Mali: "Al-Qoida" qo‘lida tutqun qolmadi

Image copyright epa
Image caption Mali kuchlari mehmonlarni qutqarmoqda

Mali poytaxti Bamakodagi Radisson Blu mehmonxonasida jangarilar garovga olgan tutqunlar maxsus amaliyot natijasida ozod qilingani aytilmoqda.

Ammo garovga olish va qutqaruv jarayonida hozirgacha 18 inson nobud bo‘lgani aytilmoqda.

Qurolli jangarilar ertalab soxta diplomatik raqam osilgan mashinada mehmonxonaga kirishadi va u yerdagi mehmonlar hamda xodimlar doxil 170 kishini garovga oladilar.

Hujum payti qochib qolgan shohidlar ularning "Ollohu Akbar!" deb qichqirishganini aytishgan.

Hujumchilar tutqunlar orasidan Qur‘on oyatlarini yoddan bilgan ikki kishini o‘sha zahotiyoq qo‘yib yuborishgandi.

Ushbu hujum uchun mas‘uliyatni "Al-Qoida" tizimining Islomiy Mag‘ribdagi "Al-Murabitun" guruhi o‘z zimmasiga oldi.

Tutqunlar mehmonxonadan olib chiqilayotganini aytgan voqea joyidagi jurnalistga ko‘ra, necha kishi omon qolgani hali aniq emas.

Qutqaruv amaliyoti

Mali maxsus kuchlari AQSh, BMT hamda Frantsiya askarlari qo‘llovida qutqaruv amaliyotini olib borishgan.

AQShga qarashli bu mehmonxonada ko‘pincha xorijiylar qolishadi.

Oldinroq garovga olinganlar orasida Frantsiya va Turkiya havo yo‘llarida ishlovchi xodimlar, Hindiston va Xitoy fuqarolari borligi aytilgandi.

Hozircha jangarilarga nima bo‘lgani borasida ma‘lumotlar yo‘q.

Radisson Blu mehmonxonasi bo‘yicha ma‘lumot olish uchun ochilgan maxsus telefon raqami: +33 170837437

Ayni damda, mazkur hujum Parijdagi o‘tgan hafta sodir etilgan zo‘ravonlikka aloqadormi yo yo‘qmi, degan savollar ham ochiq qolmoqda.

Mali - Frantsiyaning sobiq mustamlakasi va mamlakatda hamon Frantsiya kuchlari joylashgan.

Ular hatto mehmonxonadagi tutqunlarni qutqarish amaliyotida ham qatnashganlar.

Malidagi jangarilik

Mali shimolida musulmonlar zich yashashadi.

Mahalliy aholi so‘fiy musulmonlari bo‘lishsa-da, ammo so‘nggi yillari "Al-Qoida" tizimiga aloqador jangari guruhlar hujumlari kuchaygan.

O‘tgan avgust oyida Malining Sevare shahridagi hujumda islomiy jangarilar BMT xodimlari doxil 13 kishini o‘ldirishgandi.

Bundan to‘rt yil burun Islomiy guruhlar Timbuktu, Kidal va Gao kabi shaharlarni Tuvareg isyonkorlari qo‘lidan tortib olishadi va u yerdagi so‘fiy qadamjolarini buzib, qadimiy qo‘lyozmalarni yo‘qotishdi.

Shu asno Mali shimolida shariat o‘rnatilgandi.

Keyin eng yirik shahar - Bamakoni ham qo‘lga olish niyatlarini aytishgach, Malining sobiq mustamlakachisi bo‘lgan Frantsiya ayni guruhlarga qarshi kurashga aralashdi.

Shimoliy Malini Frantsiya Islomiy kuchlar qo‘lidan tortib olgach, nazoratni BMT va Mali hukumati kuchlariga topshirgandi.

Biroq "Al-Qoida"ga aloqasi bor, deb ishoniladigan Mali jangarilari hamon o‘z faoliyatlarini to‘xtatishmagan.

Shu paytgacha ancha noma‘lum bo‘lgan "Al-Murabitun" guruhi ham shular jumlasidan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq