Tojikiston va mintaqaga xavf qayerdan keladi?

Image copyright AFP Getty
Image caption Kerri Samarqandda

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyoga safarini yakunlagan. Kerri janoblarining mintaqa rahbarlari bilan uchrashuvlarida ko‘rilgan asosiy masala xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan. Ammo mintaqaga asosiy xavf qayerdan keladi? BBC muxbiri Xayrullo Fayz notinch Afg‘oniston shimoliga yaqin mintaqa Tojikistonning Xatlon viloyatiga safar qilgan.

Tojik-Afg‘on chegarasining Quyi Panj mintaqasida tinchlik hukm surmoqda, ammo bu ham bir qaraganda hosil bo‘ladigan tasavvur, xolos.

Chegarachilar ohori to‘kilmagan yangi harbiy kiyim kiyishgan, bir qadar xotirjam ko‘rinishardi.

Ammo bu xotirjamlik aldoqchidir, daryoning narigi tarafida notinch Afg‘oniston...

Afg‘oniston tarafidagi turfa binolar, omborxonalar, masjidning ko‘k gumbazi va hatto Ahmadshoh Mas‘udning katta suratini Tojikiston chegarasidan ko‘rish mumkin.

Bundan bir yil avval ham chegaradan yuk mashinalarning keti uzilmay o‘tib turishini kuzatish mumkin edi.

Bugun esa chegara o‘tish nuqtasi deyarli bo‘m-bo‘sh.

Afg‘onistonning Qunduzi yetmish chaqirimcha uzoqda joylashgan.

Aynan Qunduz bundan bir oycha avval Toliblar va Afg‘on hukumat qo‘shinlari o‘rtasida qaqshatqich janglarga sahna bo‘lgan edi.

"Kechalari otishma saslarini eshitamiz. Doim hushyor va har ehtimolga tayyor holatdamiz", deydi chegarachilardan biri.

Afg‘oniston tarafida zo‘ravonliklar Tojikiston va yo mintaqa uchun yangilik emas.

Yillarki bu mamlakatda tinchlik yo‘q.

Ammo bu gal Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiyani xavotirga soladigan boshqa bir omil bor. Qunduzda Afg‘on hukumati kuchlariga qarshi kurashayotganlar jangarilar safida Markaziy osiyoliklar soni talaygina ekani aytildi.

"Afg‘onistondagi jangarilar orasida o‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar, uyg‘urlaru chechenlar bor", deydi tojikistonlik mutaxassis Qosimshoh Iskandarov.

"Markaziy osiyoliklar faqat Afg‘on hukumatiga qarshi kurashni maqsad qilishgani yo‘q. Maqsad mintaqa va hatto Rossiyaga sizib kirish va aynan shu hukumatlarni xavotirga solmoqda", deydi u.

Jangarilarning bu kabi ehtimoliy hujumlarini qarshi amallar o‘laroq Tojikiston hukumati chegaradagi qo‘shinlarini mustahkamlashga kirishdi.

Image copyright EPA
Image caption Notinch Tojikiston chegarasidan Qunduzgacha bir soatlik yo‘l

"Biz Afg‘onistondagi hamkasblarimiz bilan doim muloqotdamiz, biror muammo chiqsa, ularga murojaat qilamiz va birgalikda hal qilamiz", deydi Mudofaa vazirligidan Amirshoh Hakimov.

Moskva ham Afg‘onistondagi jangarilardan xavotirlarni asos qilib, Tojikistondagi 7000 nafarlik harbiy hozirligini yana kuchaytirdi.

Hujumchi vertolyotlar jo‘natdi.

Rossiya prezidenti Putin ham Tojikiston va Qozog‘iston rahbarlari bilan uchrashuvda vaziyatdan tashvishda ekanini aytdi.

Moskvadagi mulozimlar yana Tojikiston chegaralariga o‘z harbiylarini qaytarish ehtimoli mavjudligiga ishora qilishdi.

"Qo‘shning ting, sen tinch..."

Image copyright
Image caption Muhiddin Kabiriy endi "terrorchi"

Chegaraga yaqin Qumsangir shaharchasida yashovchilar ham tashvishda.

"Qo‘shning tinch, sen tinch degan gap bor bizda...Qo‘shnining uyida to‘polon bo‘lsa, bu sizga ham ta‘sir qiladi", deydi yoshi saksonga yaqinlashib qolgan otaxon.

"Hukumat chegarani qo‘riqlash yo‘lida ko‘proq harakat qilishi kerak, bu ularning ishi...Biz bu yerda ham notinchlik bo‘lishini istamaymiz", deydi mahalliy o‘qituvchi.

Chegaradan ikki soatcha mashinada yursangiz poytaxt Dushanbega kelasiz.

Bu yerda hayot qaynaydi.

Ammo aksariyat dushanbeliklar so‘nggi voqealardan xavotirga tushishgan.

Taksi haydovchisi Abrorning to‘rt nafar farzandi bor, u hozirda taqiqlangan Islom Uyg‘onish partiyasining a‘zosi bo‘lgan.

Sobiq Sho‘ro hududida rasman ro‘yxatga olingan yagona Islom partiyasining taqiqlab qo‘yilishi haqidagi xabar yangiliklarning oldi qatoriga chiqdi.

Islom Uyg‘onish partiyasining rahbari Muhiddin Kabiriy, keyinroq uning o‘g‘li ham "terrorchilikka ko‘mak berishda" ayblandi.

Partiyaning chetga chiqib ketolmagan rahbarlari qamoqqa olindi.

Haydovchi Abror ham xavotirga tushgan.

"Avvallari soqolim deb to‘xtatishsa, ularga Islom Uyg‘onish partiyasi a‘zosiman deb aytardim. Qo‘yvorishardi. Endi bilmadim nima bo‘ladi. Xudoga shukr, hali to‘xtatishmadi. Ushlab olishsa, meni ham terrorchiga chiqarishlari aniq", deydi u.

So‘nggi parlament saylovida Islom Uyg‘onish partiyasi o‘rin olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Shunda ham xalq orasida partiyaning tarafdorlari oz emas edi.

Jamiyatda ildiz otgan poraxo‘rlik, muhojirlarning taqdiri va qator ijtimoiy muammolar haqida muxolifatda bo‘lgan bu partiya bong urib turardi.

Endi rasman faoliyatda bo‘lgan diniy partiyaning taqiqlanishi radikal guruhlarga yana bir bahona yaratdi.

Mutaxassislarga ko‘ra, bu taqiq jamiyatda ekstremistik kuchlarni yana ham quvvatlantiradi.

"Internet jihod"

Image copyright none
Image caption Rossiyadan Rossiyagacha... G‘olib Barotov yana yo‘lga otlanmoqda

"Odamlar qashshoq, hukumat esa sizga faqat yolg‘on gapiradi, bu holatda yosh avlod qayerga borsin, kimga dardini aytadi", deb so‘raydi ismini ochiqlashdan cho‘chigan yosh jurnalistlardan biri.

"Yoshlarga Tojikistondagi muammolarni radikal g‘oyalarga qo‘shib "edirib" turibdi ba‘zi guruhlar...Kim internetni to‘sadi? Kim ularga muqobil yo‘lni ko‘rsatadi?"

Ekstremist g‘oyalar urchiyotgani ham bor gap.

May oyida Tojikiston maxsus kuchlarining yuqori lavozimli zobitlaridan biri "Islomiy davlat" safiga qo‘shilgani haqidagi xabar hukumatni bir silkitib qo‘ydi.

Bu xabar yashin tezligida, asosan mamlakatning eng chekka qishloqlariga qadar kirib borgan mobil internet orqali tarqadi.

Gulmurod Halimov Suriyada o‘z aqidalaricha jihod qilayotgan yuzlab tojikistonliklar safiga qo‘shildi.

Tojikistonlik jangarilar tez-tez ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z targ‘ibotlarini yoyishadi.

Suriyadagi hayotlari qanchalar yaxshiligi va maoshlari bilan maqtanishadi.

Sentyabr oyida esa Mudofaa vazirining o‘rinbosari hukumatga qarshi qurolli isyon ko‘targani xabar qilindi.

O‘nlab insonlar qurbon bo‘ldi.

Hukumat ayni qurolli isyonni rejalash va tashkillashtirishda Islom Uyg‘onish partiyasini aybladi.

Bu ayblovlarga ishonganlar ham, ishonmaganlar ham oz emas.

Image copyright you tube
Image caption Suriyada qurbon bo‘lgan tojikistonlik jihodchilardan biri

Butun mamlakat bo‘ylab Juma namozlarida Muhiddin Kabiriy va u rahbarlik qilgan partiyaga qarshi va‘zlar o‘qilmoqda.

Tojikiston viloyatlari, jumladan Afg‘oniston bilan chegara mintaqalarida hayot yana og‘irlashmoqda. Qish qahratoni yaqinlashib kelar ekan, elektr energiyasiga cheklov o‘rnatilgan.

Tojikistonliklar asosan Rossiyada ishlayotgan muhojirlarning puliga kun ko‘rib kelayotgani hech kimga sir emas.

Ammo Rossiya rublining qadri tushib ketishi bilan aksariyat muhojirlarning noni yarimta bo‘ldi.

Vatanga jo‘natiladigan mablag‘lar ham keskin ozaydi.

G‘olib Barotov o‘g‘li Ehson bilan ikki oy avval Rossiyadan qaytishgandi.

Tojikistonda ham ishlasa bo‘lar degan umid bor edi.

Ammo ikki oy ishsizlik va pulsizlik bu oilani qiynab qo‘ydi.

"Hech Rossiyaga borgim yo‘q, o‘g‘limni ham borishini istamayman, men ko‘rgan qiyinchiliklarni ko‘rmasin... Ammo boshqa iloj qolmadi", deydi G‘olib Barotov.

Butun Tojikistonda millionlab G‘olib va Ehsonlar bor.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio