"Rahbarning bolasi istaganini qilishga haqli"

Image copyright BBC World Service
Image caption Ko‘pchilikka ko‘ra, Gulnora Karimova xalqning duosini olgan

Davlat rahbarlarining farzandlari nima qilayotgani bilan qiziqasizmi, degan savolimizga ko‘pchilik "yo‘q" degan mazmunda javob yo‘llagan.

Aksar o‘zbek o‘quvchilariga ko‘ra, rahbarlarning farzandlari xalq oldida hisob berishi shart emas.

"Podshoh Ollohning soyasi, shuning uchun ularni muhokama qilish noo‘rin" - birinchilardan bo‘lib fikr qoldirgan Ozod O‘rinov ismli tinglovchimiz.

"30 million aholining tinchligi va to‘qligini eplagan insonning farzandlari xohlaganicha yashashga haqli".

Ko‘pchilik o‘quvchilar mazkur fikrlarni ma‘qullashgan.

Ismail Habib uni juda aqlli fikr, deb izohlasa, Mirzaaxmedov Mx ayni so‘zlarga 1000ta yoqdi degan tugmacha ham kamlik qilishi eslatadi.

Lekin Nurali Satimov ismli o‘quvchi, aksincha, mazkur izohlarni paxta qo‘yish, deb ataydi.

"Oddiy bo‘lishsin..."

Qator tinglovchilarning yozishicha, davlat rahbarlari va arboblari yoki jamiyatda muayyan mavqega ega shaxslarning shaxsiy hayoti hamda farzandlari kimligi, nima bilan shug‘ullanishlari jamoatchilikni har doim qiziqtiradi.

Deylik, Farhod Abdurahmonovning yozishicha, davlat rahbarlarining farzandlari boshqa insonlarga o‘zlarining oddiyliklari, bilimdonlik, halollik va boshqa fazilatlari bilan o‘rnak bo‘la olsalar, bundan jamiyatga ancha foyda kelardi.

"Agarki, davlat rahbarlarining farzandlari o‘z ota-onalari mavqe‘larini suiste‘mol qilib, davlatda o‘rnatilgan qonun-qoidalarni oyoq osti qilgan holda, davlat mablag‘larini g‘ayriqonuniy o‘zlashtirib boyib ketsalar, jinoiy ishlarga qo‘l ursalar, bunday sharoitda ularning hatti-harakatlari odil sudlov yo‘li bilan muhokama etilishi hamda jazolanishi shart" - deb yozadi Farhod Abdurahmonov.

Aksar o‘quvchilar prezident tufayli mamlakat va xalq tinch yashayotganini ta‘kidlashgan va davlat rahbarini duo qilganlar. Xuddi shu nuqtai nazardan O‘zbekiston rahbarlari hamda ularning oila-a‘zolari nima ishlar bilan shug‘ullanayotganlarini muhokama etishni nojoiz harakat sifatida baholashgan.

Hikmat Ziyadullayev ismli o‘quvchimizga muvofiq, asosiysi, davlat rahbarlarining bolalari o‘z hatti harakatlari bilan ota-onalari yuzini yerga qaratmasliklari kerak.

"Yaxshiyam Karimov qattiqqo‘l"

Anvar Zafarych ismli Facebook foydalanuvchisining o‘ylashicha, agar Prezident Karimov shunaqa qattiqqo‘l bo‘lmaganida, O‘zbekiston ham Afg‘onistondan farqi qolmasdi.

"Yurtni tinch ushlab turibdimi, bo‘ldi, oilasining qancha puli borligi bilan kimning nima ishi bor?" - savol qo‘yadi Anvar Zafarych - "Men prezidentim qashshoq bo‘lishini istamasdim".

Ulug Bek taxallusi bilan fikr qoldirgan o‘quvchimiz Islom Karimovni malakali iqtisodchi va siyosatchi deya atab, O‘zbekiston prezidentiga ishonishini ta‘kidlaydi.

"Bolalariga kelsak, ular ham qancha xalqning duosini olishdi, masalan, Gulnora Karimova imkoniyati cheklanganlarga xatna to‘ylar, nikoh to‘ylar qilib berganidan butun O‘zbekiston xabardor" - fikrini davom ettiradi o‘quvchimiz.

"Gulnora Karimova ko‘pgina xayrli ishlar qildi, xalq uni sevadi!!!" - xitob qiladi Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘ida fikr qoldirgan Gulya Baxtiyarovna.

"Dinimizda silai rahm, degan narsa bor" - yozadi Naima Pulatova ismli o‘quvchi - "Birinchi navbatda inson o‘z farzandlariga va yaqinlariga yaxshilik qilishi kerak".

"Prezidentimiz milliardlab pulni hammaning cho‘ntagiga solib qo‘ya olmaydi" - deydi o‘z izohida Naima Pulatova.

"Agar men rahbar bo‘lsam, men ham hamma qarindosh-avlodimgacha millionlab dollar yordam berardim. Bu ishni dunyodagi barcha inson qiladi" - e‘tiroz bildirgan Myslima Charipova nomli foydalanuvchi.

Unga ko‘ra, shuning uchun ham kim qanday yashaydi yoki qancha puli borligini muhokama qilish kerak emas.

Davlat rahbarlari bolalari nima ishlar bilan mashg‘ulliklari sizni qiziqtiradimi, degan savol ularning mablag‘u boyliklari haqidagi bahsga aylanib ketgan.

"Qaddini ursin!" - deb yozgan Facebookda Nuriddin Tursunov Allanazarovic ismli o‘quvchi.

Odnoklassniki tarmog‘ida oltita "m" harfini o‘ziga laqab qilib olgan o‘quvchimizga ko‘ra, prezident farzandlari o‘zlari haqidagi ma‘lumotni sir saqlashga haqli va hech kim ularning hayotiga suqilishga haqqi yo‘q.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq