Belgiya: 22 reyd, 16 hibs

Image copyright Reuters

Ammo belgiyalik mas‘ullarga ko‘ra, shuncha sa‘y-harakatlariga qaramay, qonli Parij hujumlarida gumon qilingan shaxs – Salah Abdislomni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishmagan.

Bu haqda Belgiya federal prokuraturasi matbuot voizi bildirgan.

Uning aytishicha, politsiya kuchlari kecha yakshanba kuni Bryussel va Sharlerua bo‘ylab yigirmadan ortiq reyd uyushtirishgan.

Belgiya hanuz terror xavfidan yuqori hushyorlik holatida qolmoqda. Oliy o‘quv yurtlari, maktablar va metro tizimi bugun – dushanba kuni ham yopiq qoladi.

Belgiyadagi bu kabi holat qonli Parij hujumlaridan 10 kun o‘tib kuzatilmoqda.

Frantsiya poytaxtining bir nechta nuqtasida uyushtirilgan muvofiqlashtirilgan hujumlar 130 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘lgan, 350 nafarini yaralagandi.

Xabarlarga ko‘ra, Bryusselning Molenbik tumanidagi reyd chog‘ida politsiya kuchlari gumondorlarning mashinasiga qarata o‘t ochishga ham majbur bo‘lishgan.

Ulardan birini yaralab, keyinroq hibsga olishgan.

Ammo, mas‘ullarning matbuot anjumani chog‘ida bayon qilishlaricha, yakshanba kungi reydlar chog‘ida qurol-yarog‘ yoki portlovchi moddalar topilmagan.

Yana "Islomiy Davlat" mavzusi

Image copyright Getty

Dunyodagi eng qudratli va boyvachcha bu guruhga qarshi kurash masalasini muhokama etib olish uchun Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron Parijga yetib borgan.

Xabarlarga ko‘ra, Devid Kameron allaqachon Frantsiya Prezidenti Fransua Olland bilan kamida 89 kishi qurbon bo‘lgan Bataklan kontsert zaliga ham tashrif buyurishgan.

Xuddi shu manzarada frantsuz hukumatining ma‘lum qilishicha, qiruvchi uchoqlar tashuvchi Sharl de Goll naqliyot uchog‘i Yaqin Sharqda shay ahvolga kelgan va "Islomiy Davlat" guruhining Suriyadagi mavqe‘lariga zarba berishni boshlashlari mumkin.

Politsiya kuchlari Salah Abdislomning ortidan tushisharkan, butun Belgiya o‘tgan dam olish kunlari yopiq qolgan.

Mas‘ullar Belgiyada ham xuddi Parijda bo‘lgani kabi muvofiqlashtirilgan hujumlar uyushtirilishi mumkinligidan xavotirdalar.

BBC qo‘lga kiritgan yangi ma‘lumotlar esa, Parij hujumlariga aloqador, deb ko‘rilayotgan yana bir gumondorning M al-Mahmud nomi ostida Yunonistonga kirib borganiga dalolat qilmoqda.

Frantsiya politsiyasi bu shaxsning suratini yakshanba kuni e‘lon qilgan va topishda ko‘mak berishlarini so‘ragandi.

Belgiyadagi so‘nggi vaziyat

Image copyright AP

Eng so‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha, shu dam olish kunlarida Bryusselni qo‘riqlash uchun politsiya kuchlari bilan birga askarlar ham safarbar etilishgan.

Aksariyat jamoatchilik joylari huvillab qolgan. Mas‘ullar shahar aholisini odam zich joylardan uzoqroq turishga chaqirishgan.

Parijda o‘zini portlatib yuborgan Brahim Abdislom va Salah Abdislomning birodari bo‘lgan Muhammad Abdislom yakshanba kuni Belgiya televideniyesi orqali chiqib qilib, akasini mas‘ullarga taslim bo‘lishga undagan.

Shu paytgacha Belgiyada rasman uch kishiga Parij hujumlariga aloqadorlik gumoni bilan ayblov qo‘yilgan.

Agar, Frantsiya ommaviy-axborot vositalarining xabarlariga tayanilsa, Parijdagi qonli hujumlar to‘qqiz jangari tomonidan uyushtirilgan, ulardan yetti nafari o‘sha tunning o‘zida halok bo‘lgan.

Frantsiya tarixidagi misli ko‘rilmagani, deb baholangan hujumlarga mas‘uliyatni Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi o‘z zimmasiga olib chiqqandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq