Ikki uyg‘ur Bangkok portlashida ayblanmoqda

Image copyright Reuters

Tailanddagi harbiy mahkama ikki uyg‘urga poytaxt Bangkokdagi buddoyi ehromini bomba bilan portlatishga aloqadorlik ayblovlarini qo‘ygan.

17 avgust tunida Bangkok markazidagi Eravan ehromi yonida ro‘y bergan portlash oqibatida 20 inson hayotdan ko‘z yumgan edi.

Tailand rasmiylariga ko‘ra, Adem Qoratog‘ nomi bilan tanilgan Bilol Muhammad va Yusuf Mirali portlashlardagi ishtiroklarini tan olganlar.

Ikki uyg‘urga 10 ta band bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.

Bu bandlar orasida qotillik bandi ham bor.

Image copyright AFP

Biroq ularga terrorizm ayblovi ilgari surilmagan.

Ayblanuvchilardan biri advokatining Reyter axborot agentligiga aytishicha, qo‘yilgan bandlar orasida qasddan odam o‘ldirish, qotillik ham bor.

"Prokurorlar ilgari surgan 10 ayblovni mahkama qabul qildi", deb aytgan advokat Schuchart Kanpay.

Mahkamaga prokurorlar taqdim etgan hujjatlarda ikki ayblanuvchining ham millati uyg‘ur ekani aytilgan.

Tailand matbuotida portlashni odam savdosi bilan shug‘ullanadigan jinoiy guruh amalga oshirgani haqida xabarlar tarqalgan.

Tergovchilarga ko‘ra, portlash politsiyaning ushbu jinoiy guruhga qarshi uyushtirgan maxsus amaliyotlari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Image copyright Reuters

Tergov ishida portlash tashkilotchilari ushbu amalga Tailand 100 uyg‘urni Xitoyga deportatsiya qilgani munosabati bilan qo‘l urgan bo‘lishlari mumkinligi aytilgan.

Tailanddan Turkiyaga yetib olishni maqsad qilgan uyg‘urlarni Xitoy qo‘liga topshirilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralandi.

Tailand hukumati jinoyatchilar siyosiy sabablar bilan ushbu qotillikka qo‘l urganini rad etganlar.

Matbuot ushbu portlashdan ko‘zlangan maqsad noma‘lum deb yozmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq