Tojikistonga qo‘shni Yumgon toliblar qo‘lida

Image copyright MoD

Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Badaxshon viloyatidan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Yumgon tumani yana to‘lig‘icha jangarilar qo‘liga o‘tgan.

So‘nggi yangilikni ham Badaxshon viloyati mas‘ullari va ham Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi rasman tasdiqlashgan.

Saflarida xorijiy jangarilar ham borligi aytilayotgan o‘nlab toliblar shu hafta seshanba kuni yana Yumgonni nishonga olishgan va o‘shandan buyon tumanda qaqshatqich janglarning borayotgani aytilardi.

Yumgon Badaxshonning qo‘shni Tojikistonga bevosita chegaradosh tumanlaridan biri sanaladi.

Tuman 20.000 sondagi aholisining aksariyatini shia mazhabiga mansub ismoiliylar tashkil qilishadi.

Janglar qaqshatqich tus olarkan, afg‘onistonlik mas‘ullar kecha chorshanba kunining o‘zida Yumgonga qo‘shimcha madad kuchlari yuborishga majbur bo‘lishgandi.

Ammo tumanga yuborilgan harbiy dastakning qanday shaklda ekanini ochiqlashmagandi.

So‘nggi xabarlarga ayon bo‘lishicha, Yumgondagi jangarilarga qarshi qiruvchi tikucharlar ham jalb etilgan va allaqachon havo hujumlari ham boshlab yuborilgan.

Afg‘onistonlik mas‘ullarning aytishlaricha, havo hujumlari chog‘ida o‘ndan ortiq jangari ham o‘ldirilgan va ulardan aksariyati xorijliklardir.

Ammo mas‘ullar shu paytgacha Yumgonda toliblar bilan bir safda jang qilayotgan xorijiy jangarilarning kimliklari yoki qay bir isyonchi guruhga mansubliklari borasida aniq ma‘lumot berishmagan.

Shu yil iyul oyida ham katta sondagi xorijiy jangarilar boshchilik qilgan qariyb bir haftalik qaqshatqich janglar ortidan toliblar Yumgon tumanini bosib olishgandi.

O‘shanda Badaxshon mas‘ullari xorijiy jangarilarni O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolariga nisbat berishgandi.

So‘nggi oylarda Badaxshonda aynan O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining ham anchayin faollashishgani kuzatiladi.

Eslatib o‘tish joiz, harakat o‘tgan yil sentyabr oyida Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhiga to‘lig‘icha rasman bay‘at keltirgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati lideri Usmon G‘oziy esa, yaqinda e‘lon qilgan bayonotida o‘zlarining Pokistondan Afg‘onistonga to‘liq ortga qaytganliklarini bildirgandi.

Usmon G‘oziy o‘zining esa, so‘nggi oylarda Afg‘onistonning Pokiston bilan bevosita chegaradosh janubiy Zobul viloyatida ekani ishoniladi.

Mintaqadagi muxbirimizning mahalliy qavm oqsoqollaridan birining so‘zlariga tayanib aytishicha, Usmon G‘oziy Zobuldagi mingga yaqin aksariyati markaziy osiyolik mingga yaqin jangarilar oilalariga boshchilik qilmoqda.

Muxbirimiz Ma‘mun Durroniy, shunga qaramay, Afg‘onistonning qayerida bo‘lishmasin, bu jangarilar doimo bir-birlari bilan aloqada ekanliklarini ta‘kidlaydi.

Ham tog‘li va ham Tojikiston, Pokistonu Xitoyga bevosita chegaradosh ekani bois, Badaxshon jangarilar uchun ham strategik jihatdan muhim mintaqa hisoblanadi.

Eng so‘nggida ta‘kidlash joiz, Tolibon harakatining qadami Afg‘onistonda qudratda bo‘lgan 90-yillar oxiri va 2000-yillar boshlarida ham Badaxshonga bu qadar yetmagan.

Xuddi shu bois ham, mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Yumgondagi so‘nggi yutug‘i toliblar va ittifoqchilari uchun strategik jihatdan muhim. Hamda ularga yangi jang jabhasida o‘z mavqe‘larini mustahkamlab olishga ko‘mak beradi.

Yumgondagi janglar

Xabarlarga ko‘ra, Yumgondagi havo hujumlari uchun qiruvchi tikucharlar jalb etilgan, tumanni qaytarib olish uchun quruqlikdan yo‘lga qo‘yilishi rejalanayotgan maxsus harbiy amaliyotlarga so‘nggi hozirliklar borayotgani aytilmoqda.

Afg‘oniston Tolibon harakati Yumgonni kecha chorshanba kuni bosib olganini bayon qilgan, buni mahalliy aholi BBC bilan suhbatida ham aytgan, ammo afg‘on mas‘ullari bu kabi xabarlarni inkor qilishgandi.

Ular Yumgonda hanuz qaqshatqich janglarning borayotgani, tuman aniq bir tomonning nazorati ostida deyish xato bo‘lishini ta‘kidlashgandi.

Yumgondan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, joriy paytda tuman markazi butkul jangarilar nazorati ostida.

BBC O‘zbek Xizmati suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan ayrim badaxshonliklarning aytishlaricha, Yumgon bilan telefon aloqasiga jiddiy ziyon yetgan, tumandagilar bilan bog‘lanish deyarli imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

Xuddi shu bois ham, davomiy qaqshatqich janglar tuman hayotini qanchalik jiddiy izdan chiqargani aniq ma‘lum emas.

Ammo, mahalliy mas‘ullarga ko‘ra, janglar tinch fuqaro orasida qurbonlarga sabab bo‘lmagan.

Afg‘onistonlik harbiylar kecha chorshanba kuni Yumgondagi janglar sabab, bir askarlarini boy berishgani va yana bir nafarining tan jarohati olganini aytishgan.

Bugun payshanba kuni o‘ndan ortiq jangarining halok etilganini ma‘lum qilisharkan, o‘zlarining saflaridagi yo‘qotishlarga oid yangi tafsilotlarga to‘xtalishmagan.

So‘nggi bir necha oyning o‘zida Afg‘onistonning ayrim Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh qator shimoliy va shimoliy-sharqiy tumanlari bir necha bor jangarilarning qo‘llariga o‘tgan, afg‘on hukumatining ularni yana qayta o‘z nazorati ostiga olishi esa, oson bo‘lmagandi.

Afg‘oniston shimoli-sharqida vujudga kelayotgan bu kabi vaziyatdan Markaziy Osiyo davlatlari qolib, Rossiya va Xitoy qadar jiddiy xavotirda.

Ular katta sondagi G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining ortga safarbarligi va Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhining qanchalik qisqa fursat ichida mintaqada faollashganini nazarda tutib, shundoq biqinlaridagi Afg‘onistonning ikkinchi Iroqqa aylanishidan jiddiy xavotirdalar.

Afg‘oniston solishi mumkin bo‘lgan tahdid qarshisida barcha Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi yillarda jiddiy xavfsizlik choralariga qo‘l urishgan, chegaralarini yanada mustahkamlash harakatiga tushib qolishgan, mavjud vaziyat oxirgi oylardagi barcha yirik yig‘inlarining kun tartibidagi asosiy mavzulardan biriga ham aylangan.

Dunyoning ikkita harbiy va iqtisodiy qudratidan bittasi bo‘lgan Xitoy esa, afg‘on mojarosiga tinch yo‘l bilan yechim topishga bel bog‘lagan yangi diplomatik vositachi sifatida o‘rtaga chiqqan.

Buning uchun butun mintaqa bo‘ylab bir necha milliard dollarlik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga ham tayyor ekanini bayon qilgandi.

Ammo, eng so‘nggida ta‘kidlash joiz, G‘arbning qudratli davlatlaridan tortib, barcha befarq bo‘lmagan tomonlarning uzoq yillik afg‘on mojarosiga na-da harbiy va na-da siyosiy yo‘lda yechim topish urinishlari samara bermagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq