: Turkmaniston va Shimoliy Koreyadan biri bo‘lib turganini aytishadi.

Ushbu cheklovlar O‘zbekiston imzolagan xalqaro huquq me‘yorlariga to‘g‘ri kelmasligi ta‘kidlanadi.

Biroq 1995 yildan beri bir necha marotaba o‘zgartirilgan va yakunda hamon mavhum nuqtalari ko‘p chiqish tartibiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar OVIRning O‘zbekistonda hali beri bekor qilinmasligini anglatadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq