11000 rossiyalik sayyoh Misrdan qaytgan

Image copyright AFP

Rossiya rasmiylari xabar qilishlaricha, so‘nggi 24 soat mobaynida Misrda dam olishda bo‘lgan 11000 rossiyalik sayyoh vataniga qaytarilgan.

Ulardan oldin sayyohlarga tegishli 30 tonna yuk alohida olib borilgan.

Rasmiylar qolgan rossiyaliklarni ham Misrdan olib chiqish davom ettirilishini aytishgan.

8 noyabr kuni Sankt-Peterburgdagi Isakiyevskiy cherkovida uchoq halokatida nobud bo‘lgan insonlar xotirasiga marosim uyushtirilgan.

Misrning Sinay yarim orolida qulagan Eyrbas uchog‘ida bo‘lgan 224 inson xotirasiga ibodatxona qo‘ng‘irog‘i 224 marta bong urgan.

Qurbonlar jasadlarini olib uchgan to‘rtinchi uchoq Sankt-Peterburgning Pulkovo aeroportiga olib borilgan.

Dastlab Britaniya hukumatining Sharm ash-Shayxga parvozlarni bekor qilish qarorini tanqid qilib chiqqan Rossiya hukumatining o‘zi ham 6 noyabrdan Rossiya shirkatlari parvozlarini taqiqladi.

Rossiyalik sayyohlarni alohida, ularning bagajlarini alohida uchoqlarda Misrdan olib chiqishga qaror qilindi.

Rasmiylarga ko‘ra, parvozlarni bekor qilish qarori berilgan paytda Misrda 80000 atrofida rossiyalik sayyoh bo‘lgan.

Matbuotda josuslik xizmatlarining uchoqqa olib chiqilgan bagaj ichiga bomba olib chiqilgan bo‘lishi mumkinligi borasidagi ma‘lumotlari e‘lon qilindi.

Image copyright RIA Novosti

8 noyabr kuni uchoq halokatini tekshirayotgan komissiya a‘zosi Ayman al-Muqadddamning Reyters axborot agentligiga aytishicha, komissiya uchoq halokatiga bomba portlashi sabab bo‘lganiga 90 foiz ishonmoqda.

Janob Muqaddam uchoq "qora quti"sidagi yozuvni tinglash asosida shunday fikrga kelinayotganini aytgan, ammo uchoq havoda bo‘linib ketganiga aniq nima sabab bo‘lganini to‘la ishonch bilan aytishga hali erta, degan.

Sinay yarim orolidagi "ID" jangarilari Rossiya uchog‘ini urib tushirganlarini da‘vo qilib chiqqanlar, lekin qanday qilib urib tushirganlari sababini ochiqlamaganlar.

Amerika maxsus kuchlari Suriyadagi "Islomiy Davlat" rahbariyati va Misrdagi jangarilar o‘rtasidagi suhbatlarni eshitishga muvaffaq bo‘lganlar.

Bu haqida NBC telekanali o‘zining juma kungi dasturida xabar qilgan.

Ma‘lumot kanalga anonimlik sharti bilan xavfsizlik xizmatidan uzatilgan.

Hozirda Sharm ash-Shayx aeroporti xodimlari orasida terrorchi guruh a‘zosi ishlayotgan bo‘lishi mumkin degan xavotirlar yuzaga kelgan.

5 noyabrda Misr hukumati hech qanday izohsiz Sharm ash-Shayx aeroporti direktorini ishdan oldi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio