Parij shimolidagi reydda portlashlar yuz berdi

Image copyright AFP

Parij shimolidagi San Deni mavzesida qurolli politsiya juma kungi hujumlarga bog‘liqlikda reyd o‘tkazmoqda.

Prokurorning aytishicha, reyd uyushtirilgan kvartirada bir ayol o‘zini hudkushlik belbog‘i bilan portlatib yubordi.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, ikki gumondor o‘lgan. Bir necha portlash va o‘q ovozlari eshitilgan. Amaliyot hali ham davom etmoqda.

Yana besh kishi hibsga olinganlar.

Image copyright Reuters

Amaliyotning nishoni 129 odamning o‘limi bilan yakun topgan hujumlarni uyushtirishda ayblangan Islomiy Davlatning a‘zosi Abdelhamid Abauddir.

San Deni mavzesidagi Republik ko‘chasi atrofidagi barcha yo‘llar to‘sib qo‘yilgan. Ayni mavzeda joylashgan Stad de Frans stadionida juma kuni hujumchilar o‘zlarini portlatishgandi.

Yuk mashinalarda kelgan ko‘p sonli askarlar reyd sahnasida politsiya safiga qo‘shildilar.

"To‘xtamay o‘q ovozlarini eshitdim, huddi mushak otilgandek... Ba‘zida to‘xtab qoladi, keyin yana o‘qlar ovozi eshitiladi", - dedi bir mahalliy yashovchi BBCga.

Boshqa guvoh Amin Guzaniy granatalar va avtomatlardan otilgan o‘qlar ovozini eshitganini aytdi.

Image copyright Reuters

"Ular bir soat davomida to‘xtamay otishdi. Granatalar ham portladi", - deydi u.

Ko‘p qavatli turar joyning uchinchi qavatidagi xonadonga uyushtirilgan reydda bir qator politsiyachilar jarohat olishdi.

Amaliyot tonggi 04:30da boshlanar ekan, Parij hokimi muovini Stefan Pyu mahalliy yashovchilarni uylarida o‘tirishga chaqirdi.

"Bu yangi hujum emas, balki politsiya reydi", - dedi u.

Image copyright AP

Asli belgiyalik 27 yoshli Abdelhamid Abaud juma hujumlarini Suriyadan uyushtirgani, ammo hozirda Parijdagi kvartirada bo‘lgan gumondorlardan biri ekani ishoniladi.

Avvalroq xavfsizlik kuchlari juma kungi hujumlarda ishtirok etgan ehtimoliy to‘qqizinchi hujumchining xavfsizlik kameralaridan olingan videosini tarqatishdi.

Videoda bir necha barlar va restoranlarga hujum qilgan shaxslarni mashinada olib yurgan kishi ko‘rinadi.

Videodagi shaxs Belgiyada hibsga olingan yoki hali ham ozodlikda qolayotgan gumondor ekani borasida ma‘lumot hozircha yo‘q.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio