"Bir oilaga bir farzand" siyosati islohoti xush qarshilandi

Image copyright AFP

Xitoyda o‘nlab yillarda beri amalda bo‘lib kelgan "bir oilaga bir farzand" siyosati isloh qilinayotgani borasidagi yangilikni davlat matbuoti "xalq irodasi aks-sadosi" sifatida olqishlagan.

Ammo, inson haqlari guruhlari qo‘l urilayotgan choralar yetarli emasligi, cheklovlar bir yo‘la yo‘q qilinishi kerakligini aytishgan.

Payshanba kuni hukumat oilalarga ikki farzand ko‘rishga izn berishi haqida ma‘lum qilgan.

Mazkur qarorning olinishi mamlakat aholisi tez sur‘atda keksayib borayotgani va iqtisodga yordam kerakligi bilan izohlangan.

Bu haqdagi bayonotni chop qilgan Xitoy Milliy Salomatlik va Oilani Rejalash komissiyasi ikki farzandlilik siyosati qachon kuchga kirishini ochiqlamagan.

Farzand kutayotgan ayol hozir ham izn uchun mahalliy hukumat ro‘yxatidan o‘tishi talab qilinadi. Ammo, komissiya jarayonni osonlashtirish ustida ishlashini ma‘lum qilgan.

Ayni paytda Milliy Salomatlik va Oilani Rejalash komissiyasi homilador ayollar va onalar uchun tibbiy xizmatni yaxshilashni rejalayotganini ham aytgan. Chunki, siyosat o‘zgarishi ortidan yoshlari kattarib qolgan ayollar ham ikkinchi bor tug‘ishga urinishlari kutiladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, ikkinchi bolani ko‘rishga qodir ayollarning 60 foizi 35 yoshdan kattalardir.

"Bir oilaga bir farzand" siyosati ilk bor 1979 yil amalga tadbiq qilingan. Maqsad mamlakatda tug‘ilish va aholi o‘sish darajasini kamaytirish bo‘lgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, aynan ana shu siyosat tufayli 400 million tug‘ilish oldi olingan.

Unga amal qilmagan juftlar jarima, ishdan haydalish va homilani majburiy oldirish kabi turli jazolar bilan yuzma-yuz kelishgan.

Davlat nazoratidagi Global Tayms nashri mazkur tartibga nuqta qo‘yilishini "xalq irodasi aks sadosi" deya ta‘riflar ekan, bu keng miqyosda qoralanganini tan oldi.

Ba‘zi mutaxassislar ushbu uzoq yillik siyosatdan voz kechilayotgan esa-da, aholi keksayishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglash uchun ma‘lum vaqt kerak bo‘lishini aytishadi.

Bundan oldinroq, ishchi kuchining kamayib ketishi ortidan ayrim viloyatlarda cheklovlar yumshatilgan, biroq bola o‘stirishning qimmatligi bois kutilganidan ko‘ra kamroq tug‘ilish kuzatilgandi.

1970 yillar tug‘ilgan juftlar go‘yo "so‘nggi avtobusga chiqib olmoqchidek", ikki farzandni istashlari mumkin, ammo 1980 va 1990 yillar tug‘ilganlar bunga shoshilmaydilar", deydi Xitoy matbuotiga gapirgan sotsiologlardan biri.

"Bir oilaga bir farzand" siyosatidan voz kechilishi haqida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi qurultoyi so‘nggi kunida e‘lon qilindi.

Partiya, shuningdek, aholi o‘sish ko‘rsatkichi va kelasi besh yillik rejalarini ham ma‘lum qildi.

*"Bir oilaga bir farzand" siyosati 1979 yil joriy qilingan. Shundan beri ko‘plab xitoylik oilalar, 2007 yilgi ma‘lumotga ko‘ra, fuqarolarning uchdan biri, jarima to‘lamay turib, ikkinchi farzandni ko‘ra olmagan;

*Qishloq hududlarida agar bosh farzand qiz bo‘lsagina, ikkinchi bor tug‘ishga ruxsat berilgan;

*2013 yildan kuchga kirgan istisnolar milliy ozchiliklarni ham o‘z ichiga olgan va er-xotindan hech qursa biri yolg‘iz farzand bo‘lgan taqdirda, ikkinchi bola ko‘rishga izn berilgan;

*Faollar mazkur siyosat majburiy abort, qiz homilalardan voz kechilishi hamda qiz bolalar tug‘ilishi haqida xabar bermaslik kabi hollarga yetaklagan;

*Siyosat Xitoyda gender muvozanati ham buzilishiga ham sabab bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq