Rossiya: "Erdo‘g‘an ID neftini sotib oladi"

Image copyright AFP
Image caption Rossiya Mudofaa vazirligida Turkiyaga bag‘ishlangan brifing

Rossiya Mudofaa vazirligi Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an oilasini "Islomiy davlat" deb atalmish jangari guruh bilan neft savdosiga bevosita aloqador deb ayblagan.

Mudofaa vazirining o‘rinbosari Anatoliy Antonovga ko‘ra, Turkiya Suriya va Iroqdan "o‘g‘irlangan" neftning eng yirik xaridoridir.

Avvalroq, Erdo‘g‘an agar bu kabi da‘volar isbotini topsa, o‘z lavozimidan iste‘fo berishini aytgandi.

Turkiya tomonidan Rossiyaning qiruvchi uchog‘i Suriyada urib tushirilgani ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni keskin yomonlashtirdi.

"Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, mamlakatning eng yuqori siyosiy arboblari, prezident Erdo‘g‘an va uning oilasi jinoiy biznesga aralashgan", deb aytgan Antonov.

Mudofaa vazirligi ID nazorati ostida bo‘lgan hududlardan neft ortilgan mashinalar Turkiya hududiga qarab harakatlangani tushirilgan suratlarni taqdim qilgan.

Bu suratlar go‘yo sun‘iy yo‘ldoshdan olingan.

Rossiya mulozimiga ko‘ra, bu "isbotu dalillarning bir qismi, xolos".

Avvalroq, Turkiya prezidenti mamlakatining "Islomiy Davlat" guruhi jangarilaridan neft sotib olayotgani haqidagi da‘volarni rad etar ekan,"biz terrorchilardan neft sotib olish darajasida benomus emasmiz. Agar, bizning shunday qilganimizni isbotlab berishsa, men kursimdan ketishga tayyorman. Qo‘llarida qandaydir isbot-dalillari bo‘lsa, marhamat, taqdim etishsin, biz ham ko‘raylik", - deb aytgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq