Erdo‘g‘an: "Iste‘foga ketishga tayyorman, faqat..."

Image copyright AFP

"Turkiyaning "Islomiy Davlat" guruhi jangarilaridan neft sotib olayotgani tasdiqlansa...".

Turkiya prezidentining bu so‘zlari rossiyalik hamkasbining xuddi shunday mazmundagi bayonotiga javoban yangragan.

"Agar, bu da‘volar o‘z tasdig‘ini topsa, milliy g‘ururimiz mening xuddi shunday ish tutishimni taqozo etadi", - deb aytgan Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbarining so‘zlari global iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlab, Frantsiya poytaxti Parijda bo‘lib o‘tayotgan yirik sammit tegrasida yangragan.

"Biz terrorchilardan neft sotib olish darajasida benomus emasmiz. Agar, bizning shunday qilganimizni isbotlab berishsa, men kursimdan ketishga tayyorman. Qo‘llarida qandaydir isbot-dalillari bo‘lsa, marhamat, taqdim etishsin, biz ham ko‘raylik", - deb aytgan prezident Erdo‘g‘an.

Kecha dushanba kuni Rossiya Prezidenti Vladimr Putin xuddi shunday bayonot bilan chiqqandi.

Vladimir Putinga ko‘ra, Turkiya "Islomiy Davlat" guruhi nazorati ostidagi hududlardan o‘tuvchi noqonuniy neft kontrabandasi kanallarining xavfsizligini ta‘minlash uchun ham o‘zlarining Su-24 qiruvchi uchoqlarini urib tushirishga qaror qilgan.

"Islomiy Davlat" guruhining o‘zi esa, yaqinda Rossiyada "diniy-ekstremistik va terrorchi tashkilot", - deb topilgan.

Dunyodagi eng qudratli va boyvachcha guruhning faoliyati ham butun Rossiya bo‘ylab rasman taqiqlangan.

"Biz "Islomiy Davlat" va terrorchi tashkilotlar qo‘l ostidagi konlardan qazib chiqarilayotgan neftning ishlab chiqarish ko‘lamida Turkiyaga yetib borayotganini isbotlashi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha hujjatlarni qo‘lga kiritdik", - deb da‘vo qilgandi Rossiya rahbari.

Rasmiy Moskva bundan avval ham Turkiyani jangarilardan neft sotib olishda ayblagan.

Ammo Turkiya izchil ravishda Rossiyaning ushbu iddaolarini rad etib kelgan.

Tarixcha o‘rnida

Image copyright AP

Turkiya Rossiyaning Su-24 rusumidagi qiruvchi uchog‘ini o‘tgan hafta Suriya bilan chegarasida urib tushirgandi.

Hodisada uchoqning ikki uchuvchisidan biri qurbon bo‘lgan, parashyutda pastga sakragan ikkovlonni qutqarish amaliyoti jarayonida yana bir rossiyalik dengiz desantchisi ham halok bo‘lgandi.

Qurbon bo‘lgan uchuvchining jasadi esa, yakshanba kuni Rossiyaga yetkazilgandi.

Ayni shu hodisa ortidan bor-yo‘g‘i sanoqli kunlar ichida bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarga jiddiy darz yetgan.

Shanba kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiyaga qator sanktsiyalar kiritishga ahd qilgan va bu xususdagi farmoyishga imzo chekkandi.

Rossiya rahbariyatining bu qarori ortidan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Su-24 qiruvchi uchog‘i bilan yuz bergan hodisadan qayg‘uda ekanini aytgandi.

Kecha dushanba kuni esa, rasmiy Moskva o‘zining ilk jazo choralarini e‘lon qilgan, Turkiyadan kelayotgan meva va sabzavotlarga taqiq qo‘ygandi.

Bu paytda Parijda bo‘lgan prezident Erdo‘g‘an mamlakati Rossiyaning sanktsiyalariga "sabr-toqat va sovuqqonlik" bilan javob qaytarishini bayon qilgandi.

Parij sammiti bu ikki davlat rahbarining uchrashib, galashib olishlariga yaxshi zamina yaratgan esa-da, Rossiya hukumatining o‘zining bunday rejasi yo‘qligini ma‘lum qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq