"Zobulda o‘ldirilgan jangarilarning aksari o‘zbeklar"

Afg‘oniston rasmiylari tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, Zobul viloyatida Tolibonning ikki guruhi o‘rtasida qaqshatqich janglar kelib chiqqan, o‘nlab jangarilar halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning aksari o‘zbeklar, deb aytgan Zobul viloyat politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari G‘ulom Jiloniy Faraxiy.

Qurolli to‘qnashuvlar Tolibonning ko‘pchilik tan olgan rahbari Mullo Axtar Mansurga sodiq hamda Tolibonning yaqinda bo‘lingan guruhi rahbari Mullo Muhammad Rasulga bo‘ysunadigan jangarilari o‘rtasida kelib chiqqan.

Zobul viloyati rasmiylari xabar qilishlaricha, qattiq janglar 7 noyabr tongida viloyatning Xoki Afg‘on va Arg‘andob tumanlari hududida boshlangan.

Ushbu ikki tuman ham Tolibon nazorati ostida.

Zobul viloyati politsiyasi boshlig‘i muovini G‘ulom Jiloniy Farahiyning "Frans Press" axborot agentligiga aytishicha, janglar oqibatida Mullo Axtar Mansurga sodiq 20 jangari, Mullo Dodulloga bo‘ysunadigan 60 qurolli halok bo‘lgan.

Mullo Dodullo Tolibonning yangi guruhiga vaqtinchalik rahbar etib tayinlangan Mullo Muhammad Rasulning o‘rinbosari.

Image caption Tolibon yangi guruhi Mullo Rasulni rahbar etib tayinlagani haqida 3 noyabrda e‘lon qildi

"Jangarilarning aksari Mullo Dodulloning guruhidan o‘ldirilgan, ular orasida o‘zbekistonlik xorijiy jangarilar ham bo‘lgan", deb aytgan Zobul viloyati politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari janob Farahiy.

Ammo Xoki Afg‘on va Arg‘andob tumanlari Tolibon nazorati ostida bo‘lgani bois Zobul politsiyasi boshlig‘i muovini G‘ulom Jiloniy Faraxiy Tolibon talofoti haqida olgan ma‘lumotlarni tekshirish imkonsiz bo‘lgan.

Tolibon harakati o‘zining ikki guruhi o‘rtasida janglar kelib chiqqani haqida hozircha axborot tarqatmagan.

Boshqa Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, janglar hamon davom etmoqda.

Ularning aytishlaricha, Tolibonning Mullo Rasul yetakchiligidagi qanotiga Iroq va Suriyada "Islomiy Davlat" barpo etganini e‘lon qilgan guruhga sodiqlikka qasamyod bildirgan jangarilar qo‘shilganlar.

"Associated Press" axborot agentligiga anonim qolish sharti bilan gapirgan Mullo Axtar Mansurga sodiq qo‘mondon aytishicha, dastaklovchi jangarilari soni kamligidan Mullo Rasul guruhi "Islomiy Davlat"ga qo‘shilgan.

"Mullo Rasul guruhi Axtar Mansurga teng kelolmasligi aniq. Shuning uchun ular "ID"ga qo‘shilganlar. Biz buni bundan oldin ham aytib kelganmiz, mana endi bu gap tasdiqlandi", deb aytgan Tolibon qo‘mondoni.

Ko‘plab tahlilchilar Tolibon ichida bo‘linish uzoq vaqtdan buyon mavjudligini aytib keladilar.

Biroq bu bo‘linish qurolli to‘qnashuvga aylanishi Tolibon asoschisi Mullo Umar o‘limidan keyin kuzatilayotgan ilk to‘qnashuvdir.

Shu yil iyul oyida Afg‘oniston hukumati Mullo Umar o‘limi haqida e‘lon qilgan, bundan ko‘p o‘tmay Tolibon guruhga Mullo Axtar Mansur rahbar etib saylangani haqida bayonot bilan chiqqan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio