Rossiya: "Bir uchuvchimiz tirik qolgan"

Image copyright
Image caption Turkiyaga ko‘ra, ular Rossiya uchog‘ini 10 marta ogohlantirishgan, lekin ruslar quloq solishmagan

Rossiyaning Parijdagi elchisi Aleksandr Orlovning Europe-1 radiosiga aytishicha, Turkiya urib tushirgan Rossiya uchog‘idagi bir uchuvchini Suriya armiyasi qutqargan.

"U hozir Rossiya bazasiga etkazilgan" - degan janob Orlov.

Ammo Moskva hali bu xabarni tasdiqlaganicha yo‘q.

Oldinroq Rossiya mudofaa vazirligi ikkinchi uchuvchi va zobiti o‘ldirilganini, ammo bir uchuvchi bedarak ketganini aytgandi.

Turkiya bir necha marotaba bergan ogohlantirishlarimizni Rossiya uchuvchilari nazarga olmagani uchun urib tushirdik, deb aytmoqda.

Biroq bundan g‘azabga kelgan Moskva hali Turkiya uchun oqibatlari yomon bo‘lishidan ogohlantirib, Anqara orqadan pichoq urdi, deb dag‘dag‘a qilgandi.

Lekin Nato o‘z a’zosi bo‘lmish Turkiya yonida sobit turishini urg‘ulamoqda.

Ayni damda G‘arb hozir yuzaga kelgan Rossiya-Turkiya tangligi diplomatik yo‘lda hal etilishi kerakligini ta’kidlayotir.

Turkiyaga ko‘ra, Rossiya qiruvchi uchog‘i mamlakat havo hududini buzib kirgan.

Biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ta’kidlashicha, Su-24 qiruvchi uchog‘i Suriya havo hududi ustidan uchayotgan payti raketa orqali urib tushirilgan.

Qutqaruvchilar qutqarildi

Urib tushirilgan uchoqning ikki uchuvchisi o‘zlarini parashyutdan tashlashgach, Rossiya tarafi ularni qutqarish uchun ikkita Mi-8 rusumli tikucharlarni jo‘natgan.

"Amaliyot chog‘i tikucharlardan bittasiga kichik o‘tochar quroldan o‘qlar otilgan va tikucharga zarar etgan. So‘ngi ular betaraf hududga qo‘nishgan" - degan Rossiya Mudofaa vazirligi mulozimi Sergey Rudskoy.

Ayni amaliyot chog‘i bir oddiy zobit halok bo‘lgan, biroq qutqaruvchi guruhning boshqa a’zolari eson-omon Suriyadagi "Humayyum" havo bazasiga etib olishgan.

Ayni damda, Suriya isyonkorlari bu tikuchar qo‘nishi bilanoq uni aksiltank raketasi bilan portlatdik, deb bir necha suratlarni internetga qo‘yganlar.

Rossiyaga ko‘ra, endilikda Suriya ustidan bomba tashlayotgan Rossiya uchoqlari yonida hamrohlik qiluvchi qiruvchilar ham bo‘ladi.

Rossiya-Turkiya

Rossiya va Turkiya tarixan bir necha urushlarni boshidan kechirgan va ular hech qachon geosiyosiy hamkor bo‘lmaganlar.

Biroq so‘nggi yillari energiya, sayyohlik va savdo-sotiq bobida bu ikki davlat aloqalari kuchayib kelayotgan edi.

Nato a’zosi bo‘lganidan beri o‘tgan yarim asrda Turkiya ilk bora Rossiya qiruvchi uchog‘ini urib tushirarkan, buning oqibati qanday bo‘ladi degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda.

Moskva allaqachon Anqarani oqibatlardan ogohlantirdi.

Prezident Putin esa hatto Turkiyani "terrorchilarning sherigi" deb ham atab chiqdi.

Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa chorshanba kuni Anqaraga rejalagan safarini bekor qildi.

Turkiya Rossiya uchog‘iga o‘n marta ogohlantirish bersak ham quloq solmadi, deyishadi.

Ruslar esa hech qanday ogohlantirish berilmagan, deb turib olishgan.

Rossiya va Turkiya o‘rtasida hali achchiq-tizziq gaplar o‘tib, munosabatlar bir qadar sovushi tabiiy.

Lekin Kreml o‘z dag‘dag‘asini amalga oshirib, qasos oladimi yo yo‘qmi - noma’lum.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq