ID: Parij hujumlarini biz uyushtirdik

Image copyright Getty

O‘zini "Islomiy Davlat" deb atagan guruhi kamida 128 inson o‘limiga olib kelgan Parij hujumlari uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

ID bayonoti Internetda e‘lon qilingan.

Bu bayonotda hujumlar oldindan rejalashtirilgani, ularni xudkushlik belbog‘i taqqan va qo‘llarida qurollari bo‘lgan sakkiz kishi amalga oshirgani aytilgan.

ID bayonotida aytilishcha, bu hujumlar Frantsiya hamon o‘zlari uchun "asosiy nishon" bo‘lib turganini ko‘rsatish uchun amalga oshirilgan.

Bundan oldin Frantsiya Prezidenti Fransua Olland 13 noyabr tunidagi hujumlarda "Islomiy Davlat"ni ayblab chiqdi.

Prezident Olland ushbu hujumlarni "urush amali" deb atagan.

Prezident Fransua Alland aytishicha, hujumlar Frantsiyadan tashqarida rejalangan va tashkillashtirilgan, mamlakat ichkarisidan turib dastaklangan.

Garovgirlik hodisasi, otishmalar va portlashlar ortidan butun Frantsiyada favqulodda vaziyat e‘lon qilingan, mamlakat chegaralari yopilgan.

Zo‘ravonliklar natijasida 200 inson jarohatlangan.

Politsiya yaralanganlardan 90 nafarining ahvoli og‘ir ekanini aytgan.

Eng ko‘p inson Bataklan teatrida halok bo‘lgan.

Kaliforniyadan kelgan Eagles of Death Metal rok guruhi kontserti tomoshabinlarini bir necha qurolli shaxs garovga olgan.

Image copyright EPA

Politsiya Bataklan teatriga shturm uyushtirgan, u yerda kamida 80 inson halok bo‘lgan.

Frantsiya va Olmoniya jamoalari o‘rtasidagi futbol o‘yini borayotgan Stad De Frans stadioni yonida uch portlash eshitilgan.

Politsiyaga ko‘ra, Parijdagi besh bar va restoranlarga qarata o‘t ochilgan.

Hujumchilardan sakkiz nafari o‘ldirilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, hujumchilardan yettitasi xudkushlik belbog‘i bilan o‘zini o‘zi portlatgan.

Biroq politsiya hujumchilarning yana sheriklari bor yoki yo‘qligi noma‘lumligini aytmoqda.

Parij yashovchilariga uylaridan ko‘chaga chiqmaslik maslahati berilgan.

Shaharning turli bo‘lgalariga 1500 askar joylashtirilgan.

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland mamlakati hujum qilganlarga qarshi shafqatsiz kurashishini aytgan.

Image copyright AFP

Prezident Barak Obama AQShning Frantsiya bilan birdamligini aytgan.

"Biz Frantsiya bilan terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashda birgamiz. Bu yurakni o‘rtaydigan vaziyat va biz Amerikada buni tushunamiz, chunki o‘zimiz bu kabi holatlarda bo‘lganmiz", deb aytgan maxsus telebayonot bilan chiqqan Prezident Obama.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron bu hujumlardan larzaga tushganini aytgan, Frantsiyaga yordam berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga va‘da bergan.

Shanba va yakshanba kunlariga Parij shahrida rejalangan barcha sport musobaqalari bekor qilingan.

"Disneylend-Parij" ko‘ngilochar parki yopilgan.

Olmoniya Kantsleri Angela Merkel Parij shahriga hujumlar tashkilotchilarini topishda Olmoniya Frantsiyaga yordam beradi, deya va‘da qilgan.

Italiya Parij hujumlari munosabati bilan xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio