London-Ostona: Yarim kunda 5 milliard

Image copyright none
Image caption Qozog‘iston va Britaniya o‘rtasidagi iqtisodiy rishtalar mustahkamlanmoqda

"Tushdan keyin yarim kunda 3 milliard funtlik (5 milliard dollar) ishni qoyillatish yomon emas" - deb e‘lon qildi Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvi ortidan Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron.

Ayni hazilnamo haqiqat Britaniya bosh vazirining Qozog‘iston davlat rahbari bilan o‘tgan o‘rtadagi uchrashuvdan naqadar qoniqish hosil qilganini ham ko‘rsatadi.

Kelishilgan 5 milliard dollarlik 40ta shartnoma nafaqat neft va energetika sohalarini, balki kimyoviy ishlab chiqarish hamda farmatsevtika sanoatlaridagi hamkorlikni ham qamrab olgan.

Qozog‘iston neftga qaramlikdan qutulishga va iqtisodni rang-baranglashtirishga intilmoqda. Shunday ekan, Ostona ham ayni safar natijalaridan mamnun.

Janob Nazarboyev ham imzolangan kelishuvlar o‘z mamlakati ishlab chiqarish qudratini oshirishini urg‘uladi.

Bu esa endi Qozog‘iston va Britaniya o‘rtasida bordi-keldi kuchayishini ham anglatadi.

Shu bois, tomonlar Ostona havo yo‘llari Qozog‘istondan Londonga haftasiga beshta to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozni amalga oshirishiga ham kelishib olishgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar shundoq ham ancha jips bo‘lib, hozir Qozog‘istonda yarim mingga yaqin shirkat faoliyatida Britaniya kapitali hissasi bor.

Britan shirkatlari Markaziy Osiyoning eng farovon va eng ulkan iqtisodi bo‘lmish Qozog‘istonga 12 milliard dollarlik sarmoya kiritganlar.

Sobiq Bosh vazir Toni Bleyr Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevga ko‘p million dollarlik moyana evaziga maslahatchilik ham qiladi.

Xabarlarga ko‘ra, neftga boy Qozog‘iston rahbari sharafiga Qirolicha Yelizaveta ham dasturxon yozadigan.

Yoqilg‘i yo demokratiya?

Dauning Strit Bosh vazir Devid Kemeron uchrashuv payti Qozog‘istondagi inson huquqlari masalasini ham ko‘targanini aytmoqda.

Prezident Nazarboyev esa Qozog‘istonda korruptsiyaga barham berish, ochiq va liberal boshqaruvga erishish hamda sud-adliya tizimida adolatni ta‘minlash uchun keng qamrovli islohotlarni kuchaytirayotganini bildirgan.

Lekin Qozog‘iston davlat rahbarining Britaniyaga tashrifi va bu qadar izzat-ikrom bilan kutib olingani ayrim istehzoyu tanqidlarga ham sabab bo‘lmoqda.

Xususan, moddiy manfaatlar inson huquqlaridan ustun qo‘yilmoqda, degan da‘volar yangrayotir.

Britaniyadagi qator nashrlar nafaqat Nursulton Nazarboyev tashrifini tanqid qilishmoqda.

Balki o‘tgan oy Xitoy prezidentining shohona kutib olingani va Misr harbiy prezidenti Abdul Fattoh as-Sisining boshlanayotgan London safari ham qoralanmoqda.

Tanqidchilarga ko‘ra, Buyuk Britaniya iqtisodiy manfaat evaziga bugun diktatorlar poyiga poyondoz tushamoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq