"O‘z inilarim bunga aralashganini tasavvur qilolmayapman"

Image copyright AP
Image caption Gumondorlarning akasi Muhammad Abdeslam ozod qilindi

Parijda juma kuni yuz bergan hujumlarni tergov qilayotgan politsiya hujumchilar foydalangani ishonilgan uylarda tintuv o‘tkazishmoqda.

Ayni damda qidiruvdagi gumondorning akasi matbuotga gapirib, o‘z ukalarining qonli voqealarga aloqasi borligini tasavvur qila olmasligini aytdi.

Sakkizinchi hujumchi ekani shubha qilinayotgan Salah Abdeslam bir kvartira va mehmonxonada ikkita xonani ijaraga olgan.

U ijaraga olgan mashina ham tekshirilmoqda. Abdeslam bu mashinada hujumchilarni Belgiyadan olib kelgani ishoniladi.

Belgiyada qayd qilingan Reno Klio mashinasi Parij shimolidagi Monmartr mavzesida topilgan.

Politsiya unda bomba yo‘qligiga ishonch hosil qilishdan avval atrofni o‘rab olgan, so‘ngra u DNK analizi uchun olib ketilgan.

Image copyright
Image caption Parij ko‘chalarida ko‘p musulmonlar tekshirilmoqda

Frantsiya televideniyesida namoyish qilingan kadrlarda mehmonxonadagi bir xonadan topilgan shpritslar va trubalar ko‘rinadi. Bu jihozlar bomba yasashda ishlatilgan bo‘lishi mumkin.

Salah Abdeslam o‘zi tug‘ilib o‘sgan Belgiyaga qochgani aytilmoqda. U xalqaro qidiruvga e‘lon qilingan.

O‘zini portlatib yuborgan hujumchilardan biri uning ukasi Brahim Abdeslam bo‘lgan.

Salah va Brahimning boshqa akasi Muhammad Abdeslam Belgiyada hibsga olinib, so‘ngra ozod qilindi.

U politsiya binosi oldida jurnalistlarga gapira turib 13 noyabrda yuz bergan hujumlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi.

"Biz juda-juda ochiq oilamiz. Ota-onam hali ham shokdalar. Mening o‘zim ham hali nimalar bo‘lganini anglab yetganimcha yo‘q. Balki menga ishonmassizlar, lekin butun oilamiz bu voqealardan g‘amga botgan va o‘z inilarim bu ishga aralashganini tasavvur qila olmayapmiz", - dedi Muhammad Abdeslam.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio