"Hindistonda Islomga nafrat kuchli"

Image caption Shohruh Xon - Hindistondagi musulmonlarga qarshi nafratni qoralab chiqqan eng so‘nggi va eng mashhur hindistonlik

"Hindiston - haddidan oshib ketgan darajada toqatsiz mamlakat" - dedi hind kinosinining superyulduzi sanalmish Shohruh Xon.

San‘atkor bu o‘rinda vatanidagi musulmonlarga nisbatan munosabat va adovatning xavotirli darajaga ko‘tarilayotganini nazarda tutgan.

Shohruh Xon o‘zi musulmon, ammo rafiqasi hindu. U oilasi hamda ijodida doimo uyg‘unlik va do‘stlikka intilib yashashini aytib keladi.

Lekin o‘z vatanidagi ahvoldan endi xavotirlarini yashirmayapti.

"O‘ta kuchli toqatsizlik oshib bormoqda" - dedi u afsus bilan.

"Muammo mol go‘shtimi?"

Shohruh Xon hayotga aql ko‘zi bilan qarovchi ikki nafar ratsionalistning o‘ldirilishi ortidan shu taxlit o‘z noroziligini izhor etib chiqdi.

Oldinroq esa bir guruh hindu aqidaparstlari mol go‘shti yegan musulmonni kaltaklab o‘ldirishgandi.

Bu voqealar ortidan Hindistondagi qator yozuvchi va olimlar mamlakatdagi aksilmusulmon siyosatiga norozilik sifatida o‘zlariga berilgan davlat mukofotidan voz kechgandilar.

Xususan, 90 nafarga yaqin tarixchi va yozuvchilar ayni norozilik amaliga qo‘shilganlar.

Shohruh Xon esa mazkur masalada o‘z fikrini aytib chiqqan oxirgi va eng mashhur hindistonlik bo‘lmoqda.

Image copyright AFP
Image caption Hindistonning qator mintaqalarida musulmonlar ham mol go‘shti yeyishi mumkin emas

"Mol go‘shti iste‘molini biz katta muammoga aylantirdik. Qanday qilib odamlarning nima yeyishi muammo bo‘lishi mumkin?" - dedi NDTV telekanaliga intervyu bergan kinoaktyor.

"Bu axmoqlik... Shu qadar kuchli nafratni axmoqlikdan boshqa narsa, deb bo‘lmaydi. O‘ylab ko‘ring, nima ovqat yeyish mamlakatdagi eng ulkan muammoga aylanibdi!" - dedi 50 yoshga kirgan san‘atkor.

U vatanparvarlik diniy nafratga asoslanib qolayotganini keskin qoraladi.

Shohruh Xon va millatchilar

Shohruh Xonning ayni fikrlari Hindiston va jahon bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Asli kelib chiqishi musulmon afg‘on bo‘lgan Shohruh Xon - Hindistonning faxri va dunyo bo‘ylab mashhurlikda Amerika aktyorlarini ham yo‘lda qoldirgan.

Shohruh Xon o‘z fikrlari bilan ilgari ham bir necha marotaba aksilmusulmon millatchilar g‘azabini qo‘zg‘atgan.

"Mening ismim Xon" yoki "Men terrorchi emasman" filmi afishalari hindu ekstremistlari tarafidan yoqib yuborilgan.

Image copyright AFP
Image caption Hindu millatchi siyosatchilari bir necha bora musulmon xalq vakillari va faollariga hatto yig‘inlarda ham hujum qilishgan

Hindistonlik jurnalistlarga ko‘ra, Shohruh Xon hindu bayramlari va sayillarida qatnashib, o‘zini dinsiz kishi sifatida tutsa, millatchilarga xush yoqadi.

Ammo qachonki Hindistondagi musulmonlar haq-huquqlari kamsitilishi yoki Islomga nisbatan oshayotgan nafratni tanqid qilsa, hindu millatchilari uni "Bor, Pokistonga ket!" degan shiorlar bilan qoralashadi.

Hindiston - son jihatidan dunyodagi ikkkinchi yirik musulmon mamlakati. Ammo o‘sayotgan iqtisod bois shakllanayotgan o‘rta tabaqa tobora hindu millatchiligiga moyillik ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, Pokiston bilan o‘rtadagi adovatli munosabatlar ham Hindistondagi musulmonlarga nisbatan dushmanona kayfiyatlarni kuchaytirmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Islom dini uzoq asrlardan beri Hindiston taraqqiyoti va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shib keladi.

Hattoki, Hindiston ramzi bo‘lmish Tojmahal maqbarasini ham Boburiy musulmonlar qurishgan.

Tahlilchilarning o‘ylashicha, Hindistonning ajralmas qismi bo‘lmish Islomiy e‘tiqod, musulmon madaniyati va ko‘p millionli musulmonlarni rad etish mamlakat uchun yaxshilikka olib kelmaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq