"Islomiy Davlat": "Rossiya uchog‘ini biz urib tushirdik"

Image copyright AP

O‘zini "Islomiy Davlat" deya yurituvchi guruh Rossiyaning "Kogalimavia" shirkati uchog‘ini Sinay uzra urib tushirganligini yana bir bor da‘vo qilib chiqdi.

Internetda chop etilgan audiobayonotda aytilishicha, 31 kuni ro‘y bergan halokat "Islomiy Davlat"ning Sinay yarim orolida joylashgan bo‘linmasi "Viloyata Sinay" tomonidan amalga oshirilgandir. Go‘yoki ular bu amalni "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirgan kunlarining bir yilligi sanasida uyushtirganlar.

"Lekin buni qanday qilib amalga oshirganimizni ochiqlashga bizni hech kim majbur qila olmaydi", deyiladi audiobayonotda.

A321 halokatidan sal o‘tmay "Islomiy Davlat" mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olgani haqida aytgandi, lekin buning hech qanday dalillarini keltirishmagandi.

Internetda paydo bo‘lgan bayonotdan so‘ng o‘sha kunning o‘zida bu kabi bayonot "Islomiy Davlat"ning rasmiy radiostantsiyasi "Al-Bayan" orqali ham berildi.

Bu bayonotlar shuningdek, "Twitter" va Telegram orqali ham tarqatildi.

Lekin BBC bilan suhbatda Misr prezidenti Abdulfattox as-Sisi "Islomiy Davlat" bayonotini targ‘ibot deya atab halokat sabablari haqida biron xulosaga kelish hozircha erta ekanligini aytdi.

Rossiyaning "Kogalimavia" shirkatiga tegishli Airbus A321 uchog‘i Sinay yarimoroli ustida 31 oktyabr kuni qulab tushgandi.

Uchoqda bo‘lgan hamma 224 inson halok bo‘lgan. Bu butun Sovet Ittifoqi va Rossiya tarixida bo‘lgan eng yirik aviahalokat ekanligi aytilmoqda.

Halokat sabablarini aniqlash bo‘yicha tekshiruv jarayoni hanuz davom etmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio