Afg‘oniston endi "Hizbut Tahrir"dan ham xavotirda

Image copyright arg

Qo‘shni Afg‘oniston ijroiy raisining bayon qilishicha, "Hizbut Tahrir" partiyasi – "terrorchi tashkilot" va terrorchilarning "norasmiy, nozo‘ravon qanotidir".

Doktor Abdullo Abdulloning bu so‘zlari Afg‘oniston Vazirlar Kengashining haftalik yig‘ini chog‘ida yangragan.

Afg‘oniston ijroiy raisining aytishicha, "Hizbut Tahrir"ning faoliyati mamlakatda yil sayin kengayib bormoqda va hukumat ularga qarshi lozim chora-tadbir ko‘rmagan.

Janob Abdulloning iddao qilishicha, bu firqa "afg‘on yoshlarini terrorchilik faoliyatiga targ‘ib etmoqda".

Afg‘oniston ijroiy raisining so‘nggi chiqishi, o‘z navbatida, Afg‘onistonda Tolibon harakati va Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi faollashgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Bugun faoliyati Afg‘oniston tomonining ham jiddiy xavotirlariga sabab bo‘layotgan "Hizbut Tahrir" firqasiga 1953 yilda Falastin hududlarida asos solingan.

"Hizbut Tahrir" o‘zining asosiy maqsadi – butun dunyo bo‘ylab nozo‘ravon yo‘lda islomiy xalifalik va islomiy hayoti tarzini joriy etish ekanini aytib keladi.

Agar, afg‘onistonlik mahalliy kuzatuvchilarning kuzatuvlariga tayanilsa, "Hizbut Tahrir" mamlakatda Tolibon tuzumi qulatilishidan qisqa vaqt o‘tmay faollasha boshlagan.

Ammo "Hizbut Tahrir"ning faolligidan jiddiy xavotir izhor etib chiqqan ijroiy rais doktor Abdullo Abdullo mamlakatdagi firqa a‘zolarining bugungi soni va joriy paytda ular Afg‘onistonning aynan qaysi viloyatlarida faol ekanliklari tafsilotlariga to‘xtalmagan.

Firqaning mahalliy vakillaridan biri bundan ikki yil burun BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida o‘zlarining butun Afg‘oniston bo‘ylab faoliyat olib borishlarini iddao qilgandi.

Ayrim mahalliy tahlilchilar esa, Afg‘onistonning boshqa viloyatlari bilan solishtirganda, "Hizbut Tahrir" a‘zolarining ko‘proq sharqiy Nangarxor, shimoliy-sharqiy Badaxshon, g‘arbiy Hirot va qisman poytaxt Kobulda faol ekanliklarini aytishadi.

Image copyright Getty

Hali AQSh boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistonda boshlagan 2001 yilgi harbiy amaliyotlari manzarasida qator xalqaro tashkilotlar buning mintaqadagi turli islomiy va diniy ekstremistik guruhlar faoliyatiga ta‘siridan jiddiy xavotir bildirib chiqishgandi.

Ularga ko‘ra, Afg‘onistonda olib borilgan keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar O‘zbekiston Islomiy Harakati va "Hizbut Tahrir"ga o‘xshash tashkilotlarning a‘zolik, boshqaruv tartibi va butun strukturasini o‘zgartirib yuborgan.

"Hizbut Tahrir" Afg‘onistonda norasmiy shaklda faoliyat yuritadi va ijroiy rais doktor Abdullo Abdullo bergan baholarga qaramay, halicha, faoliyati mamlakatda rasman "noqonuniy", deb topilmagan.

Firqa afg‘onistonlik mas‘ullar tomonidan "diniy ekstremistik" yoki "terrorchi" tashkilotlar ro‘yxatiga ham kiritilmagan.

Kobuldagi muxbirimiz Fazl Ahmad Yolg‘uzning aytishicha, "Hizbut Tahrir" Afg‘onistonda ham o‘z maqsadini asosan varaqalar orqali targ‘ib etib keladi.

Ayniqsa, Afg‘onistonda bo‘lib o‘tgan so‘nggi ikki prezidentlik saylovlari arafasida ular faoliyatining yaqqol ko‘zga tashlangani, aksilsaylov targ‘ibotlari uchun firqa a‘zolaridan ayrimlarining hibsga olinishganiga oid xabarlar ham paydo bo‘lgandi.

Hozirga kelib esa, ularning ko‘proq o‘qimishli va ziyoli afg‘on yoshlari orasiga kirib borishga muvaffaq bo‘lishayotgani aytiladi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, firqa varaqalari afg‘on yoshlari orasida yil sayin qo‘lma-qo‘l bo‘lib bormoqda, talabalar yotoqxonalarida ham ularning g‘oyasi ko‘p gap bo‘lmoqda.

Image copyright AP

Jumladan, Afg‘oniston ijroiy raisi doktor Abdullo Abdullo ham ayni shu holat yuzasidan jiddiy xavotir izhor etgan.

O‘z navbatida, "Hizbut Tahrir" firqasining Afg‘onistonda faoliyat yurituvchi va maqsadlari islomiy xalifat qurish istagida bo‘lgan boshqa jangari guruhlar bilan aloqalari borasida ko‘p narsa ma‘lum emas.

Ammo orada ayrim internet nashrlarida firqaning AQSh bilan tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lgani uchun Afg‘oniston Tolibon harakati qoralangan va rasmiy Vashington bilan strategik bitim imzolagani uchun afg‘on hukumati tanqidga tutilgan bayonoti ham chop etilgandi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, bu – Afg‘onistonda "Hizbut Tahrir" firqasi faoliyatining ilk bor yuqori minbardan turib, jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lishi bo‘ladi.

Markaziy Osiyo doxil mintaqaning aksariyat davlatlari, jumladan, Rossiyada ham firqaning faoliyati "diniy-ekstremistik tashkilot" ekanlik mazmunida hali 2000 yillar boshlaridayoq rasman taqiqlangan.

Bundan tashqari, bu davlatlarda firqaning ko‘plab a‘zolari uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilishgan.

"Hizbut Tahrir" a‘zolari, odatda, milliy, irqiy, diniy va mahalliychilik asosida nizolar uyg‘otish, amaldagi qonuniy tuzumni ag‘darishga chorlash, jinoiy guruh tuzish va unga a‘zo bo‘lishda ayblanishadi.

Qirg‘izistonlik mas‘ullar esa, yaqinda o‘zlaridagi "Hizbut Tahrir" a‘zolarining soni 2.000 ga yaqinlashib qolganini aytib chiqqan, bu masala mamlakat parlamenti mudofaaa va xavfsizlik hay‘atining yig‘inida ham muhokama etilgandi.

Biroq mahalliy inson huquqlari faollari va dindorlarning o‘zlari bunday xavotirlarga asos yo‘qligi, ko‘p-da vaziyat mas‘ullar tomonidan bo‘rttirilib ko‘rsatilishini aytishadi.

O‘tgan oy esa, "Hizbut Tahrir" firqasi O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari terrorga qarshi kurash vaji bilan islomiy g‘oyani tarqatayotgan musulmonlarni ta‘qib etayotganini bayon qilib chiqqandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq