Hamma muhojir ham Serbiya va Makedoniyaga qo‘yilmaydi

Image copyright Getty

Serbiya bilan Makedoniya ayrim mamlakatlardan borgan muhojirlarni o‘z hududiga kiritmaslikka qaror qilgani ortidan yuztacha muhojir ikki mamlakat o‘rtasida "qamalib qolgan".

Serbiya vaziri aytishicha, faqat urushdan qochib kelayotgan qochqinlargina mamlakat hududiga kiritiladi.

BMT Qochqinlar agentligidan xabar qilishlaricha, Serbiya va Makedoniya hukumatlari 18 noyabr tushdan keyin va 19 noyabr tunida qochqinlar uchun cheklov joriy etganlar.

Kechadan buyon Serbiya hukumati faqat Afg‘oniston, Suriya va Iroqdan borgan qochqinlarnigina, agar qochqinlar chindan ham o‘sha mamlakatlardan ekanligini tasdiqlaydigan hujjat taqdim etgan holdagina, Serbiya hududiga kirishga ruxsat bermoqda.

Qolgan qochqinlar yana Makedoniyaga qaytarilganlar.

Yarim tundan esa Makedoniya ham Liberiya, Marokash, Pokiston, Shri-Lanka va Sudandan borgan insonlarni o‘z hududiga kirishlarini taqiqlagan.

Ikki mamlakat chegarasida 100 ga yaqin odam qolib ketgan.

Serbiya rasmiylari bunday qaror qabul qilishga Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo Sloveniya va Xorvatiya qo‘ygan qadamlar turtki berganini aytganlar.

Sloveniya Afrika va Osiyodagi ayrim mamlakatlar qochqinlarini o‘z hududiga kiritmaslikka qaror qilgan, rasmiylarga ko‘ra, "iqtisodiy muhojir" deb ko‘rilayotgan qochqinlar Sloveniya hududiga qo‘yilmaydi.

Makedoniya bilan Yunoniston chegarasida ham 200 bilan 300 o‘rtasida muhojir "qamalib qolgan"i xabar qilinmoqda.

Yuz minglab insonlar urush va qashshoqlikdan qochib O‘rta Yer dengizi orqali Ovro‘po zaminiga yetib olishga harakat qilmoqdalar.

O‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib dengiz orqali Yunoniston, so‘ng Makedoniyaga o‘tib olishga muvaffaq bo‘lgan muhojirlar Ovro‘po Ittifoqining shimoliy mamlakatlariga yetishni istaydilar.

Muhojirlarning aksari boshpana ilinjida Olmoniyaga yo‘l olishgan.

U yerdagi rasmiylar Olmoniya joriy yilning o‘zida 800 ming yangi muhojirlarni qabul qilishi hamda ularning umumiy soni 1,5 millionga yetishini aytishmoqda.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan buyon qayiqlarda Ovro‘poga 700 mingdan ortiq qochqin kirib borgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio