Putin: "Rossiya Suriyada Asadga qancha kerak bo‘lsa, shuncha qoladi"

Image copyright AFP
Image caption Putinning aytishicha, Rossiya Suriyada xalqaro terrorchilikka qarshi kurashmoqda

Prezident Putinning aytishicha, Rossiya kuchlari Bashar Asad qancha muddat qo‘llab-quvvatlovga muhtoj bo‘lsa, shuncha muddat Suriyada qoladi.

"Bashar Asad kuchlari hujum amaliyotlarida havodan dastakka ehtiyoj sezarkan, Rossiya aviatsiyasi Suriyadagi amaliyotlarini davom ettiradi", - deb aytgan janob Putin.

U bu haqda Turkiya va Rossiya ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida gapirgan.

"Suriyadagi amaliyotlarning muddatiga kelsak, - degan Putin, - Rossiya kuchlari oldiga aniq maqsad qo‘yilgan-Suriya armiyasining terrorchilarga qarshi hujumlarida havodan dastak berish. Harbiylarimizning qanchalik uzoq qolishi istisnoli tarzda ana shu maqsadga erishilishiga qarab belgilanadi".

Rossiya rahbari yana bir marta Suriyadagi amaliyotlardan maqsad "Asadni qo‘llab-quvvatlash emas, balki xalqaro terrorchilikka qarshi kurash" ekanini urg‘ulagan.

Juma kuni Rossiya mudofaa vazirligi Suriyadagi Harbiy-fazo kuchlari amaliyotida ja‘mi 34 ta qo‘mondonlik punkti, 184 ta istehkom, ikkita qurol-yarog‘ zavodi va uchta jamloq vayron qilingani haqida hisobot bergan.

Ammo bu nishonlarning hammasi "Islomiy davlat"ga tegishli yoki yo‘qligiga aniqlik kiritilmaydi.

Rossiya sentyabr oxiridan buyon Suriyada havo zarbalarini amalga oshirib keladi.

Mudofaa vazirligining hisobotlariga ishoniladigan bo‘lsa, hozirga qadar 137 ta jangovar uchish amalga oshirilgan.

Ularda Aleppo, Damashq, Idlib, Latakiya, Raqqa, Xama va Xomsdagi 448 inshoot nishonga olingan.

Ammo Bellingcat jurnalistik tadqiqot guruhi rasmiy raqamlarni savol ostiga oladi.

Guruhning ochiq manba‘larda e‘lon qilingan ma‘lumotlarga tayanib aytishicha, aslida Rossiyaning havo zarbalari "Islomiy davlat"ga aloqasi bo‘lmagan inshootlarni nishonga olgan.

Bundan tashqari, guruh geolokatsiya yordamida bombalar Rossiya mudofaa vazirligi aytayotgan nishonlarga emas, balki butunlay boshqa joylarga tushganini aniqlagan.

Moskva bu da‘volarni rad etadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio