Obidxon qoriga qarshi suiqasd: Shvetsiyada yangi mahkama

Image copyright none

Shvetsiyaning Ostershund shahar mahkamasida asli o‘zbekistonlik taniqli imom Obid qori Nazarov joniga qasd qilishda ayblanayotgan shaxs – 37 yoshli Yuriy Jukovskiy ustidan mahkama jarayoni boshlandi.

O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Yuriy Jukovskiy joriy yilning 25 avgustida Rossiyadan Shvetsiyaga ekstraditsiya qilingandi.

Obid qori Nazarov 2012 yilning fevral oyida Shvetsiya shimolidagi Stromsund shaharchasida o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilgan.

Buning ortidan hozir 57 yoshda bo‘lgan Obid qori Nazarov miyasidan og‘ir jarohat olgan, koma holatiga tushgan va hanuz kasalxonada ekani aytiladi.

Bugun dushanba kuni Ostershundda mahkamasi boshlangan Yuriy Jukovskiy esa, shved huquq-tartibot idoralari tomonidan ana shu suiqasd amalining bevosita ijrochisi sifatida gumon etilmoqda.

Mahkama jarayonida himoyachisi bilan birga otasi Obid qori Nazarovni namoyon etayotgan o‘g‘li Dovudxon Nazarovning Ostershunddagi mahkama binosidan BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, sud o‘ta kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida boshlangan.

Jarayon ochiq o‘tayotgan mahkama binosiga katta sondagi politsiya kuchlari jalb etilgan va ichkariga kirib-chiqayotgan har bir kishi ular tomonidan sinchiklab tekshirilmoqda.

Dovudxon Nazarovga ko‘ra, Ostershunddagi mahkama jarayoni katta qiziqishga sabab bo‘lgani bois, uni kuzatishga kelganlar uchun xonada joy kamlik ham qilgan.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Yuriy Jukovskiy ustidan mahkama jarayonining ilk kuni qoralov tomonining o‘z ixtiyorida bo‘lgan dalillarini taqdim etishi bilan boshlangan.

"O‘zbekiston, O‘zbekistondagi siyosat, tuzumning kayfiyati, xohish-istagi, musulmonlar va o‘zlari – otasi Obid qori Nazarov oilasiga o‘tkazilgan tazyiqlar hujjat-dalillar bilan keltirib o‘tilgan".

"Asosiy dalillar sifatida "Human Rights Watch"ga o‘xshash xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlarining yillik hisobotlari taqdim etilgan".

Dovudxon Nazarovga ko‘ra, tanaffusdan so‘ng suiqasd amalining asosiy ijrochisi sifatida gumon etilayotgan shaxs – Yuriy Jukovskiyning aybini isbotlovchi texnik dalillarni taqdim etish boshlanadi.

Image copyright none

"Bular: Uning Shvetsiyaga bir necha marta kelib ketganligi, qayerda bo‘lganligi, qanday kelib ketganligi va hokazo... Uning fotosuratlari, kameralarga tushib qolgan holatlari, uning harakatlari, Stromsunddagi bo‘lganiga oid dalillar", - deydi u.

Mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 10:00 da boshlangan mahkama jarayonining birinchi bosqichi ikki soat davom etgan va shundan so‘ng tushlik uchun tanaffus e‘lon qilingan.

Bugungi jarayonning yana ikki-uch soatcha davom etishi va asr paytiga borib yakunlanishi kutilmoqda.

2012 yilda ham Shvetsiyaning Ostersnud shahrida Obidxon qori Nazarovga qarshi suiqasd amaliga aloqadorlikda ayblangan o‘zbekistonlik er-xotin ustidan mahkama ishi bo‘lib o‘tgandi.

Ammo Shvetsiyaning har ikki (shu jumladan, appelyatsion mahkamasi)ham yakunida Bahodir Po‘latov va Nodira Aminovalarni oqlashga qaror qilgandi.

Dovudxon Nazarovning aytishicha, Yuriy Jukovskiyning mahkama ishi juma kuniga qadar davom etadi va o‘zlariga taqdim etilgan barcha dalillarni qayta ko‘rib chiqishlari qo‘shimcha vaqt talab qilgani bois, hakamlarning yakuniy hukmi yana bir necha kunga cho‘zilishi mumkin bo‘ladi.

Besh kunlik mahkama jarayonida ayblanuvchi, guvohlar, xususan Obid qori Nazarovning o‘g‘li ko‘rsatmalari tinglanishi kutilmoqda.

Obidxon Qori Nazarov joniga suiqasd urinishi yuzasidan olib borilayotgan so‘nggi tergov jarayoni yaqinda o‘z nihoyasiga yetgan va Shvetsiya prokuraturasi "Yuriy Jukovskiyga qarshi qat‘iy dalillari" borligini bildirgandi.

Gumondorga qarshi ayblovlar rasman shu yilning 15 noyabr kuni ilgari surilgandi.

37 yoshli Jukovskiy jinoyatga aloqasi borligini rad qilgan, biroq 2012 yilda, ya‘ni aynan jinoyat sodir etilgan vaqtda Obid qori yashagan Stromsund shahrida bo‘lganini tan olgan.

O‘zbekiston hukumati Shvetsiya prokuraturasining bu ishga sharh berish iltimosini bir necha bor rad etgan.

O‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qori Nazarov to‘qqiz yil muqaddam Shvetsiyadan boshpana olgan.

Orada muhojiratdagi o‘zbekistonlik faollar va muxolifat vakillari imomga qarshi suiqasd aybdorlarini topib, jazolash talabi bilan dunyoning qator davlatlarida bir necha bor norozilik namoyishlari ham uyushtirishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq