Dushanbe hokimi: noqonuniy masjidlar buzilsin

Tojikiston ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, Dushanbe shahri hokimi jamoa joyi ko‘rinishi ostida foydalanib kelingan noqonuniy masjidlarni buzish haqidagi qarorga imzo qo‘ygan.

Asia-Plus mustaqil axborot agentligi xabariga ko‘ra, Dushanbe meri Mahmadsaid Ubaydulloyev shaharsozlik, me‘morchilik, yong‘in xavfsizligi, sanitariya va epidemiologiya talablariga javob bermaydigan masjidlarni buzish haqidagi qarorni 7 noyabr kuni imzolagan.

Tojikiston poytaxti tumanlari rahbarlariga noqonuniy barpo etilgan deb ko‘rilayotgan masjidlarning binolaridan boshqa maqsadlarda foydalanish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishga farmon bergan.

Bunda o‘sha binolar sanitariya, arxitektura va yong‘in xavfsizligi talablariga javob berishiga e‘tibor qaratish lozimligi urg‘ulangan.

Dushanbe shahri hokimi, agar masjid binosi talablarga javob bersa, ulardan informatsion texnologiyalarni o‘rganish markazi, kichik ishlab chiqarish tsexi, madaniy-dam olish markazi sifatida foydalanish yoki madaniyat, tibbiyot muassasalari, huquqni muhofaza qilish organlari ixtiyoriga berish haqida o‘ylab ko‘rishni maslahat bergan.

Asia-Plus Dushanbe merining avgust oyida jamoat joyi deb ko‘rilgan binolarning o‘z maqsadi bo‘yicha foydalanilayotgani yoki yo‘qligini o‘rganib chiqishga buyruq berganini eslatgan.

Tojikistondagi masjidlarning qonuniy-noqonuniyligini tekshirish Markaziy Osiyoda yagona rasmiy islomiy partiya bo‘lib kelgan "Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi" terrorchi tashkilot deb e‘lon qilinishi ortidan boshlangan.

"Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi" rahbari Muhiddin Kabiriy shu yil bahorida mamlakatni tark etishga majbur bo‘lganini e‘lon qildi.

Sentyabr oyi boshida Dushanbe va atrofida qurolli hujumlar uyushtirildi, Tojikiston hukumati ushbu zo‘ravonliklarda Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, marhum Abduhalim Nazarzodani aybladi.

Tojik rasmiylariga ko‘ra, "Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi" rahbari Muhiddin Kabiriy va sobiq Mudofaa vaziri muovini Abduhalim Nazarzoda davlatga qarshi to‘ntarish rejalaganlar.

Ushbu ayblovlar ortidan islomiy partiyaning o‘nlab a‘zolari hibsga olindi.

"Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi" mamlakat qonunchiligi mudofaa vaziri o‘rinbosarini biror bir partiyada bo‘lishini taqiqlashini ta‘kidlab, marhum general Abduhalim Nazarzoda bilan aloqalari bo‘lmganini e‘lon qildi.

Tojikiston matbuotida Sho‘ro zamonini eslatuvchi "davlat tinchligini ko‘rolmaydiganlar" haqida targ‘ibot-tashviqot kuchaytirilgan.

Matbuotda Tojikistonning masjidlar, imomlar va masjidga boruvchilar ustidan qattiq nazorat o‘rnatgan, haqiqiy siyosiy muxolifatni mamlakatdan chiqarib yuborgan O‘zbekiston yo‘lidan borayotgani haqida maqolalar ham e‘lon qilingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq