Murod Jo‘rayev ozod etildi

Image copyright ezgulik
Image caption Murod Jo‘rayev va Vasila Inoyatova

O‘zbekistonning eng uzoq qamoqda qolayotgan siyosiy mahkumlaridan biri Murod Jo‘rayev ozod qilingan.

Bu haqda inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati xabar tarqatgan.

"Ezgulik"ning matbuotga tarqatgan bayonotida aytilishicha, Murod Jo‘rayev Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi Chirchiq qamoqxonasidan ozodlikka chiqarilgan.

"Murod Jo‘rayevning ozod qilinishi jarayonida mahkumning oila a‘zolari, "Ezgulik" jamiyati faollari ishtirok etishdi. Muassasa ma‘muriyati tomonidan oila a‘zolari va huquq faollariga topshirilgan 21 yillik mahkum Murod Jo‘rayev ona yurti Qashqadaryo viloyatiga jo‘nab ketdi. Uning sog‘lig‘i, kayfiyati yaxshi", deyiladi bayonnomada.

O‘zbekiston hukumati har gal AQSh va G‘arb davlatlari bilan munosabatlar nisbatan iliqlashganida mamlakatdagi taniqli siyosiy mahkumlarning ayrimlari ozod etib turadi.

Bu esa, kuzatuvchilarga ko‘ra, Toshkentning G‘arb bilan o‘ziga xos siyosiy "oldi-berdi"siga aylanib qolgan.

Sal avvalroq O‘zbekistonga AQSh Davlat kotibi Jon Kerri safar qilgan va xabarlarga ko‘ra, rasmiy Toshkent bilan muzokaralar davomida inson huquqlari masalasiga ham to‘xtalgan edi.

"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati Murod Jo‘rayevning qamoqdan chiqqanini olqishlagan, kelajakda boshqa siyosiy mahkumlar ham ozod etilishiga umid bildirgan.

O‘zbekistonda siyosiy mahkum oz emas

Image copyright Google map
Image caption Jasliq qamoqxonasida ham siyosiy va diniy ayblovlar bilan mahkumlar borligi aytiladi

Ba‘zi xabarlarda, Samarqandda Jon Kerri bilan kechgan muzokaralarda Prezident Karimov ayrim siyosiy mahbuslar masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgani xabar qilingandi.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston qamoqxonasidagi jurnalistlar Muhammad Bekjon, Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid hamda A‘zam Farmonov va A‘zam Turg‘unov kabi huquq faollarini ozod etishga chaqirib keladi.

Mohiyatan diniy ayblovlar bilan qamoqqa tashlanganlar soni haqida esa aniq ma‘lumot yo‘q.

So‘nggi oylarda, huquq faollariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab yana qama-qamalar to‘lqini boshlangan.

Mustaqil jurnalistlardan birining aytishicha, o‘nlab o‘zbekistonliklar diniy ekstremistik guruhlarga a‘zolik va ularni qo‘llab-quvvatlash ayblari bilan qo‘lga olingan.

O‘zbekiston qamoqxonalarida muttasil qiynoq qo‘llanish holatlari mamlakatni butun dunyoga tanitgan salbiy sifatlardan biri sanaladi.

Eng uzoq o‘tirgan mahkum

Image caption Siyosiy mahkumlarning hammasi ozod etilgani yo‘q, ammo umid bor...

Muxolifatdagi "Erk" partiyasi a‘zosi bo‘lgan 63 yoshli Murod Jo‘rayev 1995 yilda davlat hokimiyatini ag‘darishga urinishda ayblanib, 12 yilga mahkum etilgan.

Uning qamoq muddati uch marta uzaytirilgan.

Shu yil boshida Murod Jo‘rayevni Chirchiqdagi qamoqxonada borib ko‘rgan ayoli Xolbeka Jo‘rayeva turmush o‘rtog‘i sog‘ligi yomonlashgani sabab mehnatdan ozod qilinganini aytgan edi.

Rafiqasi uning doimiy bosh og‘rig‘i va holsizlikdan azob chekayotgani, hamma tishlari to‘kilib ketganini aytgan.

1980 yillarning ikkinchi yarmida Murod Jo‘rayev Qashqadaryo viloyatidagi Muborak shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, bu yillarda Prezident Islom Karimov Qashqadaryo viloyatini boshqargan.

Murod Jo‘rayev hali Boris Yeltsindan ham ilgari kommunistik partiyaning Muborakdagi boshlang‘ich tashkilotini tarqatib yuborgan. U 1990 yilda saylangan O‘zbekiston parlamenti deputati bo‘lgan.

Yaqin o‘tmish hikoyasi - Pahlavon Sodiq, BBCUZBEK.COM

"Egilmagan, bukilmagan, sinmagan!

1999 yil kuzida Oliy Sudda Toshkent portlashlari yuzasidan sud majlislaridan biriga Murod Jo‘rayevni qo‘llarida kishan bilan guvoh sifatida olib kelishdi. Men Murod akani, to hakam ismi-sharifini e‘lon qilmagunicha tanimadim. Oxirgi marta uni 1994 yilda Turkiyada ko‘rgan edim. Ozib-to‘zib ketgan, faqat quloqlari qolgan edi, xolos. Kontslagerdagi mahbuslarga o‘xshar edi. Haqiqatda ham kontslager nomini olgan Jasliqdagi qamoqxonadan olib kelingandi, adashmasam. Hakam ism-sharifini tasdiqlagandan keyin undan: "Muhammad Solihni taniysizmi?" deb so‘radi. Murod aka "taniyman", deganidan keyin "qanday odam?" deb savol berdi. Men hozir tomosha boshlansa kerak, Murod akani Muhammad Solihni yomonlash uchun olib kelishgan, deb turgan edim, Murod Jo‘rayev vazmin, horg‘in bir ovozda "Men tanigan Muhammad Solih millatparvar, vatanparvar va demokrat odam" deb javob berdi. U "demokrat" so‘ziga alohida urg‘u berdi. Chunki Muhammad Solih terrorchi sifatida ayblanayotgan edi. Va "meni to‘g‘ri tushuninglar, men 1994 yildan beri qamoqdaman, undan keyin hech kim bilan ko‘rishmadim", deb qo‘shimcha qildi. Hakam gapni uzatib o‘tirmadi va "olib chiqib ketilsin" dedi. Murod Jo‘rayevning guvohligidan hafsalasi pir bo‘lganini yashirib ham o‘tirmadi. Qaytaga buni zalda o‘tirganlarga ko‘rsatishga harakat qildi. Men sud jarayonlarini ko‘p ko‘rgan va qamoqxonalardagi ahvolni yaxshi bilsam ham, Murod akaning holati menga yomon ta‘sir qildi. Ko‘zimga yosh keldi. Boshqalar ko‘rib qolmasin, deya tez-tez yurib, sud zalidan chiqib ketdim. Ancha paytgacha o‘zimga kelolmay yurdim. Murod aka undan keyin ham qariyb 16 yil o‘tirdi. Ehtimol, ana shu so‘zlari uchun o‘tirdi. "Haqiqat egiladi, bukiladi, sinmaydi", degan mujmal gap bor. Buni Abdulla Oripov "Haqiqat egiladi, bukiladi, sinmaydi, ammo egilib, bukilganda qobirg‘alari sinib ketadi" deb yanada mujmallashtirgan. (Shoir buni 1987 yilda Navro‘zni yomonlab qo‘yib, keyin zamon o‘zgargach, yana uni yaxshilash uchun aytgandi). Ammo men haqiqatning egilib, bukilib, o‘zbekcha aytganda, qulluq qilib, choy tashib yurishini tasavvur ham qilolmayman. Haqiqat egilmaydi ham, bukilmaydi ham, sinmaydi ham. Zotan, egilib, bukilsa, albatta sinadi. Bunga Murod akaning shuncha yillik qiynoq va iskanjalardan so‘ng, Vasila opaga suyanib bo‘lsa ham, qaddini tik tutib turgani misol. Ammo xalqimizda bundan mantiqliroq boshqa bir gap bor ekan. Buni 2013 yilda qamoqdan chiqqan Mamadali Mahmudovni ko‘rgani borganimda kashf qildim. Mamadali akani Jizzaxning chekka bir qishlog‘idan yaqin qarindoshlari-o‘zlari tengi bir ayol kishi ko‘rgani keldi. Va so‘rasharkan, birinchi aytgan gapi "o‘sha yerlarning sho‘r tuzini yalab keldingizmi?" degan gap bo‘ldi. Menga bu so‘rashish juda qiziq, ayni paytda juda ham o‘rinli tuyuldi. Xalqimiz qanchalik dono! Chunki 17 yil qamoqda o‘tirib kelgan odamdan "yaxshi keldingizmi?" deb so‘rash g‘alati. Ammo "sho‘r tuzlarni yalab keldingizmi?" degan gap juda mantiqli edi. Murod aka ham 21 yil davomida ne-ne qamoqxonalarning sho‘r va zaharli tuzlarini yalab keldi..."

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq