"O‘zbekistonda yana ommaviy hibslar to‘lqini boshlangan"

O‘zbekistondagi inson huquqlari tashkilotlari va oddiy fuqarolardan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, huquq-tartibot organlari dindorlarni ommaviy ravishda hibsga olmoqda.

Norasmiy O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi tarqatgan xabarga ko‘ra, shu kungacha hibsga olingani aniq bo‘lgan insonlar soni 150 dan ortgan va kun sayin ko‘payib bormoqda.

O‘zbekiston hukumati faqat namoz o‘qigani uchun "Vahhobiy", "Hizbut-Tahrir" va boshqa tamg‘alar bilan musulmonlarni ko‘p sonda qamash kampaniyasini boshlaganiga ham 20 yildan oshdi.

Jinoyat ishlarida 1999 yil Toshkent portlashlariga aloqadorlik, O‘zbekiston Islomiy harakatiga aloqadorlik ayblovlari ilgari surilgan minglab namozxonlar qo‘lga olindi, ularning mahkamalarda faqat aybi namozxon bo‘lgani, boshqa davlat yoki konstitutsion tuzumga qarshi biror amalga qo‘l urmagani haqida aytgan gaplari, "noqonuniy diniy tashkilot a‘zosi" ekani haqidagi iqrornomaga shafqatsiz qiynoqlar ostida imzo chekishga majbur bo‘lganini e‘lon qilganlari inobatga olinmadi.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari O‘zbekiston hukumati "xalqaro terrorizm" vahimasi bilan o‘z xalqini qo‘rquvda ushlab kelayotgani, o‘zgacha fikrlovchilarga o‘tkazayotgan bosimlarini G‘arb oldida "islomiy ekstremistlar xavfi" bilan oqlashga intilishini anchadan buyon tanqid qilib keladilar.

Oxirgi yillarda "qama-qamalar" birmuncha kamaygani kuzatilgandi.

Bu gal ommaviy hibslarga "Islomiy Davlat" tahdidi bahona bo‘lgan.

Inson huquqlari tashkilotlari va oddiy o‘zbekistonliklarning xabar qilishlaricha, Rossiyada bo‘lgan payti kompyuterda "Islomiy Davlat" haqidagi xabarni o‘qigan inson ham bugun O‘zbek militsiyasi va maxsus xizmatlari ko‘zi o‘ngida IDning a‘zosiga aylangan.

Hibsga olinayotganlar asosan Rossiyadan mehnat muhojirligidan qaytgan insonlar.

O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi tarqatgan xabariga ko‘ra, Ichki Ishlar vazirligi va Milliy Xavfsizlik xizmati Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ommaviy hibslarni oktyabr oyining boshidan boshlagan.

Qo‘lga olingan insonlar o‘zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruh tarafida Suriyada urush qilishga tayyorlanishga gumon qilinmoqdalar", deya xabar qiladi Tashabbus guruhi.

Tashabbus guruhiga ma‘lum bo‘lgan hibsga olinganlarning aksari Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi "Oltin tepa", "Nazarbek", "Eshon guzar", "Pochta" mahallalari, Toshkent shahridagi "Tanov" mahalassi yashovchilaridir.

Toshkent shahridagi "Abdulloh masjidi imom-xatibi G‘ulomiddin Hoji Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhiga birgina "Oltin tepa" mahallasidan 16 kishi qo‘lga olinganini tasdiqlagan.

Ushlanganlar Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi muvaqqat izolyatorlarda, "Toshturma"da saqlanmoqdalar va IDga a‘zoligini bo‘yniga olishi uchun qiynoqlarga tutilmoqdalar, deb xabar tarqatgan IGNPU.

Shuningdek, oxirgi oylarda O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan "noqonuniy diniy tashkilotga a‘zolik" aybi bilan ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlarga nisbatan qiynoqlarni qo‘llash ko‘paygani haqida xabarlar olinmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio