Tojikistonda maqbul va nomaqbul ismlar ro‘yxati e‘lon qilinadimi?

Image caption Milliy qadriyat bayroqmi, ismmi va yo ilm?

Tojikiston parlamentining quyi palatasi "Fuqarolik holatini qayd etish davlat akti" qonuniga o‘zgartirishlar ustida ish boshlagan.

Bu o‘zgartirishlar asosan yangi tug‘ilgan tojikistonlik chaqaloqlarga ota-onalari tomonidan "milliy qadriyatlarga yot ismlarni berish"ning oldini olishga qaratilar ekan.

Bu haqda xabar bergan Tojikiston internet nashrlari, parlament so‘zchisi Muhammadato Sultonovning aytganlariga tayanishgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ota-onalarga o‘z farzandlarini tojik halqining milliy madaniyati me‘yorlariga mos nomlash tavsiya qilinadi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, ayni qonunga o‘zgartirishlarni tojikistonliklar orasida keng tarqalgan arab va turk aslli ismlardan voz kechishga urinish deb ta‘riflashmoqda.

AZIYa Plyus nashrining yozishicha, parlamentdagi manba, ayni o‘zgarishlar bo‘yicha munozaralar endi boshlangani bahonasi bilan boshqa tafsilotlarni oshkor etmagan.

"Parlamentning boshqa ishi yo‘qmi?"

Image copyright Getty
Image caption "Farzandlaringizni "Shohnama" qahramonlari bilan nomlang..."

BBC suhbatda bo‘lgan aksariyat tojikistonliklar parlamentning bu tashabbus bilan mavjud qonun ustida ishlashiga shunday savol bilan munosabat qilishgan.

"Farzandingizni Imomali deb nomlaysizmi, Mahmadsaidmi va yoki Teshavoymi bu millatning taraqqiyoti uchun farqi yo‘q. Bu farzand millatning haqiqiy o‘g‘li yoki qizi bo‘lib yetishishi uchun, hukumatdagilar, parlamentdagilar shunga yarasha ish qilishi, o‘rnak bo‘lishi kerak. Qayerga bormang poraxo‘rlikka duch kelsangiz, elektr energiyasini kech soat to‘qqizdan o‘chirib qo‘ysangiz, maktablar isitilmasa, kasalxonalarga kirib bo‘lmasa, millionlab ota-onalar ish topolmay Rossiyada yursa…kelajak avloddan nima kutasiz? Nomini amal-taqal qilib tojikcha qo‘ydirsangiz, olam guliston bo‘lmaydi", deb yozg‘iradi tojikistonlik keksa o‘qituvchilardan biri.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 2011 yilda ham ayni masalani ko‘targan edi.

O‘z chiqishlaridan birida, Tojikiston rahbari ota-onalarga ming yillik tarixga ega qadim "Shohnoma" kabi asarlardan farzandlariga ism izlashlari ma‘qulroq ekanini ham maslahat bergan edi.

"Aziz ota-onalar, agar siz "Shohnoma" yoki fors tilida bitilgan boshqa mumtoz asarlarni varaqlasangiz, farzandingizga mos, yaxshi va go‘zal ismlarni topasiz," deya uqtirgan edi janob Rahmon.

Emomali Rahmon bundan avval mamlakat ziyolilarini tarixiy joy va yodgorliklarning ham imkon qadar forscha va qadim nomlarini qayta tiklashga chorlagandi.

Tojikistondagi bir necha joy va tumanlar nomi uning ko‘rsatmasi bilan "tojikchalashtirilgan" edi.

Emomali Rahmon o‘z ismidagi "ov" qo‘shimchasidan ham voz kechgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq