O‘zbekcha pul siyosati mantig‘i nima?

Image caption O‘zbek so‘mi ikki yil ichida ikki yarim baravar qadrsizlandi, ammo hukumat jim

Qozog‘iston tangasi o‘tgan yillardagi tushib ketgan neft narxlari va Rossiyaga qarshi G‘arbni jazo choralari bois qadrsizlandi.

Prezident Nazarboyev esa Qozog‘iston tangasi qadrini ko‘tarish va uni asrab qolish uchun Markaziy Bank rahbari Kayrat Kelimbetovni vazifasidan chetlatgan.

Hozir uning o‘rniga yosh va zamonaviy moliya masalalarini obdon tushunadigan hamda jahon tajribasidan yaxshi xabardor shaxsning tayinlanishi kutilmoqda.

O‘tgan ikki yil ichida Qozog‘iston milliy tangasi 45% qadrsizlangan. Prezident Nazarboyev bu holatga befarq qarab tura olmasligini izhor etdi.

"Iqtisod va milliy tangamizga nisbatan ishonchning yo‘qolishiga ortiq tomoshabin bo‘lolmaymiz" - degan Nursulton Nazarboyev.

"Pulimiz qadrini oshirish ustida ishlashimiz kerak".

Neftning hozirgi bahosi va Rossiya iqtisodining ahvoli inobatga olinsa, Qozog‘iston tangasi oldida murakkab davrlar turibdi.

Ammo so‘nggi yillari O‘zbekiston so‘mi bozor kursi bo‘yicha qariyb 60% qadrsizlandi.

O‘zbekiston hukumati va mas‘ullari esa bu borada biron chora ko‘rish u yoqda tursin, hatto muammo mavjudligini ochiq tan olishayotgani ham yo‘q.

Qadrsiz so‘m, qashshoq muallim

Ikki yil oldin O‘zbekiston qora bozorlarida 2500 so‘m bir AQSh dollari bo‘lsa, hozir qariyb 6000 so‘mga yaqinlashdi.

Bu esa ham tadbirkorlar va ham davlat byudjetidan maosh oladigan o‘zbekistonliklar orasida xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Image caption 100-150 dollar maosh oladigan kambag‘al o‘qituvchi va shifokorlar moyanasi 50 dollarga tushib ketib, rasman qashshoqqa aylanib qolishdi

O‘zbeklar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga kirishayaptilar va hatto so‘mning qadri tushib ketishiga oid kollajlaru suratlarni chop etishayotir.

O‘qituvchi va shifokor kabi "byudjet xodimlari" ahvoli esa juda yomonlashmoqda.

Tasavvur qiling, narxlar dollarga qarab o‘zgaradi. Lekin maoshlar oshishi dollar ko‘tarilishi yoxud so‘mning qadrsizlanishini hisobga olmaydi.

Deylik, so‘m 60% qadrsizlanib turadi-da, maoshlar bu vaqt davomida nari borsa 20-30% oshadi.

Ya‘ni bir yil oldin 300 ming so‘m yoki 100 dollar maosh olib turgan o‘qituvchining oyligi birdaniga 50 dollar bo‘lib qoladi.

O‘zbekistonda hozir o‘qituvchi yo shifokorning o‘rtacha maoshi 300 ming so‘m bo‘lib, kamdan kam holatlarda 500-600 mingga yetadi.

Xullas, jahon andazalari bo‘yicha hisoblaganda, shundoq ham 100-150 dollarlik maosh olib kambag‘allikda yashab kelayotgan o‘zbek o‘qituvchisi kutilmaganda 50 dollarlik moyana bilan qashshoqqa aylanib qoldi.

O‘zbekistonda aksar ikkilamchi mahsulotlar jahon narxlariga yaqin bo‘lsa-da, hukumat hisobotlariga qaralsa, o‘zbekistonlik o‘qituvchi o‘rtahol yashamoqda.

Hukumat nima qilmoqchi?

O‘zbekiston hukumati muammo haqida hali hamon jamoatchilik oldida gapirayotgani yo‘q.

Ammo o‘tgan aprelda internetga chiqib ketgan ayrim yozishmalarga ishonilsa, O‘zbekistonning hozirgi pul siyosatidan mamlakat Markaziy Banki chuqur xavotirda.

Ayni paytda, O‘zbekiston pul-moliya siyosati na feodal, na kapitalistik yo na sotsialistik mazmunga ega. O‘zbekiston buyruqbozlik yo‘lini tanlagan.

Image copyright none
Image caption Narxlar dollarga qarab o‘zgararkan, so‘m unga yetisha olmayapti...

Deylik, o‘zbek so‘mi zamini biron mahalliy mahsulot yo zaxira bilan mustahkamlanmagan.

Hukumat esa so‘m erkin bozor orqali haqiqiy bahosini topishini istamaydi.

Shu bois konvertatsiya cheklangan va aksar hollarda taqiqlanib qolmoqda.

So‘mning qadrini aniq mahsulot yo zaxira bilan mustahkamlash o‘rniga, hukumat buyruqbozlik orqali masalani hal etishga intiladi.

Masalan muomala uchun naqd 100 so‘m talab qilingan paytda bu pulning atigi bir necha qismini muloqotga chiqaradi.

Ya‘ni sun‘iy defitsit yaratib, so‘mning qadrini ushlab turishga harakat qilib kelmoqda.

Lekin so‘nggi yillardagi so‘mning qadrsizlanishi bu choralar ham ish bermay qolayotganini ko‘rsata boshladi.

"Dangasalar" ishlamasa...

O‘zbekiston hukumatiga ko‘ra, jahondagi moliyaviy inqiroz ham, Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat ham mamlakat iqtisodiga salbiy ta‘sir etmagan.

To‘g‘ri, dunyoga ancha yopiq davlat bo‘lmish O‘zbekiston iqtisodi jahon bilan deyarli integratsiyaga kirishmagan. Shu bois moliyaviy bo‘hron bevosita yetib kelmagan.

Ammo bilvosita omillar O‘zbek iqtisodiga allaqachon zarba berayotir.

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption Rossiyada ishlaydigan o‘zbeklarni Prezident Karimov "dangasalar" deb, ulardan "jirkanishini" ochiq aytgan

Xususan, Rossiyaga qarshi G‘arbning jazo choralari bois u yerdagi yuz minglab o‘zbeklar ishsiz qolib, vatanga qaytishga majbur bo‘lishdi.

Har yili bu muhojirlar O‘zbekistonga yuboradigan bir necha milliard dollarlik mablag‘ esa keskin kamayib ketdi.

Jahonda neft narxlari arzonlashi sababli Qozog‘iston iqtisodiga yetgan zarba ikkinchi to‘lqin bo‘lib O‘zbekistonda ham sezila boshladi.

Chunki Qozog‘istonda ishlaydigan bir millionga yaqin o‘zbekistonlik topadigan daromad ham tushib ketgan.

O‘zbekiston chetda ishlaydigan o‘z fuqarolarini hech qachon himoya qilmaydi va, aksincha, mamlakat ichkarisida ularga nisbatan adovatli hamda salbiy fikr shakllantirilgan.

Hatto Prezident Karimov ham Rossiyada ishlaydigan o‘zbeklarni ochiqdan-ochiq "dangasa" deb atagan va bu o‘zbeklardan "jirkanishini" bildirgandi.

Lekin "dangasalar" prezident "jirkanadigan" ishlarni qilib, vataniga yuborayotgan pullar miqdori kamayarkan, ularni yomonlaydigan O‘zbekistonda so‘m inqirozga yuz tuta boshladi.

Bu esa O‘zbek so‘mi qadrini hukumatning buyruqbozlikka asoslangan siyosati emas, ko‘proq ana shu "dangasalar" tutib turganini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonga qaytayotgan muhojirlar uchun hozir qog‘ozlarda yuz minglab ish o‘rinlari yaratilmoqda. Bu qog‘ozlarga qaraganda, ularning maoshlari ham yomon emas.

Lekin biz gaplashgan va O‘zbekistonga qaytgan ko‘plab muhojirlar oila boqishga yetarli maosh beradigan ish topa olmay, boshlari qotgan.

Ularning aytishicha, imkoni bo‘lsa, yana Rossiyaga ketishardi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio