Markaziy Osiyo: Suv va energiya boshog‘rig‘i

Image copyright AFP
Image caption Muzliklar xavf ostida

Parijdagi iqlim o‘zgarishi bo‘yicha oliymaqom uchrashuvlarda qatnashgan Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari mintaqadagi muzliklarni "misli ko‘rilmagan shiddat bilan erib borayotganidan" tashvish bildirishgan.

Qirg‘iziston prezidenti Atambayevga ko‘ra, yana o‘n yildan keyin mamlakatdagi mavjud muzliklar 40 foizga qadar erib bitishi mumkin.

Muzliklar mintaqadagi ichimlik suvining asosi ekani nazarda tutilsa, bu jiddiy xavotirga asos bo‘ladigan raqamdir.

Qirg‘iziston prezidentininga aytishicha, asr oxiriga kelib mamlakatdagi barcha muzliklar erib bitishi va xaritadan yo‘qolishi mumkin.

Iqlim o‘zgarishiga doir BMT yig‘inida so‘z olgan Tojikiston prezidenti ham ayni masalaga batafsil to‘xtalgan.

Hududining to‘qson foizdan ortiqrog‘i tog‘u toshlardan iborat Tojikiston hissasiga mutaxassislarga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi suv zahiralarining asosi bo‘lgan muzliklarning yarmidan ko‘prog‘i to‘g‘ri keladi.

"Emagan somsaga pul to‘lash"

Image copyright
Image caption Tojikiston va Qirg‘izistonda bunaqasi yo‘q

Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Tojikiston va Qirg‘izistonning issiqxona gazlari chiqarishdagi hissalari dunyoning boshqa davlatlari, ayniqsa sanoati rivojlangan mamlakatlariga nisbatan o‘ta ozdir.

Shunga qaramay, iqlim o‘zgarishi mintaqaga allaqachon ta‘sirini o‘tkazishni boshlagan.

Parijdagi yig‘inda nutq so‘zlagan har ikki rahbar ham o‘z davlatlari, ta‘bir joiz bo‘lsa,"emagan somsaga pul to‘lash" ga majbur bo‘layotganlarini aytishgan.

Emomali Rahmonga ko‘ra, birgina suv bilan bog‘liq tabiiy ofatlar tufayli mamlakat iqtisodi shu yil yozda yuz millionlab zarar ko‘rgan. Toshqinlar oqibatida aholi orasida qurbonlar bo‘lgan, aksariyat boshpana va chorvalaridan ajralishgan.

Qirg‘izistonlik iqlimshunos olima Dinara Kutmanovaga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi muzliklar haqiqatda ham jiddiy xavf ostidadir.

"Global iqlim ilishi texnogen ta‘sirlar, issiqxona effektini hosil qiladigan gazlar tabiiyki muzliklar erishiga hissa qo‘shmoqda. Turfa taxminlar o‘rtaga otilmoqda muzliklarning kelajagi haqida...Ammo eng avvalida iqlim o‘zgarishiga hissa qo‘shadigan omillar bartaraf etilmas ekan, vaziyat o‘zgarishiga umid yo‘q", deydi qirg‘izistonlik olima.

Muzliklar erishi va elektr energiyasiga talab

Image caption Qambarota va Rog‘un inshootlari qurilsa nima bo‘ladi?

Markaziy Osiyo aholisining yil sayin o‘sib borayotgani ichimlik suvi va energiyaga talabni ham kuchaytirmoqda.

Tojikiston va Qirg‘iziston rahbariyati ayni paytda gidroelektr inshootlarini o‘z mamlakati farovonligi, ammo ayrim mutaxassislarga ko‘ra, iqtisodiy mushkulliklarga barham berish garovi sifatida ko‘rmoqda.

Prezident Emomali Rahmonning aytishicha, gidroelektr inshootlarni qurish tabiiy ofatlar, xususan toshqinlarning oldini oladi.

"...shundan kelib chiqib ham, bizning mamlakatimiz gidroelektr energiya sanoatini rivojlantirishni ustivor masala deb biladi", deb aytgan u.

Mintaqaning aholisi jihatidan eng yirik davlati O‘zbekiston esa bu kabi inshootlar qurilishiga qarshi ekanini urg‘ulab keladi.

Iqlimshunos olima Dinora Kutmanovaning aytishicha, muzliklarning erishi bu kabi mintaqaviy muammolarni yana ham urchitib yuborishi mumkin.

"O‘zi bizda oila darajasida ham, davlat va yo mintaqa miqyosida ham suvdan oqilona, tejamkorona foydalanish madaniyati yo‘q. Endi muzliklar erishi muammoni yana ham chigallashtiradi. Ichimlik suvi taqchillashib boradi. Bu esa suvga nisbatan mintaqa davlatlarining siyosati o‘zgarishini taqozo qiladi", deydi u.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype – bbcuzbekradio