OI chegara xavfsizligini kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqadi

Image copyright AFP
Image caption Parij metrosi

Ovro‘po Ittifoqi Ichki ishlar vazirlari bugun Bryusselda uchrashib, Parij hujumlariga javoban xavfsizlik choralarini kuchaytirish masalasini muhokama qilishadi.

Kun tartibida OI tashqi chegaralarida tekshiruvlar ko‘lamini kengaytirish va havo yo‘llari yo‘lovchilari borasidagi ma‘lumotlarni bo‘lishish masalalari qo‘yilgan.

Parij hujumlarini tashkillashtirganlikda gumon qilingan asosiy shaxs Suriyadan Frantsiyaga kirib kelishga muvaffaq bo‘lgani oydinlashishi ortidan, mazkur chora-tadbirlarga qo‘l urish taklifi o‘rtaga tashlangan.

Frantsiya Ovro‘po fuqarolari ham boshqa mamlakatlardan keladigan yo‘lovchilar kabi qattiq tekshiruvlardan o‘tkazilishini istaydi.

Ayni paytda Olmoniya josuslik xizmati rahbari "terrorchi dunyo urushi" boshlanishidan ogohlantirgan.

Olmoniya ichki josuslik xizmati boshlig‘i Xans-Georg Maassenning BBCga aytishicha, o‘zini "Islomiy Davlat" deb atayotgan guruh Ovro‘poni o‘ziga dushman deb biladi va OI davlatlari "Parijdagiga o‘xshash hodisa har qachon yuz berishi mumkinligini xayoldan qochirmasliklari kerak".

O‘tgan juma kuni barlar va restoranlar, kontsert zali va Stad de Frans stadionini nishonga olgan hujumlarda 129 inson hayotdan ko‘z yumdi va yuzlab odamlar tan jarohati oldilar.

ID esa, mazkur hujumlar ortida turganini da‘vo qilib chiqdi.

Image copyright AFP
Image caption Tekshiruvlarni kuchaytirishga chaqirilmoqda

Payshanba kuni Frantsiya Ichki ishlar vaziri Bernar Kaznyov "Ovro‘po terror tahdidi qarshisida hushyor tortishi... o‘zini himoya qilishga shoshilishi" lozimligi haqida gapirgan.

Unga ko‘ra, IDning taniqli a‘zolaridan bo‘lgan va xalqaro "qora ro‘yxat"da qayd qilingan Abdelhamid Abaudning qit‘aga kirib kelgani xususida Frantsiyaga hech qanday ogohlantirish berilmagan.

Frantsiya hujumlardan uch kun o‘tib, Abaudning Suriyadan Yunoniston orqali qaytgani haqida OIga tarkibida bo‘lmagan mamlakatdan xabar olgan.

Reydlar chog‘i o‘zini portlatgan shaxsning ham barmoq izlaridan Yunonistondan muhojir sifatida ro‘yxatdan o‘tgani ayon bo‘lgan.

Frantsiya Bosh vaziri Manuel Vals hujumlarga bosh qo‘shganlar Ovro‘podagi muhojirlar bilan bog‘liq inqirozdan foydalanishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq