"Jangarilar O‘zbekistonga kirishga urinmoqda"

Image caption ID saflarida yuzlab o‘zbeklar borligi taxmin qilinadi

O‘zbek maxsus xizmatlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi Tolibon va Suriyadagi "Islomiy davlat" saflaridan qochayotgan ayrim jangarilar O‘zbekistonga kirishga urinmoqda.

Bu haqda Navoiy shahrida Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ma‘lum qilingan.

Mahalliy nashrlarning xabar berishicha, terrorizmga qarshi kurashga bag‘ishlangan anjumanda Suriya va Afg‘onistonda "hukumat kuchlarining amaliyotlari natijasida qochayotgan ayrim jangarilarning O‘zbekiston hududida panoh topishga urinayotgani" aytilgan.

"Davlat chegarasidan o‘tishda ularga o‘z manfaatini Vatan va xalq manfaatidan ustun qo‘yuvchi shaxslar yordam bermoqda", deyiladi Navoiy viloyat hokimligining "Znamya drujby" nashri tarqatgan xabarda.

Yig‘ilishda MXX va IIV vakillari jamoatchilikni yanada hushyor va ogoh bo‘lishga chaqirganlar.

Unda shuningdek, xalqaro terrorchi va diniy-ekstremistik tashkilotlar, ayniqsa, o‘zbek ayollarini o‘z saflariga yollashga harakat qilayotgani bildirilgan, ammo aniq misollar keltirilmagan.

Avvalroq Farg‘ona viloyatida ID yollovchilari ekani da‘vo qilingan ikki ayolning hibsga olingani xabar qilingandi.

O‘zbek huquq-tartibot idoralari avgust oyida Farg‘onada portlashlar sodir etgani aytilgan ikki ayolni ham qidirgan.

Mahalliy huquq faollari ushbu amaliyotlar o‘zbek maxsus xizmatlarining o‘quv mashg‘ulotlari, degan farazlarni ham ilgari surishgan.

Ayni paytda o‘tgan yili Toshkent viloyatining Parkent tumanida ID varaqalarini tarqatgani iddao qilingan o‘smir 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekistondagi nashrlarning xabar berishicha, Parkent Transport va xizmat kolleji talabasi bo‘lgan 18 yoshli Firdavs Salimov o‘ziga qo‘yilgan aybiga iqror bo‘lgan.

Shu yil aprelida Parkentning Hisorak qishlog‘ida diniy mazmundagi varaqalar topilgani haqida xabar o‘zbek maxsus xizmatlarining yirik amaliyotiga sabab bo‘lgan edi.

Mahalliy huquq faollarining aytishlaricha, hozirda O‘zbekiston bo‘ylab aholining ID bilan aloqalarini o‘rganishga qaratilgan tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

Bu tekshiruvlarda, xususan, Rossiyaga ishlash uchun ketgan fuqarolarning qayerda va nima bilan mashg‘ulligiga e‘tibor qaratilayotgani aytiladi.

Inson haqlari tashkilotlari O‘zbekiston hukumatini terrorchilik va diniy ekstremizm tahdididan siyosiy repressiyalarni oqlash uchun foydalanishda ayblaydilar.

Hibsga olishlar

Payshanba kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Toshkentda "Hizbu Tahrir" diniy guruhiga aloqador 16 kishining hibsga olinganini ma‘lum qilgan.

Shu oy boshida esa o‘zbek huquq-tartibot idoralari Suriyadagi ID saflarida jang qilib qaytgan qashqadaryolik bir kishini hibsga olgan.

Qashqadaryolik aka-ukalar ID yollovchilari ta‘siriga tushib, Suriyaga jang qilish uchun borishgan.

Biroz vaqt o‘tib, ulardan biri yangi "Islom jangchilari"ni yollash maqsadida O‘zbekistonga qaytgani, ammo ko‘p o‘tmay, hibsga olingani aytilgan.

Huquq-tartibot idoralaridagi manba‘ning so‘zlariga ko‘ra, hibsga olingan shaxs tergov jarayonida ID saflarida jang qilayotgan o‘zbek fuqarolarining aksariyati Rossiyaga ishlash uchun ketganlar ekanini tasdiqlagan.

Avvalroq Qozog‘istonda o‘tgan MDH rahbarlari sammitida Rossiya Prezidenti Putin Suriyadagi ID saflarida sobiq sovet davlatlaridan 7 mingga yaqin jangarilar borligini aytgan.

Putin Rossiyaning havo amaliyotlari, jumladan, ana shu jangarilarga qarshi qaratilganini ta‘kidlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio