Hibsda qolayotgan faol himoyachisi bilan ko‘rishgan

Image copyright none
Image caption O‘ktam Pardayev o‘ziga chiqish vizasi berilmayotgani uchun mutasaddi organlar ustidan mahkamaga arz qilgan edi

Toshkentdagi Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhi xabariga ko‘ra, Jizzaxda hibsda saqlanayotgan huquq faoli O‘ktam Pardayev himoyachi bilan ko‘rishgan.

Guruh rahbari Surat Ikromovning bildirishicha, O‘ktam Pardayev himoyasi uchun biriktirilgan Dilmurod Ahmedov tergovchi bilan ham uchrashgan.

"Advokat uning oldiga kirib chiqqan va tergovchi bilan ham gaplashgan. Demak, ish 9 kishining arizasi asosida ochilgan. Ammo, ayon bo‘lishicha, ular O‘ktamning xotiniga pul berganlarini aytishgan... Hozir ahvol shu, O‘ktam Pardayevga Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi (Firibgarlik), 211-moddasi 2-qismi (Pora oldi-berdisida vositachilik qilish) bo‘yicha ayblov e‘lon qilingan".

Huquq faoli O‘ktam Pardayev joriy yilning 15 noyabrida Jizzax viloyati Do‘stlik tumani militsiya xizmatchilari tomonidan olib ketilgandi.

Faol hibsga olingan kuni uning uyida tintuv ham o‘tkazilgani va kompyuter protsessori, noutbuk, fotoapparat, fleshka va disklar olib ketilgani xabar qilindi.

Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhi O‘ktam Pardayevning hibsga olinishini huquqbonlik faoliyati bilan bog‘laydi va hech qanday faktlarga asoslanmaganini aytadi.

Ukasi Sharof Pardayev ham BBC bilan suhbatida akasi huquqbonligi uchun hokimiyatdagilar "qahriga" uchraganini aytgandi.

O‘ktam Pardayev 2012 yilda ham hibsga olingan va 15 sutkadan keyin qo‘yib yuborilgandi.

So‘nggi bir yildan beri u o‘ziga "chiqish vizasi" berilmayotgani uchun mutasaddi organlar ustidan mahkamaga arz qilgan edi.

O‘ktam Pardayev O‘zbekistondagi faoliyat yuritishiga to‘sqinlik ko‘rsatiladigan kam sonli inson huquqlari himoyachilaridan biridir.

U boshqa mahalliy faollar qatori bu yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi jarayonida Jizzax viloyatida majburiy mehnat holatlarini monitoring qilishga harakat qilgan.

O‘zbekiston rasmiylari majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqida bayonot berishlari, bu yil majburiy mehnat holatlari yuzasidan kasaba uyushmalarini xabardor qilish haqidagi chaqiriqlariga qaramasdan, ko‘p sondagi insonlar o‘z ixtiyorlariga qarshi paxta terishga majbur qilinganlar.

Bu haqda ma‘lumot to‘plashga harakat qilgan inson haqlari faollari turli shakldagi bosimlarga duch kelganlar.

Mahalliy faollar tarqatgan xabarlarga ko‘ra, jizzaxlik mansabdorlar O‘ktam Pardayevga ham monitoring o‘tkazishiga to‘sqinlik qilganlar, "u bilan paxta tugaganidan keyin gaplashish"lari haqida tahdid qilganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq