Parij hujumlari: Bir hujumchi shaxsi aniqlandi

Image copyright Reuters
Image caption Kontsert zalidagilarga tanlamasdan o‘t ochilgan

Parijda 129 odamni o‘ldirgan va 350 odamni yaralagan yetti hujumchidan birining shaxsi aniqlangan. Frantsiya politsiyasiga ko‘ra, hujumchilardan biri 29 yoshli Omar Ismoil Mostefay bo‘lib, u asli jazoirlik Frantsiya fuqarosidir.

Shanba tongida unga yaqin bo‘lgan olti kishi qo‘lga olingan.

Politsiya ikki restoranga qarshi hujumda qo‘llanilgan qora Seat mashinasini ham topganini aytdi.

Frantsiyada uch kunlik motam e‘lon qilingan.

Yakshanba kuni Parijning Notr Dam cherkovida qurbonlarning oilalari va omon qolganlar uchun maxsus ibodat marosimi bo‘lib o‘tadi.

Juma kuni yuz bergan va Islomiy Davlat mas‘uliyatni qabul qilgan hujumlarda Parijdagi kontsert zali, yirik stadion, restoranlar va barlar nishonga olingan.

Bosh Vazir Manuel Vals Islomiy Davlatning "juda yaxshi tashkillashgan guruh" deya tasvirladi va Frantsiya Suriyadagi IDga qarshi havo hujumlarini davom ettirishini bildirdi.

Prezident Fransua Olland Turkiyadagi Yirik 20 sammitidagi ishtirokini bekor qilgan va hozirda qator rahbarlar bilan majlislar o‘tkazmoqda.

Mayda jinoyatchi

Xabarlarga ko‘ra, Mostefayning shaxsi 80 kishining o‘limi bilan yakun topgan Bataklan kontsert zalida topilgan barmoq yordamida aniqlangan.

Image copyright Getty Images
Image caption Frantsiyada uch kunlik motam e‘lon qilindi

U Parijga 25 chaqirim masofada joylashgan Kurkuron shahridan bo‘lgan. Mahalliy deputatning aytishicha, Mostefay 2012 yilgacha yaqin oradagi Shartre shahrida yashagan.

U Shartrega yaqin joylashgan masjidga muntazam ravishda borgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Mostefay mayda jinoyatlar bilan bir necha bor qo‘lga olingan, ammo biron marta ham qamalmagan. Xavfsizlik kuchlari uni 2010 yilda radikallashgan deya qayd qilishgan, lekin u aksil-terror xizmatlari tomonidan tergov qilinmagan.

Politsiya u 2014 yilda Suriyaga safar qilgani yo qilmaganini aniqlashga urinmoqda.

Hozirda qo‘lga olingan olti kishi orasida uning otasi, akasi va kelinoyisi borligi aytiladi.

"Bu telbalik, be‘manilik. Men o‘zim kecha kechqurun Parijda edim, u yerdagi boshboshdoqlikni o‘zim ko‘rdim", - deb aytgan Mostefayning akasi qo‘lga olinishidan avval.

U oilaviy mojaro tufayli ukasi bilan bir necha yildan beri aloqasi bo‘lmagani, ammo ayni damda o‘z ukasining radikallashgani haqida eshitib hayron qolganini bildirgan.

Unga ko‘ra, ukasi oiladagi olti farzanddan biri bo‘lgan, hamda o‘z oilasi va qizi bilan Jazoirga safar qilgan.

Belgiya aloqasi

Ayni damda restoranlarga qarshi o‘t ochishda qo‘llanilgan qora Seat mashinasi Parijning sharqiy Montrey mavzesida topilgan.

Image copyright LE MONDE
Image caption Bataklan kontsert zalidagilar turli yo‘llar bilan qochishga uringanlar

Frantsiya va Belgiya chegarasida uch kishi hibsga olinishi ortidan, Belgiya aloqasi ham tergov qilinmoqda.

Parij bosh prokuroriga ko‘ra, Bataklanda topilgan Folksvagen Polo mashinasi Belgiya nomerlariga ega bo‘lgan va Belgiyada yashayotgan Frantsiya fuqarosi tomonidan ijaraga olingan bo‘lgan.

Mazkur Frantsiya fuqarosi shanba tongida boshqa mashinada ikki yo‘lovchisi bilan Belgiyaga o‘tishga uringanida politsiya tomonidan qo‘lga olingan.

Aytilishicha, bu uch kishi hujum sahnasidan qochishga muvaffaq bo‘lgan guruh bo‘lishi mumkin.

Bosh prokurorga ko‘ra, hujumlar ortida o‘zaro muvofiqlashgan uchta guruh turgan bo‘lishi ehtimoli katta.

"Biz ular qayerdan kelganlari va qanday moliyalanganlarini aniqlashimiz kerak", - deb aytgan u.

Gretsiya rasmiylari tasdiqlashlaricha, Stad de Frans stadioni yonida o‘zini portlatgan hujumchilardan biri yonida topilgan Suriya pasporti o‘tgan oy Gretsiyaning Leros oroli orqali Ovro‘poga kirgan shaxsda bo‘lgan.

Frantsiyada Ikkinchi jahon urushidan beri eng yirik deya ko‘rilayotgan hujumlar tufayli Prezident Olland favqulodda vaziyat e‘lon qilgan.

Islomiy Davlat "ehtiyotkorlik bilan tanlangan" nishonlarga hujumni amalga oshirgani va bu Frantsiyaning Suriya va Iroqdagi ID jangarilariga qarshi havo hujumlariga javob ekanini aytib chiqdi.

Siz Parijdamisiz? O‘z munosabatingizni bildirmoqchi bo‘lsangiz, biz bilan bog‘laning.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio