BBC ga aytaman: ID kimga xizmat qiladi yoki chapani jurnalistdan maktub

Image copyright AP
Image caption "Dayeshmi, Dayusmi va yo islomiymi, noislomiy?"

Jo‘raginam, qalamingni qo‘y, analiz-panalizingni ham yig‘ishtir, gapning po‘stkallasini aytaman, eshit, keyin nima qilsang, qilaver... Istasang, eshitmaganga ol, istasang qalamingni ham, chiroyli planshetu, o‘zingga o‘xshagan aqllilarning aqlli tahlillarini kaftdakkina ekranda lipillatib, loppillatib chiqarib turadigan aqlli telefoningni ham uloqtir, bu ishni, muxbirlikni boshqa qilma, chunki foydasi yo‘q...

Endi bir o‘ylab ko‘r, bu islomiymi, islomiy emasmi, Daeshmi va yo Dayusmi degan guruh nimaga butun dunyoni larzaga solmoqda?

Nimaga gazeting ham, jurnaling ham, radio, TV va interneting ham erta demay, kech demay faqat shu bir to‘da haqida qichqiradi?

Qo‘rqitadi? Na yurishingni bilasan, na turishingni?!

Bu mana shu to‘daning shafqatsizlik aks etgan videolaridanmi?

Bunaqa shafqatsizlikni dunyo ko‘rmadimi?

Hamma shafqatsizlik va yo dahshatlarning muallifi shu bir hovuch dinga begona, hatto din bilan tahlil qiladigan bo‘lsang, naqd do‘zaxilar bo‘lib qoldimi?

Amerikaliklar oppoqmidi? Rossiyaliklarning yelkalaridan qanotlar o‘sib chiqqanmi? G‘arb ehtimol boladay beg‘ubordir?

Tarixni aytmayman, qo‘yaver, tarixni, har qaysi millat aslida har qanday farzand kabi, burnini tortib, "otamgila uchun man javobgar emasman, ular xato qilib qo‘yganlar" deb ikkovimizni ham o‘tirg‘izib qo‘yishi mumkin...

Uzoqqa borma, Afg‘onga bor, Iroqqa bor, Suriyaga bor, Liviyaga bor... Bir aylanib kel. Keyin ortingga qaramay qoch! Keyin taqqoslab ko‘r, ana o‘shandan keyin bu guruhni istagan noming bilan atayver!

Ana endi aslida kim bu Dayeshmi, Dayusmi va yo ...ishqilib, shu guruh kimga xizmat qilmoqda degan savol, buni endi o‘zimizdan qidiramiz, shu Buxoro, Samarqand, Toshkentu Dushanbe taraflaridan...

Image caption "Prezident va hukumat o‘rnini muxolifatga bo‘shatib beradimi?"

O‘tgan bir hafta ichida O‘zbekiston degan tomonlarda shu guruhga aloqador deb o‘nlab kishi hibsga olindi.

Endi, mustaqillikning 25 yiliga bir qarasang, tepada o‘tirganlar begunoh odamlarni qamoqqa tashlash bo‘yicha rekord o‘rnatishgan.

Nimaga begunoh dedim, bilasanmi, chunki mamlakatda so‘z erkinligi va adolatli mahkama bo‘lmas ekan, har qanday qamoqqa otilayotgan shaxs mutlaq begunohdir!

Jurnalist jo‘ra, bir tanangga o‘ylab ko‘ra, bunaqa qama-qama bilan hukumat nima qilmoqchi?

Mamlakatda demokratiya qurib, muxolifatni chetdan chaqirib, ozod saylov o‘tkazib, kelinglar, mana o‘rnimizni bo‘shatib beraylik, navbat sizniki ekan deb nafaqaga chiqmoqchimi?

Go‘llik ham evi bilan ekan, jo‘rajon, o‘zini islomiy deb atagan guruhlarning qo‘ltig‘iga suv purkayotganlar qamoqqa tashlangan yuzlab begunoh insonlar emas, buni bilamiz, bu sho‘rlik adashganu adashmaganlarni uch kun oyog‘ini osmondan qilib qo‘yib qoqsang ham bir chaqa tushmaydi cho‘ntagidan!

Ammo... kel, qo‘shni davlatlarga ham o‘taylik, masalan, Tojikistonda... Prezidenti ham, hukumat vazirlari ham maza qivorayapti-yu!

Image caption "Qama-qamalar esa, hukumatlarga ayni muddao..."

Islom Uyg‘onish partiyasini yopvordi, rahbarlarini zoti zurriyodi bilan erinmasdan qamoqqa tiqishga harakat qilmoqda... Lekin tepadagi kursida "janobi oliy" yaxshilab o‘rnashib olgan, undan keyin esa u joyga zurriyodlari nazar solib qo‘yishgan va maqsad ham shu! Sulolalar Qozog‘istondami, O‘zbekistonmi va yo Tojikistondami o‘zgarmasligi kerak!

Zamonaviy podshohlik tizimi! Xo‘p, kimga rahmat aytadi tepadagilar? Qo‘ydekkina yuvosh xalqqami? Yoki ularni tinimsiz madh etayotgan minglab shukroniy qavmidan bo‘lmish jurnalistlargami? Yo‘q, albatta!

"Islomiy davlat" degan so‘qir guruhga rahmat deydi! Yaxshiyam, paydo bo‘ldi bu guruh deydi, ( yoki paydo qilishdi), xalq uchun olabo‘ji tayyor, kallakesish videoalar oqimi to‘xtagani yo‘q, Suriyani bombalab yotishibdi, Afg‘onistonda birodarkushlik urushi davom etmoqda... bizda – Tojikiston va O‘zbekistonda esa tinchlik! Shukr qillaring, deydi! Ochiqchasiga aytadi... Xalq nima qiladi? Yosh avlod qayerga boradi?

Internetni titkilaydi, san yozgan qo‘rqinchli tahlillarni o‘qiydi nari borsa va mana shunaqa bloglarning tagida izoh qoldiradi! Izohlarni ham aytib beraymi qanaqa bo‘lishini!

Kel, shuni ham boshlab beray, jurnalist jo‘ra, mana bitta qolip –

"Bizning vatanimizda tinchlik, Xudoga shukr, Suriyaga borib ko‘riylar, Afg‘onni qaranglar, sizla vatan xoinisizlar, chet elga chiqvolib vatanni yomonliysizlar..."

Yoki sal boshqachasi - "Amerika bilan G‘arbga ishonmaslik kerak, bular fitna chiqarib, bizni bosib olishmoqchi, shukr qilishmaydi bular! Xoinlaaarrr!"

Ana shunaqa, do‘stim jurnalist!

Do‘sting jurnalist (iste‘fodagi)

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio