O‘zbekistonda korruptsiyaga aralashgan Telenor rahbari iste‘fo berdi

Image caption Vimpelkomning Gulnora Karimovaga yaqin shirkatga pora bergani tekshirilmoqda

O‘zbekistonda korruptsiyaga aralashgani iddao qilingan Norvegiyaning Telenor mobil aloqa shirkati direktorlar kengashining raisi Sveyn Oser iste‘fo bergan.

Norvegiya hukumati o‘zbek telekommunikatsiya tizimidagi korruptsiya mojarosi tufayli Oser nomzodini dastaklashdan voz kechgan.

Frans-Press agentligi Norvegiya Savdo va sanoat vaziri Monika Melandning "men ortiq Telenor direktorlar kengashi raisiga to‘la ishonch bildira olmayman", - degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Meland xonim O‘zbekistondagi korruptsiya mojarosi yuzasidan "yangi ma‘lumot olgani"ni aytgan, ammo tafsilotlarni bermagan.

Uning aytishicha, "bu ma‘lumot avvalroq jamoatchilikka oshkor etilishi kerak edi".

Norvegiya hukumati Telenor ning 54 foiz hissasiga egalik qiladi va eng yirik hissador hisoblanadi.

Skandinaviyaning eng yirik mobil aloqa shirkati bo‘lgan Telenor O‘zbekistondagi "Bilayn" mobil operatorining egasi bo‘lmish Vimpelkom hissalarining 33 foiz hissalariga ega.

Hozirda AQSh va Gollandiyada Vimpelkom 2006 yilda o‘zbek litsenziyasini qo‘lga kiritish uchun O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga aloqador shirkatga pora bergani haqidagi iddaolar yuzasidan tekshiruvlar bormoqda.

Shu oy boshida Telenor Vimpelkomdagi hissalarini sotuvga qo‘yayotganini aytgan.

"Sirli maktub"

Shu yil boshida Norvegiya Savdo va sanoat vazirligi so‘zchisi Liza Nordoyen BBCga vazirlik joriy yilning 7, 8 va 13 yanvarida noma‘lum shaxsdan xatlar olganini aytgan.

BBC bu maktublar egasi kimligini bilmaydi, vazirlik esa bu shaxs yo shaxslarning kimligiga aniqlik kiritishdan bosh tortgan.

Mazkur anonim xatlarda O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi "Bilayn" mobil operatorining egasi bo‘lmish Vimpelkom shirkati olti yil davomida Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan shirkatlarga katta miqdorda pora berib kelgani iddao etiladi.

"Bilayn" brendi ostida faoliyat yuritayotgan uyali aloqa operatori hozir O‘zbekistonda 10 milliondan ortiq abonentga ega.

Avvalroq, Teliasonera ishida bo‘lgani kabi, bu safar ham porani qabul qilib olgan shirkat deb Gulnora Karimovaning yaqin do‘sti va yordamchisi bo‘lgan Gayane Avakyan qo‘li ostida bo‘lgan Takilant shirkati ko‘rsatilmoqda.

Xat muallifi iddaosiga ko‘ra, Vimpelkomning 33% hissalariga egalik qiluvchi Telenor bu to‘lovlardan xabardor bo‘lgan.

Telenor esa buni rad etadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio