O‘zbekiston: Stalin qonuni kerakmi?

Image copyright AP
Image caption O‘zbekiston Stalinni qoralaydi, lekin uning qonunlaridan voz kechmagan

Stalin davridan qolib ketgan "chiqish vizasi" tartibi O‘zbekistonda hamon amalda bo‘lib, xalqaro me‘yorlar bo‘yicha, bu - inson huquqlari, uning erkin harakatlanishini cheklovchi tartibdir.

Hozir dunyoda Shimoliy Koreya kabi eng zolim davlatlarda bu cheklovlar mavjud. O‘zbekiston - ana shunday davlatlarning bittasi.

O‘zbekiston va Stalin qonunlari

Sho‘ro tuzumini ashaddiy tanqid qilib, sho‘ra davri yutuqlarini rad etib keladigan O‘zbekiston hukumati, negadir, aynan Sho‘ro Ittifoqining ilk yillaridan meros qolgan va inson erkinligini cheklovchi ayrim qonun-qoidalarni saqlab qolayotir.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, nafaqat saqlab qolmoqda, hatto ayrim hollarda Sovet Ittifoqi davridagidan ko‘ra ham qiyinlashtirmoqda.

Deylik, Chor Rossiyasi zamonida krepostnoy dehqonlarga nisbatan qo‘llangan, Stalin boshqaruvi yillari xalqni "sho‘raviy temir parda ortidagi kishanda ushlab turgan" propiska yoki chiqish vizasi kabi qonun-qoidalar O‘zbekistonda hamon amalda va hatto vaqt sayin kuchaytirilmoqda.

Dunyoda bu cheklovlarni qo‘llamasdan turib, ham tinchlik, ham to‘q-farovonlik va ham rivojlanishni ta‘minlayotgan davlatlar juda ko‘p.

Biroq hukumatparastlarga ko‘ra, mazkur cheklovlar tinchlik uchun zarur. Ayni cheklovlar bois ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelayotgan insonlar esa o‘zgacha fikrda.

Image caption O‘zbekiston qonun-qoidalari chet ellardagi fuqarolarini ham doimiy nazoratda ushlashga xizmat qiladi

"Ha, inson huquqlarining buzilishi!" - deydi OVIR nomi bilan mashhur chet elga chiqish ruxsatnomasi haqida yozgan Kzn Zumrat laqabli o‘quvchimiz.

Wakira Malikovna nomi ostida fikr qoldirgan tinglovchi uning fikrini davom ettiradi.

"Ha, O‘zbekistonda yashash haqiqatan qiyin bo‘lib qoldi, poraxo‘rlik, hamma narsa qimmat va kamiga oylik ham kam".

Oybek Krsavchik esa ayni illatlardan qutulish odamlarning o‘ziga bog‘liq, degan fikrni ilgari surgan.

"Odamlarning ongini tozalash kerak. Borgan idoralarida pul bilan ish bitirish, tanish-bilish qidirish - eski Chor Rossiyasidan qolgan unsur".

Kim aybdor: xalq yo tuzum?

Ayni o‘rinda o‘zbekistonliklarning o‘zlarini ayblagan kishilar ham oz emas.

"O‘zbekistondagi o‘z huquq va imkoniyatlarini yaxshi bilishmaydi, ammo chet elga chiqishadi" - deydi Iftixor Tugizbayev - "Natijada savodsizlik tufayli muammolar girdobiga cho‘kishadi".

Biroq ayni fikrlarni savol ostiga olgan tinglovchilar ham bor.

"O‘zbekistondagi mavjud chet elga chiqish vizasi inson huquqlarining buzilishi bo‘lib, diktatura tuzumi ochiqchasiga insonlarning huquqlarini buzayotganini yaqqol ko‘rsatadi!" - yozgan Ben Den taxallusli o‘quvchimiz.

Image copyright bbcuzbek
Image caption O‘zi bergan pasportiga o‘zi viza uradigan davlatlarning biri - O‘zbekiston, yana biri - Shimoliy Koreya

"Ayrim safsatabozlar, tuzumni himoya qilib, xalqni o‘z huquqini bilmaslikda ayblab, jinoyatchilarga advokatlik qilmoqchilar".

"Oddiy xalq qonunchilikni o‘rganib, yoddan bilishi imkonsiz. Hatto rivojlangan davlatlarda xam oddiy fuqarolar huquqi himoyasi bilan yurist, advokat, jurnalist va boshqa qonunshunos mutaxassislar shug‘ullanishadi" - o‘z fikrlarini asoslaydi Ben Den.

"Xalq esa solig‘ini to‘lab, jamiyat va davlatga o‘z foyda-hissasini qo‘shayaptimi, tamom, konstitutsiya hamda boshqa qonunlarda yozib qo‘yilgan huquqi uchun boshi qotishi kerak emas" - deb yozgan Ben Den O‘zbekistondagi ahvolni ham tasvirlaydi - "Yurist-qonunshunos, advokat degani poraxo‘r yoki o‘rtakash-dallol ma‘nosini bersa, jurnalistlarning og‘zi tikib, betonlab qo‘yilgan".

Bu tinglovchimizning xulosa qilishicha, laganbardor odamlar muammo va jamiyatdagi kasalliklarni ko‘rsatsangiz, aybni mehnat muhojirlari va tanqidchilarga ag‘darmoqchi bo‘lishadi.

"Chet ellardan bexabarmiz"

"Bizda haqiqatan ham ortiqcha qog‘ozbozlik va yugur-yugur" - O‘zbekistondagi vaziyatni tasvirlaydi Zulfiya RuziMukhammad - "O‘lib ketgan ota-bobolaringni ham surishtiradi. Yana pulingizniyam yaxshigina shilishadi".

"Ish haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Bergan oyligi yo‘l kirangizga yetmaydi. Chet elga chiqib ishlasang, nega O‘zbekistonni uyaltirib, u yoqda ishlading, deyishadi".

Image caption O‘zbekistonda cheklovlar shu darajaga yetganki, hatto majburiy paxta terishga qarshi gapirish ham davlat siyosatiga qarshi chiqish sifatida jazolanadi

"Shunaqa ekan, o‘z xalqingni qoyillatib, boqib qo‘y!" - xulosa qiladi Zulfiya RuziMukhammad.

"Ollohga shukur aytish kerak" - deb uqdirgan muammolar haqida gapirganlarga qarata Khamidova Khaitkhon - "Chetda nimalar bo‘layotganini ko‘rmayapsizlarmi?"

"Chet ellarda nimalar bo‘layotganini biz bilmaymiz, qanday o‘sishlar bo‘layotganidan ham xabarimiz yo‘q, desangiz to‘g‘riroq bo‘lardi" - unga kinoya bilan javob bergan Soffiya Guzal ismli o‘quvchimiz.

"Men bo‘lgan ko‘plab chet mamlakatlar juda tinch va osuda" - yozadi Timur Nazar - "Mardikorning ham turar-joyi, kiyimi va ovqatiga yetarli puli bo‘ladi. Ozroqdan pul yig‘ib borishi ham mumkin".

"Sizlarga Iroq va Suriya bahona bo‘ldi" - deydi tinchlikka shukur qilib, muammolarga ko‘z yumishga chaqirgan bahsdoshlariga javoban bu o‘quvchimiz.

"Boshqa ham osuda, ham farovon hayot kechirayotgan davlatlar haqida og‘iz ochmaysizlar".

(Ayrim sharhlar imlosi tuzatilgan).

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq