Uchoq fojeasi: "Kogalymavia" tashqi kuchga ishora qildi

Image copyright AFP

"Kogalymavia" rahbariyatining bildirishicha, Misrda qulagan A321 samolyoti o‘z-o‘zidan portlagan bo‘lishi mumkin emas, balki "qandaydir tashqi kuchning mexanik ta‘siri" ostida qulagan.

"Uchoq tizimlarida portlashga sabab bo‘ladigan nosozliklar yo‘q", - dedi dushanba kuni Moskvada o‘tgan matbuot anjumanida kompaniya bosh direktori muovini Aleksandr Smirnov.

Smirnovga ko‘ra, "Aerobus"ga keragidan ortiq nagruzka o‘tkazish bilan ham uni havoda portlatib bo‘lmaydi, chunki layner tizimi uchuvchilarning qandaydir keskin harakatlar qilishiga to‘siqlik qiladi.

Havo shirkatining rahbari ham uchuvchilar xato qilganligi ehtimolini istisno qildi.

Image copyright Getty

"Shunda ekan, yagona ehtimoliy sabab - bu uchoqqa tashqaridan qilingan jismoniy, mexanik ta‘sir bo‘lishi mumkin", - deya xulosa qildi Aleksandr Smirnov.

U bu qanday tashqi ta‘sir bo‘lishi mumkinligi haqidagi tafsilotlarni aniqlab o‘tirmadi va tergov xulosalarini kutishga chaqirdi.

Ayni damda, qora qutilarni tekshirayotgan mutaxassislardan biri bu samolyot hech qanday tashqi kuchga uchramagani, uchuvchi esa hech qanday yordam chaqirig‘ini yo‘llamaganini aytgan.

"Kogalymavia" kompaniyasining Airbus A321 uchog‘i Qizil dengizdagi Sharm al-Shayh istirohat shahridan Sankt-Peterburgga uchayotganida Misrning Sinay yarim orolida shanba kuni qulagandi.

Layner ichida bo‘lgan 224 odamning bari halok bo‘lishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio