Chet eldan qaytgan 200 o‘zbek ushlangan

Image caption Hibsga olinganlarning aksarisi - chet ellarda ishlab kelgan muhojirlar

"Ushlab ketilganlar Rossiya, Turkiya, AQSh va Ovro‘poda ishlab kelgan mehnat muhojirlari" - deydi Toshkentdan huquq faoli Surat Ikromov.

Ular Islomiy Davlat jangarilari safiga qo‘shilishga hozirlangan, deb gumon qilinayotgani aytilmoqda.

"Jami 200 nafar atrofidagi kishining hibsga olingani ma‘lum bo‘lsa, shularning 70-80 nafari Zangiota tumanidan. Qolganlari Toshkent shahri, Xorazm, Farg‘ona, Namangan va Qashqadaryo viloyatlaridan ekanligini aniqladik".

Faollarga ko‘ra, rasmiylar bu borada ma‘lumot berishayotgani yo‘q va shu bois ularning soni kun sayin oshib borayotgan bo‘lishi mumkin.

"Ba‘zilari Islomiy Davlat vakillari bilan internetda yoki elektron pochta orqali muloqot qilgan deyilmoqda" - o‘zidagi ma‘lumotlarni bo‘lashadi huquqbon Surat Ikromov - "Maxfiy xizmatlar bu elektron yozishmalarni tekshirib, keyin ularni hibsga olishgan".

"Bir kishi qo‘lga olingach, u bilan birga chet elda ishlagan yo yashagan yana 4-5 nafar tanishi yo o‘rtog‘i ham ushlab ketilmoqda".

Hibsga olinganlarning ko‘pchiligi - o‘tgan yarim yil davomida xorijdan qaytgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari.

Shuningdek, oralarida bir necha nafar talaba yoshlar borligi aytiladi.

Biroq ularga rasman ayblov e‘lon qilingani ma‘lum emas. O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha 72 soatda yo ayb qo‘yish, yo qo‘yib yuborish kerak.

Lekin faollarning aytishicha, amalda ular bir necha hafta davomida noqonuniy tarzda so‘roq qilinib, qiynoqqa tutiladilar.

Qarindoshlar qo‘rquvda

O‘zbekistonlik huquqbonlar na hibsga olinganlarning aniq soni, na ularning ahvoli borasida biron aniq ma‘lumotga ega emaslar.

Hozirgacha ma‘lum bo‘lgan 200 nafar shaxs haqida esa qarindoshlari va internet xabarlari orqali ma‘lumot olishgan.

Ayni damda, qarindoshlar shikoyat qilmaysiz, deb qo‘rqitilgani bildiriladi.

Hozir O‘zbekiston bo‘yicha Islomiy Davlat xavfiga qarshi turli sa‘y-harakatlar boshlab yuborilgan bo‘lib, ayniqsa, chet ellarda ishlab yoki yashab kelgan o‘zbeklar alohida e‘tiborga tushmoqda.

Huquq-tartibot xodimlari yetishmay, hatto byudjet tashkilotlarida ishlovchilar ham mahallalarni kezib, xorijda ishlovchi muhojirlarni aniqlash, shubhali shaxslarni ro‘yxatga olish yoki kuch tizimlariga xabar yetkazish ishlariga jalb etilmoqda.

Guvohlarga ko‘ra, ular uyma-uy yurib, kimning oila a‘zosi qaysi mamlakatda yashaydi yo ishlaydi, chet elda qilayotgan ishi, turar maskani yo telefon raqamlarini yozib olishmoqda.

"Og‘ir ishlarni qiluvchi mehnat muhojirlarining xorijda muqim turar-joyi bo‘lmaydi va ko‘pchilik bo‘lib biron xonada turishadi hamda qayerda ish bo‘lsa, o‘sha yerga ko‘chib yurishadi" - deydi Surat Ikromov.

Ana shunday holatlarda shubha-gumon yuzaga kelishi mumkin.

Tekshiruvchilar har bir fuqaro haqida ma‘lumot olish uchun kecha-kunduz ishlab, kunduzi ishda bo‘lgan fuqarolarning uylariga kechqurun tashrif buyurishmoqda.

Odamlar xavfsizlik va tinchlik maqsadida amalga oshiriladigan tekshiruvlarni to‘g‘ri qabul qilishlarini aytishadi.

Biroq tushunmovchilik yoki biron qarindoshi haqida aniq ma‘lumot berolmay qolgani uchun chetdagi oila a‘zosining "qora ro‘yxat"ga olinishi ehtimolidan xavotir izhor etadilar.

Shuningdek, ishsizlik va kambag‘allik bois ko‘plab o‘zbekistonliklar katta shaharlarga kelib, muvaqqat yo kunbay ishlarni bajarib, oila tebratadilar.

Ular odatda yashayotgan joylarida ro‘yxatdan o‘tishmaydi. Ba‘zida buning hatto qonuniy imkoni ham yo‘q.

Shunday kishilar esa militsiya maskaniga olib ketilgani hamda jarimaga tortilgani haqida ham xabarlar bor.

Alining aybini Validan

Faollarning ta‘dkidlashicha, Islomiy Davlat xavfiga qarshi kurash manzarasida O‘zbekistondagi barcha mustaqil dindorlar qaytadan tekshirilmoqda.

Ayniqsa, "Hizb ut-Tahrir" guruhiga aloqadorlik aybi bilan qamalganlarga bosimlar kuchayotgani aytiladi.

"O‘zbekiston qamoqxonalarida hozir 6 ming nafardan ko‘proq "Hizb ut-Tahrir" a‘zolari saqlanadi" - deydi Surat Ikromov.

"Hozir mahkumlarni borib ko‘rgan qarindoshlari qamoqda ularni qiynoqqa solish boshlanayotgani aytishmoqda".

Huquqbonning urg‘ulashicha, qamoqlarda nimalar bo‘layotganini hech kim ko‘rmaydi va shu bois mahkumlarni istagancha qiynashlari mumkin.

"Yaqinda bittasini to hushidan ketib qolgunicha kaltaklashganini qarindoshlari kelib aytishdi, ammo rasman arz qilishdan qo‘rqishmoqda".

O‘zbekistonda o‘tgan yillar davomida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarining cheklanishi xavfsizlikni ta‘minlash uchun qilinayotgani aytiladi.

Biroq xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, korruptsiya avj olgan va mustaqil dindorlarga qarshi adovatli munosabat shakllangan O‘zbekiston sharoitida ko‘plab insonlar uydirma ayblar bilan hibsga olinib, qiynoq orqali aybiga iqror qilinadi va uzoq yillarga hukm etib yuboriladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq