Moskvadagi turk elchixonasiga tosh va shishalar otildi

Moskvadagi Turkiya elchixonasi oldida bir necha yuz odam norozilik namoyishini o‘tkazib, binoga tosh, tuxum va buyoq solingan idishlarni otishgan. Bu haqida hodisa joyidan BBC muxbiri Oleg Boldyrev xabar bermoqda.

Namoyishchilar amallari oqibatida elchixona binosining derazalari sindirilgan.

Politsiya mazkur hujumga aralashmagan va hech kimni hibsga olmagan.

Hozirda namoyishchilar asta-sekin tarqalayotganlari aytiladi.

Turkiya elchixonasining matbuot attashesi Orhan Gazigilning BBCga aytishicha, namoyishchilar uloqtirgan shishalar derazalardan idora ichkarisiga tushgan va xodimlar dahlizda yurishdan qo‘rqib qolishgan.

Elchixona, shuningdek, bir necha xodim kichik jarohatlar olishganini bildirdi.

Seshanba kuni Moskva markazidagi 7-Rostov tor ko‘chasida joylashgan elchixonaga 600 nafarcha odam kelgan.

Ba’zi namoyishchilar "Orqadan berilgan zarba" va "Turkiyaga bormayman" deb yozilgan plakatlarni ko‘tarib olishgandi.

Namoyishlar Suriyaning "Hmeymim" harbiy bazasidan uchgan Rossiyaning Su-24 bombachi uchog‘i Turkiya qiruvchi uchoqlari tomonidan urib tushirilishidan keyin boshlangan.

"Bir uchuvchi tirik"

Rossiyaning Parijdagi elchisi Aleksandr Orlovning Europe-1 radiosiga aytishicha, Turkiya urib tushirgan Rossiya uchog‘idagi bir uchuvchini Suriya armiyasi qutqargan.

"U hozir Rossiya bazasiga etkazilgan" - degan janob Orlov.

Ammo Moskva hali bu xabarni tasdiqlaganicha yo‘q.

Oldinroq Rossiya mudofaa vazirligi ikkinchi uchuvchi va zobiti o‘ldirilganini, ammo bir uchuvchi bedarak ketganini aytgandi.

Image copyright epa

Turkiya bir necha marotaba bergan ogohlantirishlarimizni Rossiya uchuvchilari nazarga olmagani uchun urib tushirdik, deb aytmoqda.

Biroq bundan g‘azabga kelgan Moskva hali Turkiya uchun oqibatlari yomon bo‘lishidan ogohlantirib, Anqara orqadan pichoq urdi, deb dag‘dag‘a qilgandi.

Lekin Nato o‘z a’zosi bo‘lmish Turkiya yonida sobit turishini urg‘ulamoqda.

Ayni damda G‘arb hozir yuzaga kelgan Rossiya-Turkiya tangligi diplomatik yo‘lda hal etilishi kerakligini ta’kidlayotir.

Turkiyaga ko‘ra, Rossiya qiruvchi uchog‘i mamlakat havo hududini buzib kirgan.

Biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ta’kidlashicha, Su-24 qiruvchi uchog‘i Suriya havo hududi ustidan uchayotgan payti raketa orqali urib tushirilgan.

Qutqaruvchilar qutqarildi

Urib tushirilgan uchoqning ikki uchuvchisi o‘zlarini parashyutdan tashlashgach, Rossiya tarafi ularni qutqarish uchun ikkita Mi-8 rusumli tikucharlarni jo‘natgan.

"Amaliyot chog‘i tikucharlardan bittasiga kichik o‘tochar quroldan o‘qlar otilgan va tikucharga zarar etgan. So‘ngi ular betaraf hududga qo‘nishgan" - degan Rossiya Mudofaa vazirligi mulozimi Sergey Rudskoy.

Ayni amaliyot chog‘i bir oddiy zobit halok bo‘lgan, biroq qutqaruvchi guruhning boshqa a’zolari eson-omon Suriyadagi "Humayyum" havo bazasiga etib olishgan.

Ayni damda, Suriya isyonkorlari bu tikuchar qo‘nishi bilanoq uni aksiltank raketasi bilan portlatdik, deb bir necha suratlarni internetga qo‘yganlar.

Rossiyaga ko‘ra, endilikda Suriya ustidan bomba tashlayotgan Rossiya uchoqlari yonida hamrohlik qiluvchi qiruvchilar ham bo‘ladi.

Image copyright AFP

Rossiya-Turkiya

Rossiya va Turkiya tarixan bir necha urushlarni boshidan kechirgan va ular hech qachon geosiyosiy hamkor bo‘lmaganlar.

Biroq so‘nggi yillari energiya, sayyohlik va savdo-sotiq bobida bu ikki davlat aloqalari kuchayib kelayotgan edi.

Nato a’zosi bo‘lganidan beri o‘tgan yarim asrda Turkiya ilk bora Rossiya qiruvchi uchog‘ini urib tushirarkan, buning oqibati qanday bo‘ladi degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda.

Moskva allaqachon Anqarani oqibatlardan ogohlantirdi.

Prezident Putin esa hatto Turkiyani "terrorchilarning sherigi" deb ham atab chiqdi.

Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa chorshanba kuni Anqaraga rejalagan safarini bekor qildi.

Turkiya Rossiya uchog‘iga o‘n marta ogohlantirish bersak ham quloq solmadi, deyishadi.

Ruslar esa hech qanday ogohlantirish berilmagan, deb turib olishgan.

Rossiya va Turkiya o‘rtasida hali achchiq-tizziq gaplar o‘tib, munosabatlar bir qadar sovushi tabiiy.

Lekin Kreml o‘z dag‘dag‘asini amalga oshirib, qasos oladimi yo yo‘qmi - noma’lum.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio